Yeremiyo 42:1-22
42 So‘ng barcha lashkarboshilar, Kariyox o‘g‘li Yo‘xanon+, Ho‘shayyo o‘g‘li Yazaniyo va butun xalq — kichigidan tortib kattasigacha kelib,
2 Yeremiyo payg‘ambarga shunday deyishdi: «Iltimos, iltifot so‘rab qilgan o‘tinchimizga quloq soling. Biz uchun, omon qolgan shu xalq uchun Xudoyingiz Yahovaga ibodat qiling. Ko‘rib turganingizdek ko‘pchilik edik, endi ozchilik qoldik+.
3 Xudoyingiz Yahova qaysi yo‘ldan yurishimiz va nima qilishimiz kerakligini aytsin».
4 Yeremiyo payg‘ambar ularga javoban: «Yaxshi, iltimosingizga binoan Xudoyingiz Yahovaga ibodat qilaman. Yahova bergan javobning har bir so‘zini sizlarga aytib beraman. Sizlardan birorta so‘zni ham yashirmayman»,— dedi.
5 Xalq esa Yeremiyoga shunday dedi: «Agar Xudoyingiz Yahova siz orqali bergan yo‘l-yo‘riqni bajarmasak, Yahovaning O‘zi bizga qarshi haqiqiy va sodiq shohid bo‘lib, jazoyimizni bersin.
6 Biz sizni Xudoyimiz Yahovadan so‘rash uchun yuboryapmiz. Uning so‘zlari bizga yoqadimi yoki yo‘qmi, aytganlariga quloq solamiz. Toki Xudoyimiz Yahovaning aytganlariga quloq solganimiz uchun bizga yaxshi bo‘lsin».
7 O‘n kundan keyin Yeremiyoga Yahovaning so‘zi ayon bo‘ldi.
8 U Kariyox o‘g‘li Yo‘xanonni, u bilan bo‘lgan barcha lashkarboshilarni va butun xalqni — kichigidan tortib kattasigacha chaqirdi+.
9 Ularga shunday dedi: «Sizlar meni Isroil Tangrisi Yahovaning oldiga, iltifot so‘rab qilgan o‘tinchingizni Unga yetkazishim uchun yuborgan edingiz. U shunday demoqda:
10 “Agar shu yurtda qolsangiz, Men sizlarni yakson qilmay, qayta bunyod etaman, tag-tomiringiz bilan qo‘porib tashlamay, qayta ekaman. Chunki ustingizga kulfat keltirganimdan o‘kinaman+.
11 O‘zingiz qo‘rqayotgan Bobil shohidan cho‘chimanglar”+.
“Undan cho‘chimanglar,— demoqda Yahova.— Chunki sizlarni himoya qilish va uning qo‘lidan qutqarish uchun Men sizlar bilan birgaman.
12 Men sizlarga shafqat qilaman+, u ham sizlarga shafqat qilib, o‘z yurtingizga qaytaradi.
13 Ammo sizlar: “Yo‘q, biz bu yurtda qolmaymiz!” — desangiz va Xudoyingiz Yahovaga quloq solmay:
14 “Yo‘q, Misr yurtiga ketamiz+, chunki u yerda urush ko‘rmaymiz, burg‘u ovozini eshitmaymiz va nonga zor bo‘lmaymiz. Biz o‘sha yerda yashaymiz”,— deydigan bo‘lsangiz,
15 ey, Yahudoning omon qolganlari, unda Yahovaning so‘zini eshitib qo‘yinglar. Isroil Tangrisi, Qo‘shinlar Sarvari Yahova demoqda: “Agar baribir Misrga borishga qaror qilib, u yerga yashash uchun ketsangiz,
16 sizlar qo‘rqayotgan qilich Misr yurtida sizlarni quvib yetadi. Sizlar cho‘chiyotgan ocharchilik ortingizdan Misr yurtiga boradi va o‘sha yerda o‘lib ketasizlar+.
17 Misrga borib yashashga qaror qilgan har bir kishi qilich, ocharchilik va o‘latdan halok bo‘ladi. Hech biri Men ularning ustiga keltiradigan musibatdan qochib qutula olmaydi”.
18 Isroil Tangrisi, Qo‘shinlar Sarvari Yahova shunday demoqda: “Misrga borsangiz, Quddus aholisiga qahr-g‘azabimni sochganimday+, sizlarning ustingizga ham qahrimni sochaman. Odamlar qarg‘aganda nomingizni tilga olishadi, ahvolingizdan dahshatga tushishadi, sizlar isnodga qolib, masxara bo‘lasizlar+ va bu yerni qaytib ko‘rmaysizlar”.
19 Ey, Yahudoning omon qolganlari, Yahova sizlarga qarshi gapirmoqda. Misrga bormanglar. Bilib qo‘yinglar, bugun men sizlarni ogohlantiryapman,
20 xato qilsangiz joningizdan ayrilasizlar. Chunki meni Xudoyingiz Yahovaning oldiga yuborib: “Biz uchun Tangrimiz Yahovaga ibodat qiling va Tangrimiz Yahova aytgan hamma narsani bizga yetkazing, biz ularni bajaramiz”+,— dedingizlar.
21 Mana bugun men sizlarga barini aytdim, ammo sizlar Xudoyingiz Yahovaning so‘zlariga quloq solmaysizlar, men orqali aytilganlarning birortasini bajarmaysizlar+.
22 Shuning uchun bilib qo‘yinglar, sizlar yashash uchun bormoqchi bo‘lgan joyda qilich, ocharchilik va o‘latdan halok bo‘lasizlar»+.