Asosiy materiallarga o‘tish

IMONLARIGA ERGASHINGLAR | YO‘NATAN

«[Yahovaga] hech narsa to‘sqinlik qila olmaydi»

«[Yahovaga] hech narsa to‘sqinlik qila olmaydi»

Qurg‘oq, serqoya joyda soqchilar bo‘linmasi turganini ko‘z o‘ngingizga keltiring. Filistimlik askarlar hamisha bir xil manzarani kuzatib turardi, lekin hozir o‘zgacha bir voqea yuz beradi. Ikkita kishi dovonda turibdi. Bu isroilliklardir. Filistimlik askarlar uchun bu kulgili tuyulyapti, chunki o‘sha ikki kishi ulardan qo‘rqmayotganga o‘xshaydi. Gap shundaki, filistimliklar ancha vaqt isroilliklarga jabr-zulm o‘tqazishardi. Ular hatto omochning tishlarini, bolta-yu o‘roqlarini filistimliklarning ko‘magisiz o‘tkirlay olishmasdi. Isroillik bu kishilarning qurol-aslahalari juda kam edi. Buning ustiga, ular ikki kishi edi, xolos. Filistimlik askarlar mazax qilib: «Qani, bu yoqqa kelinglar-chi, bir ta’ziringizni berib qo‘yaylik!» — deyishdi. (1 Shohlar 13:19–23; 14:11, 12)

Hali kim kimning ta’zirini beradi?! O‘sha ikkita isroillik kishiga askarlar yoniga borish uchun qoyaga chiqishiga to‘g‘ri keladi. Bu shu qadar tik ko‘tarilgan qiyalik bo‘lganki, ular unga qo‘l-oyoqlari bilan tirmashib, tepaga chiqishardi. (1 Shohlar 14:13) Endi, filistimliklar qurollangan kishini va uning qurolbardorini yaqinroq ko‘ra oldi. Qiziq, qurollangan bu kishi butun harbiy kuchlarga qarshi jang qila oladimi? U aqldan ozdimi?

Yo‘q, u aqldan ozmagan, u kuchli imonga ega. Bu kishining ismi Yo‘natan. Bugungi kunda Xudoning xizmatchilari u haqidagi hikoyadan anchagina narsani bilib olishmoqda. Garchi biz tom ma’nodagi janglarda ishtirok etmayotgan bo‘lsak-da, imonimizni mustahkamlash maqsadida jasoratli, sadoqatli va fidoyi bo‘lishda Yo‘natandan saboq olishimiz mumkin. (Ishayo 2:4; Matto 26:51, 52)

Sadoqatli o‘g‘il va jasur askar

Yo‘natan soqchilar bo‘linmasiga borganining sababini tushunish uchun, uning o‘tmishiga nazar solishimiz lozim. U Isroilning ilk shohi Shoulning to‘ng‘ich o‘g‘li edi. Shoul shoh etib tayinlanganda, Yo‘natan 20 yoshda yoki sal kattaroq bo‘lgandir. U otasi bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lganga o‘xshaydi. Otasi unga ishonardi. O‘sha paytda Yo‘natan otasini nafaqat bo‘yi baland, kelishgan va dovyurak jangchi sifatida, balki eng muhimrog‘i, uni xudotars va kamtar deb bilardi. U nega Yahova otasini shoh sifatida tanlaganini tushunardi. Hatto Shomuil payg‘ambar ham butun xalq ichida Shoulga o‘xshashi yo‘q deb aytgan edi. (1 Shohlar 9:1, 2, 21; 10:20–24; 20:2)

Yo‘natan otasining boshchiligida Yahova xalqining dushmanlariga qarshi jang qilishni katta sharaf deb bilgandir. O‘sha janglar bugungi zamondagi millatlar aro bo‘layotgan janglardan farq qilardi. O‘shanda Yahova vakili sifatida Isroil xalqini tanlagan edi. Soxta xudolarga sajda qiladigan xalqlar doim Isroil xalqiga hujum qilardi. Filistimliklar shunday xudolarning biri bo‘lmish Do‘g‘onga sajda qilardi va Yahova tanlagan xalqqa tez-tez qarshi chiqib, ularni hatto yo‘q qilmoqchi edi.

