Qobil kimga uylangan?
Muqaddas Kitob asosida javob
Qobil ilk juftlikning to‘ng‘ich farzandi bo‘lgan va u singillaridan biriga yoki yaqin qarindoshiga uylangan. Bunday xulosaga Muqaddas Kitobda Qobil va uning oilasi haqida yozilgan bayonotni ko‘rib chiqib, kelishimiz mumkin.
Qobil va uning oilasi haqidagi haqiqatlar
Barcha insonlar Odamato va Momohavodan kelib chiqqan. «Butun yer yuzida yashasinlar deb, Xudo barcha millatlarni bir odamdan [Odamatodan] vujudga keltirdi». (Havoriylar 17:26) Odamatoning xotini Momohavo «barcha yashayotganlarning onasi bo‘ldi». (Ibtido 3:20, izoh) Demak, Qobil Odamato va Momohavoning avlodidan kelib chiqqan qizga uylangan.
Qobil va uning ukasi Hobil Momohavoning birinchi farzandlari bo‘lishgan. (Ibtido 4:1, 2) Qobil ukasini o‘ldirgani uchun quvg‘unda bo‘lganida Xudoga shunday shikoyat qilgan: «Kim meni uchratsa, o‘ldirishi shubhasiz». (Ibtido 4:14) U kimdan qo‘rqqan? Muqaddas Kitobda Odamato «ko‘pgina o‘g‘il-qizlarning otasi bo‘lgani» haqida aytilgan. (Ibtido 5:4) Aftidan, Odamato va Momohavoning boshqa avlodlari Qobilning hayotiga tahdid solgan bo‘lishi mumkin.
Insoniyatning ilk tarixida qarindosh bilan turmush qurish g‘ayritabiiy bo‘lmagan. Masalan, sadoqatli Ibrohim payg‘ambar ham o‘gay singlisiga uylangan. (Ibtido 20:12) Qobil yashagan davrdan asrlar o‘tib, birinchi marta Musoning Tavrot kitobida qarindosh bilan oila qurish taqiqlangan edi. (Levilar 18:9, 12, 13) Bundan ko‘rinyaptiki, ilgari qarindosh bilan qurilgan nikohdan tug‘ilgan farzandlar hozirgiday nuqson bilan tug‘ilmagan.
Muqaddas Kitobdagi Odamato, Momohavo va ularning oilasi haqidagi bayonot tarixiy jihatdan aniq. Odamatodan boshlangan nasabnoma haqidagi tafsilotlarni nafaqat Muso payg‘ambarning Ibtido kitobidan, balki tarixchi Ezra va Luqoning bayonotlaridan ham topishimiz mumkin. (Ibtido 5:3–5; 1 Solnomalar 1:1–4; Luqo 3:38) Muqaddas Kitob yozuvchilari Qobil haqidagi hikoyani tarixiy voqea sifatida keltirishadi. (Ibroniylarga 11:4; 1 Yuhanno 3:12; Yahudo 11)