HAYOT TARZIMIZ
Bu yovuz dunyo o‘z nihoyasiga yetganida omon qolishimizga amin bo‘ling
Yaqin orada Yahovaning bu yovuz dunyoga nisbatan sabri tugaydi. Soxta din bartaraf etiladi, xalqlar ittifoqi Xudoning xalqiga hujum qiladi va Yahova Armageddon jangida yovuzlarni yo‘q qiladi. Masihiylar ushbu muhim va quvonchli voqealarni intiqib kutishyapti.
Albatta, buyuk musibatga oid barcha tafsilotlarni, masalan, u qachon boshlanishini bilmaymiz. Qolaversa, siyosiy kuchlar dinga qarshi hujumlarini oqlash uchun qanday sabablar keltirishi ham bizga qorong‘i. Bundan tashqari, xalqlar ittifoqi Xudoning xalqiga qancha payt hujum qilishini yoki bu hujum nimani o‘z ichiga olishini hamda Yahova Armageddon jangida yovuzlarni yo‘q qilish uchun aynan nimadan foydalanishini ham bilmaymiz.
Lekin shu bilan birga Muqaddas Yozuvlarda kelajakka ishonch va jasorat ila boqishimiz uchun bizga kerak bo‘lgan barcha ma’lumotlar bor. Masalan, biz «oxirzamonning» so‘ngida yashayotganimizni (2Tm 3:1), haq din bartaraf etilmasligi uchun soxta dinga qarshi hujum «qisqartirilishini» (Mt 24:22) va Yahova O‘z xalqini qutqarishini (2Btr 2:9) bilamiz. Shuningdek, U yovuzlarni yo‘q qilish hamda ulkan olomonni Armageddondan omon saqlab qolish uchun odil va kuchli bir zotni tanlagani ham bizga ayon. (Vh 19:11, 15, 16)
Odamlar kelajakdagi voqealar tufayli «qo‘rquvdan ado bo‘lishlari» tayin. Ammo Yahova O‘z xizmatchilarini o‘tmishda qanday qutqargani va kelajak borasida nimalarni ochib bergani haqida o‘qib, mulohaza yuritsak, xalos bo‘lish vaqtimiz yaqinlashib qolganiga amin bo‘lgan holda qomatimizni g‘oz tutib, boshimizni ko‘tara olamiz. (Lq 21:26, 28)