Zakariyo 1:1-21

  • Yahovaga qaytishga da’vat (1-6)

    • «Menga qaytinglar, shunda Men ham sizlarga qaytaman» (3)

  • Birinchi vahiy: mirta daraxtlari orasida turgan otliq (7-17)

    • «Yahova Sionni yana yupatadi» (17)

  • Ikkinchi vahiy: to‘rtta shox va to‘rtta usta (18-21)

1  Doro* hukmronligining ikkinchi yili+, sakkizinchi oyida, Iddoning nevarasi Barxiyo o‘g‘li Zakariyo* payg‘ambarga+ Yahova quyidagi so‘zlarni ayon qildi:  «Yahova ota-bobolaringizdan qattiq g‘azablangan edi+.  Ularga ayt: “Qo‘shinlar Sarvari Yahova demoqda: “Menga qaytinglar,— deb aytmoqda Qo‘shinlar Sarvari Yahova, — shunda Men ham sizlarga qaytaman”+,— deb aytmoqda Qo‘shinlar Sarvari Yahova”.  Ota-bobolaringiz singari bo‘lmanglar. O‘tmishda payg‘ambarlar: “Qo‘shinlar Sarvari Yahova demoqda: “Iltimos, yomon yo‘llaringizdan qaytib, yovuz ishlaringizni tashlanglar”,— deb ularga e’lon qilishgan+. “Ammo ular Menga quloq ham solmadilar, e’tibor ham bermadilar”+,— demoqda Yahova.  “Hozir ota-bobolaringiz qayerda?! Payg‘ambarlar abadiy yashaganmi?!  Xizmatkorlarim bo‘lmish payg‘ambarlar orqali aytgan so‘zlarim va farmonlarim amalga oshganini ota-bobolaringiz ko‘rmadimi?!+ Shunda ular Menga qaytib: “Qo‘shinlar Sarvari Yahova yurgan yo‘llarimiz va qilgan ishlarimizga yarasha qanday yo‘l tutishini aytgan bo‘lsa, shunday qildi”+,— deb tan olishdi».  Doro hukmronligining ikkinchi yili+, 11- oyi, ya’ni shebat* oyining 24- kunida Iddoning nevarasi Barxiyo o‘g‘li Zakariyo payg‘ambarga Yahovaning so‘zlari ayon bo‘ldi:  «Men kechasi vahiy ko‘rdim. Vahiyda qizil otga mingan kishi daradagi mirta daraxtlari orasida turgan ekan. Uning orqasida qizil, qizg‘ish-jigarrang va oq otlar bor edi.  Shunda men: “Taqsirim, bular kim?” — deb so‘radim. Men bilan gaplashayotgan farishta javoban dedi: “Ular kimligini senga ko‘rsataman”. 10  So‘ng mirta daraxtlari orasida turgan kishi dedi: “Yahova bu odamlarni yer yuzini aylanib chiqishga yuborgan edi”. 11  Shunda ular mirta daraxtlari orasida turgan Yahovaning farishtasiga: “Biz yerni aylanib chiqdik. Butun yer yuzida tinchlik va osoyishtalik hukm surmoqda”+,— deyishdi. 12  Yahovaning farishtasi shunday dedi: “Ey, Qo‘shinlar Sarvari Yahova, qachongacha Quddus va Yahudo shaharlaridan rahm-shafqatingni darig‘ tutasan?+ Mana 70 yildirki, Sen ulardan g‘azablanyapsan!+ 13  Yahova men bilan gaplashayotgan farishtaga mehr va tasalli beruvchi so‘zlar ila javob qaytardi. 14  Keyin men bilan gaplashayotgan farishta menga dedi: “E’lon qil: “Qo‘shinlar Sarvari Yahova demoqda: “Quddus va Sionni qattiq sevib, ular uchun qayg‘uryapman+. 15  Beparvo xalqlardan qattiq g‘azablanyapman+. Men xalqimni ozgina jazolamoqchi edim+, ular esa xalqimni ko‘p qiynashdi+”. 16  Shu sababli Yahova aytmoqda: “Men Quddusga rahm-shafqat ko‘rsatish uchun qaytaman+ va uyim o‘sha yerda qayta quriladi+,— demoqda Qo‘shinlar Sarvari Yahova, — o‘lchov ipi Quddus ustidan tortiladi”+. 17  Yana bunday deb e’lon qil: “Qo‘shinlar Sarvari Yahova demoqda: “Mening shaharlarim yana yaxshilik bilan to‘lib-toshadi. Yahova Sionni yana yupatib+, Quddusni yana tanlaydi”+». 18  So‘ng yuqoriga qaradim va to‘rtta shoxni+ ko‘rdim. 19  Keyin men bilan gaplashayotgan farishtadan so‘radim: «Bu shoxlar nimani bildiradi?» Farishta esa: «Bu — Yahudo+, Isroil+ va Quddusni+ to‘zg‘itib yuborgan shoxlar»,— deb javob qaytardi. 20  So‘ng Yahova menga to‘rtta ustani ko‘rsatdi. 21  Men esa: «Ular nima qilish uchun kelishyapti?» — deb so‘radim. U: «Shoxlar Yahudoni shu darajada to‘zg‘itib yuborgan ediki, hech kim boshini ko‘tara olmadi. Bu ustalar Yahudoni to‘zg‘itib yuborish uchun shoxlarini ko‘targan xalqlarni qo‘rqitgani va uloqtirib tashlagani kelishyapti»,— deb javob qaytardi.

Izohlar

Doro I yoki Buyuk Doro.
Ma’nosi «Yahova esladi».