Shu bois, Yo‘natan jang qilishni Tangri Yahovaga sadoqat ila xizmat qilish deb bilardi. Yahova esa uning harakatlariga baraka berardi. Shoul shoh bo‘lganidan ko‘p o‘tmay, 1000ta askarni Yo‘natanning boshchiligiga topshirib, G‘iboda joylashgan filistimliklarning harbiy kuchlarini tor-mor qilish uchun tayinlaydi. Odamlari yaxshi qurollanmagan bo‘lsa-da, Yo‘natan Yahovaning yordami bilan jangda g‘alaba qozondi. Javoban esa filistimliklar kuchli qo‘shinni to‘pladi. Shunda, Shoulning anchagina askarlari sarosimaga tushdi. Ba’zilari qochib ketdi, yashirinib oldi, ayrimlari esa filistimliklar tomoniga o‘tib ketdi. Ammo Yo‘natanning jasorati so‘nmadi. (1 Shohlar 13:2–7; 14:21)

Yuqorida tilga olingan voqeaga ham yetib keldik. Yo‘natan hech kimga sezdirmay, faqat qurolbardori bilan birga yo‘lga chiqadi. Ular filistimliklarning Mixmashdagi bo‘linmasiga yetib kelishganda, Yo‘natan rejasini qurolbardoriga oshkor etadi. Ular filistimlik askarlarining oldiga ochiqchasiga borishini aytadi. Agar ular bu ikkita kishiga qarshi chiqishsa, Yahova O‘z xizmatchilariga yordam berishining belgisi bo‘lardi. Qurolbardori ehtimol Yo‘natanning quyidagi ta’sirli so‘zlarini eshitib tayyorlik ila rozilik bildiradi: «Yahova ozchilik bilan ham, ko‘pchilik bilan ham qutqaraveradi. Unga hech narsa to‘sqinlik qila olmaydi». (1 Shohlar 14:6–10) U nimani nazarda tutgan?

Yo‘natan Allohni yaxshi bilganga o‘xshaydi. Shubhasizki, o‘tmishda Yahova O‘z xalqiga ko‘maklashib, ularga qaraganda ancha ko‘proq bo‘lgan dushmanlaridan himoya qilganini u bilgan. Gohida Xudo hatto bitta kishidan foydalanib xalqini g‘alabaga erishtirgan. (Hakamlar 3:31; 4:1–23; 16:23–30) Shuning uchun, Yo‘natan shunga amin bo‘lganki, bu safar ham Xudoning xizmatchilari soni, kuchi va qurol-aslahalari yordami bilan emas, balki imoni tufayli zafar qozona oladi. Imonga ega bo‘lgan Yo‘natan, u va qurolbardori soqchilar bo‘linmasiga qarshi jang boshlash vaqtini Yahova belgilashiga yo‘l qo‘ygan; u Yahova ma’qul deb topgan belgi berishini kutgan. Uni olgach esa, Yo‘natan qo‘rqmay harakatga tushgan.

Yo‘natanning imonidan ikkita narsani bilib olishimiz mumkin. Birinchidan, u Xudovand Yahova oldida chuqur ehtirom hissiga ega edi. U shuni bilardiki, Qodir Alloh O‘z niyatlarini bajarish uchun odam kuchiga muhtoj emas. Qolaversa, u Xudo sodiq xizmatchilariga baraka berishni yoqtirishini yaxshi bilardi. (2 Solnomalar 16:9) Ikkinchidan, Yo‘natan biron nima qilishidan avval Yahova buni ma’qullayotganiga ishonch hosil qilgan. Bugungi kunda biron ishimizni Xudo ma’qullayotganini aniqlash uchun qandaydir mo‘jizaviy belgi berishini kutmaymiz. Xudo tomonidan ilhomlantirilgan Muqaddas Yozuvlarning hammasiga egamiz. Ha, Allohning irodasini aniqlash uchun kerakli bo‘lgan barcha narsamiz bor. (2 Timo‘tiyga 3:16, 17) Xo‘sh, jiddiy qarorlar chiqarishdan avval Muqaddas Kitobni puxta tadqiq qilamizmi? Unday bo‘lsa, Yo‘natan kabi Xudoning irodasini bajarish biz uchun o‘z xohishlarimizdan ko‘ra muhimroq ekanini ko‘rsatamiz.

