Asosiy materiallarga o‘tish

COVID-19 pandemiyasidan oldin olingan bu rasmda, qulog‘i eshitmaydigan va ko‘zi ko‘rmaydigan suvga cho‘mmagan va’zgo‘y Sintia (chapda) imo-ishoralarni qo‘llari bilan paypaslab jamoatidagi imondoshimiz bilan gaplashyapti

2020-YIL 12-MAY
FILIPPIN

Pandemiya paytida qulog‘i eshitmaydigan va ko‘zi ko‘rmaydigan imondoshimiz yolg‘iz emas

Pandemiya paytida qulog‘i eshitmaydigan va ko‘zi ko‘rmaydigan imondoshimiz yolg‘iz emas

64 yoshli Sintia Pablo Filippindagi Panxulo imo-ishora tilidagi jamoatda suvga cho‘mmagan va’zgo‘y bo‘lib xizmat qiladi. U eshitmaydi va ko‘rmaydi, yetarlicha ta’minlanmagan. Sintia Yahovaning Shohidi bo‘lmagan qarindoshlari bilan Valensuela shahrining chekkasida yashaydi. Hatto vaziyati og‘ir va pandemiya hayotini murakkabroq qilgan bo‘lsa ham, birodar-u opa-singillarimiz unga rosa g‘amxo‘rlik qilishyapti.

Valter motosiklda Sintiaga toza kiyim-kechak va kerakli narsalarni olib keladi

Yoshi tufayli Sintia COVID-19 ga osonlikcha chalinishi ehtimoli bor. Pandemiya dastidan u yashaydigan joyda suv yetishmovchiligi boshlangani uchun, kir yuvish qo‘shimcha qiyinchilik tug‘dirdi. Pandemiyadan oldin jamoatidagi opa-singillar bu yumushda unga yordam berishardi. Lekin hozirgi cheklovlar dastidan bu ilojsiz.

Uning jamoatidagi Valter Ilumin ismli oqsoqol Sintiaga g‘amxo‘rlik qilish uchun mahalliy hukumat tomonidan uyidan chiqish ruxsatini oldi. Bunday ruxsat faqat zaruriy yordam ko‘rsatadigan insonlarga beriladi. Sintianing kiyimlarini yuvib berishdan tashqari, Valter unga oziq-ovqat va boshqa kerakli narsalarni olib keladi. U hukumat o‘rnatgan barcha qoidalar-u cheklovlarga amal qiladi. Masalan, yuziga niqob tutadi, alohida kiyim kiyadi va qo‘lini tez-tez yuvib turadi.

Imondoshlarimizga minnatdorchilik bildirib, Sintia ular uchun qisqa video tayyorlaydi. So‘ng Valter uni jamoatdagilarga qo‘yib beradi.

Pandemiyadan avval Sintia va’z qilgani ko‘rsatilgan rasm

Bu birodarimiz shuningdek, videokonferensiya orqali o‘tkazilayotgan uchrashuvlarimizni tarjima qilib beradi. Sintia uning imo-ishoralarini qo‘llari bilan paypaslab tushunadi. Birodarimizning ko‘magi bilan u «Qo‘riqchi minorasi» tadqiqida doim sharhlar bera olyapti. Bunday mushkul paytdagi uning sharhlari jamoatdagilarning bariga dalda bermoqda.

Aminmizki, «o‘sha kunning yaqinlashib qolganini ko‘rib» bir-biriga tasalli va amaliy yordam berayotgan xizmatchilarini ko‘rayotgan Tangri Yahova bundan juda mamnun. (Ibroniylarga 10:24, 25)