Asosiy materiallarga o‘tish

Meksika va Markaziy Amerikada tarjima qilish ishi

Meksika va Markaziy Amerikada tarjima qilish ishi

Meksika va Markaziy Amerikadagi beshta mamlakatda yashaydigan deyarli 290 tarjimon Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlarni 60 dan ziyod tillarga o‘girishadi. Nega ular bu borada harakat qilishyapti? Sababi, odamlar Muqaddas Kitob asosidagi adabiyotlarni o‘z tilida olishganda, ularni osonlikcha tushunishadi. Bu esa, ularning qalbiga ko‘proq ta’sir qiladi (1 Korinfliklarga 14:9).

Tarjima sifatini oshirish niyatida, Yahova Shohidlarining Mexikodagi filialida xizmat qilgan ayrim tarjimonlar ularning ona tilida gapiradigan hududlardagi ofislarga ko‘chirilishgan. Bu qanday foyda keltirgan? Tarjimonlar ona tili sohiblari bilan ko‘proq muloqot qilishgani uchun, ma’nosini darrov ilg‘ab olish mumkin bo‘lgan adabiyotlarni chiqarishga ancha osonroq bo‘lgan.

Qiziq, tarjimonlarning o‘zlari nimani his qilishyapti? Gerrer nauatl tiliga tarjima qiladigan Federiko shunday deb aytdi: «Mexikoda o‘n yilcha yashagan bo‘lsam, ona tilimda gapiradigan faqatgina bitta oilani topdim. Ammo hozir, tarjimonlar ofisining yonidagi shaharlarda, deyarli har bir kishi bu tilda gapiradi!»

Meksikadagi Chiuaua shtatidagi ofisda quyi nemis tiliga tarjima qiladigan Karin quyidagicha bo‘lishdi: «Mennonitlar orasida yashash, ular so‘zlashadigan zamonaviy tiliga moslashishimga ko‘maklashadi. Biz kichik shaharda yashab, mehnat qilamiz va derazadan qaraganda, bu yerda bajarayotgan ishimiz foyda keltirayotgan odamlarni ko‘raman».

Neifi Meksikadagi Merida shahridagi tarjimonlar ofisida istiqomat qiladi. U shunday dedi: «Mayya tilida Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazayotganimizda, bu til egalari qaysi iboralarni tushunishga qiynalayotganini ko‘ra olamiz. Shuning uchun, tarjima paytida ushbu iboralarni ancha tabiiy qilib yetkazishga intilamiz».

O‘girilgan ma’lumotni olgan odamlar qanday foyda ko‘rishyapti? Mana bir misol. Taxminan 40-yil davomida ona tili tlapanek bo‘lgan Yelena Yahova Shohidlarining jamoatlariga doim keladi. Ammo avvallari uchrashuvlarda u hech narsani tushunmasdi, sababi ular ispan tilida o‘tkazilardi. U shunday deb aytdi: «Uchrashuvlarda bo‘lishni xohlardim, xolos». Biroq Yelena Muqaddas Kitobni tlapanek tilidagi risolalar yordamida tadqiq qila boshlaganidan so‘ng, Xudoga bo‘lgan sevgisi oshdi va o‘zini Unga bag‘ishlab, buning ramzi sifatida 2013-yili suvga cho‘mdi. Yelena: «Muqaddas Kitobni tushunganim uchun Yahovaga mingdan-ming rahmatlar!» — dedi.