Xullas, ikki kishi, ya’ni jangchi va qurolbardori soqchilar bo‘linmasiga yetib borish uchun tik ko‘tarilgan qiyalikka tezda chiqishyapti. Shunda filistimliklar ular hujum qilish maqsadida yaqinlashayotganini anglab, jang boshlash uchun odamlarini chaqirtiradi. Filistimliklar nafaqat son jihatdan ko‘proq edi, balki qoya tepasida ham bo‘lishgani uchun o‘sha ikkita kishini osonlikcha o‘ldira olishardi. Biroq Yo‘natan filistimlik askarlarga hujum boshladi, orqasidan esa qurolbardori ularni bittama-bitta o‘ldirardi. Qisqa masofa ichida, bu ikki kishi 20ta dushman askarni o‘ldirdi. Keyin esa Yahova harakatga tushdi. Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Daladagi qarorgohda bo‘lganlarni hamda soqchilar bo‘linmasidagi hamma odamlarni qo‘rquv bosdi. Hatto hujum uyushtirib yurgan kishilar ham qo‘rqib qolishdi. Yer qimirlay boshladi. Bularning bari Xudodan edi». (1 Shohlar 14:15)

Yo‘natan va qurolbardori soqchilar bo‘linmasidagi qurollangan dushmanlariga qarshi hujum qilishmoqchi

Shoul va uning odamlari uzoqdan turib, filistimliklar qarorgohini vahima bosganini hamda to‘s-to‘polon bo‘layotganini, askarlar bir-birini qilichdan o‘tkazayotganini kuzatishayotgan edi. (1 Shohlar 14:16, 20) Jasoratga to‘lgan isroilliklar esa, ehtimol, o‘lgan filistimliklarning qurollarini olib hujumga o‘tishdi. O‘sha kuni Yahova ularga ulkan g‘alaba berdi. O‘sha hayajonli zamonlardan beri Yahova hech ham o‘zgarmadi. Biz ham Yo‘natan va ismi noma’lum qurolbardori kabi Yahovaga ishonsak, qilgan qarorimizdan sira afsuslanmaymiz. (Malaki 3:6; Rimliklarga 10:11)

«Tangri unga yordam berdi»

Yo‘natandan farqli o‘laroq, Shoul uchun bu g‘alaba ijobiy yakun topmadi. U bir nechta jiddiy xatoga yo‘l qo‘ygan. Shoul Yahova tayinlagan va levi bo‘lgan Shomuil payg‘ambarga bo‘ysunmaydi va uning o‘rniga qurbonlik keltirdi. Shomuil kelganda esa, Shoul bu itoatsizligi dastidan shohlikdan ayrilishini aytadi. So‘ng u odamlarini jangga yuborayotganda, ularga o‘ylamay mana shu qasamni ichtiradi: «Dushmanlarimdan o‘ch olib bo‘lmasimdan, kech kirguncha tuz totgan odam la’nati bo‘lsin!» (1 Shohlar 13:10–14; 14:24)

Uning so‘zlaridan u yomon tarafga o‘zgarayotganini sezish mumkin. Nahotki, qachonlardir kamtar va ma’nan yetuk bo‘lgan odam shu qadar takabbur xudbin kishiga aylansa?! Darhaqiqat, o‘sha jasur va zo‘r berib jang qilgan askarlarga Yahova hech qachon puxta o‘ylanmagan cheklov bermagan bo‘lardi. Shoulning so‘zlarini, ya’ni «dushmanlarimdan o‘ch olib bo‘lmasimdan» degan gapini oladigan bo‘lsak, bu uning jangi deb aytmoqchi bo‘lgan. U Yahovaning adolati uchun jang qilish kerakligini unutib, o‘zi o‘ch olishni, sharafga ega bo‘lishni yoki g‘alaba qozonishni istaganmikan?

Yo‘natan otasi o‘ylamay askarlarga qasam ichtirganidan bexabar edi. Shiddatli jangda sillasi qurigan Yo‘natan tayoqning uchini asalari uyasiga suqadi va oz-moz asaldan yeydi; u shu zahotiyoq kuchga to‘ladi. Keyin odamlardan biri otasining qasami haqida unga aytib beradi. Yo‘natan esa javoban quyidagicha deydi: «Otam xalqni qattiq qiynab qo‘yibdilar. Qaranglar, men oz-moz asaldan yeb, kuchga to‘ldim. Odamlar bugun dushmanlardan qo‘lga kiritgan o‘ljadan yeb olganda, yanada kattaroq g‘alabaga erishmasmidik?! Shu sababli, filistimliklarni to‘liq qirib tashlay olmadik». (1 Shohlar 14:25–30) U haq edi. Yo‘natan sadoqatli o‘g‘il edi, lekin bu sadoqat ko‘r-ko‘rona bo‘lmagan. U otasi qilgan yoki aytgan barchasiga o‘ylamay-netmay rozi bo‘lib ketavermagan. Boshqalar uni bu uchun hurmat qilardi.

Shoul o‘g‘li asaldan yeganini bilganda ham, uning buyrug‘i qanchalar nodonlik bo‘lganini tan olishni rad etgan. Ustiga-ustak, o‘z o‘g‘lini o‘limga loyiq deb hisoblagan. Yo‘natan otasi bilan bahslashmadi va rahm ko‘rsatilishini yalinib-yolvormadi. U qanday javob berganiga e’tibor qarating. Yo‘natan qo‘rqmay: «Men o‘lishga tayyorman»,— dedi. Lekin isroilliklar shunday deb aytishdi: «Isroilga bunday buyuk g‘alaba keltirgan Yo‘natan o‘lishi kerakmi? Bunga aql bovar qilmaydi! Barhayot Xudo Yahova haqqi qasam ichib aytamizki, boshidagi sochining bir tolasi ham yerga tushmaydi. Chunki u bugun nimaiki qilgan bo‘lsa, Tangri unga yordam berdi». Bu voqea qanday yakun topdi? Shoul fikr yuritib ko‘rdi. Muqaddas Kitobda: «Shu tariqa, xalq Yo‘natanni qutqarib qoldi va u o‘ldirilmadi»,— deb yozilgan. (1 Shohlar 14:43–45)

«Men o‘lishga tayyorman»

Yo‘natan jasoratli bo‘lish, zo‘r berib xizmat qilish va fidoyilik ko‘rsatish orqali yaxshi nom orttirdi. Hayoti xavf ostida bo‘lganda, u obro‘si tufayli omon qoldi. Biz ham kundan-kunga orttirayotgan obro‘yimiz haqida o‘ylab ko‘rsak yaxshi bo‘lardi. Xudoning Kalomida yaxshi nomning qadr-qimmati juda baland ekani to‘g‘risida yozilgan. (Voiz 7:1) Agar Yo‘natan kabi biz ham Yahovaning oldida yaxshi nom orttirishga intilsak, obro‘yimiz juda qimmatbaho bo‘ladi.

Zulmat qa’riga kirib borish

Yo‘natan otasining xatolariga qaramay, yillar mobaynida uning tarafida bo‘lib, sadoqat ila kurashgan. Bir tasavvur qiling, otasi tobora itoatsiz va takabbur bo‘lib ketayotganini ko‘rish unga qanchalar og‘ir botgandir-a! Otasi zulmat qa’riga kirib borardi, Yo‘natan esa bu vaziyatni o‘zgartira olmasdi.

Yahova Shoulga Omolek xalqiga qarshi jang qilishni topshirganda, muammo yanada chigallashdi. Bu xalq shu qadar yovuz bo‘lganki, hatto Muso payg‘ambarning davrida Yahova ularni butkul qirib tashlashini bashorat qilgan. (Chiqish 17:14) Shoul ularning butun chorvalarini qirib, shoh O‘gaxni o‘ldirishi kerak edi. Shoul jangda yutib chiqdi. Shubhasizki, o‘sha jangda uning boshqaruvi ostida jasur o‘g‘li ham qatnashgan. Ammo Shoul Yahovaga surbetlarcha itoatsizlik qilib, O‘gaxni o‘ldirmadi va uning boyliklarini, chorvalarini o‘ziga oldi. Shomuil payg‘ambar Yahova Shoulga nisbatan chiqargan so‘nggi hukmini e’lon qildi. U shunday dedi: «Sen Yahovaning so‘zini rad etganing bois, U ham seni shoh sifatida rad etdi». (1 Shohlar 15:2, 3, 9, 10, 23)

Ko‘p o‘tmay, Yahova Shoulni muqaddas ruhidan mahrum etdi. Yahovaning mehribon ko‘magisiz u o‘zini g‘alati tutadigan bo‘lib, goh g‘azabga minardi, goh sarosimaga tushardi. Xudo yomon ruh uni qiynashiga yo‘l qo‘ydi. (1 Shohlar 16:14; 18:10–12) Yo‘natan qachonlardir yaxshi inson bo‘lgan otasi, endi dahshatli holatda ekanini ko‘rib ruhi tushgan bo‘lishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, Yo‘natan Yahovaga sadoqat ila xizmat qilishdan hecham bosh tortmagan edi. U otasini qo‘lidan kelgancha qo‘llab-quvvatlagan va ba’zida u bilan hatto ochiq-oydin gapirgan. U butun diqqatini hech ham o‘zgarmas Tangrimiz va Otamiz bo‘lmish Yahovaga qaratgan. (1 Shohlar 19:4, 5)

Sizning hayotingizda ham balkim yaxshi ko‘rgan qarindoshingiz yomon tomonga o‘zgarib ketgan paytlar bo‘lganmi? Bu juda ham qayg‘uli. Yo‘natanning o‘rnagi bizga sano bastakori keyinchalik qalamga olgan mana shu so‘zlarni eslatyapti: «Hatto ota-onam meni tark etsa ham, Yahova meni qabul qiladi». (Zabur 27:10) Yahova sodiq Xudo. Nomukammal odamlar qanchalar ko‘nglingizni og‘ritmasin, U sizni ham qabul qiladi va eng yaxshi Otangizga aylanadi.

Yo‘natan Yahova Shouldan shohlikni olib qo‘yganidan saboq olganga o‘xshaydi. Xo‘sh, u bunga qanday munosabatda bo‘ladi? U men qanday boshqaruvchi bo‘lar ekanman deb o‘ylaganmi? U otasining xatolarini to‘g‘rilab, sodiq va itoatkor shoh sifatida yaxshiroq o‘rnak bo‘la olaman degan umiddamidi? Yo‘natan aynan nima haqida o‘ylaganini bilmaymiz; faqat shuni bilamizki, bu umidlarning hech biri amalga oshmagan. Bu Yahova sadoqatli xizmatchisini tark etganini anglatadimi? Aslo, Yahova uni O‘z Kalomi orqali bizga sodiq do‘st bo‘lish borasida a’lo o‘rnak sifatida keltirganini ko‘ryapmiz. Yo‘natan naqadar yaxshi do‘st bo‘lganini u haqidagi boshqa maqoladan bilib olishimiz mumkin.