Yeremiyo 37:1-21
37 Yohayiqim o‘g‘li Xoniyah*+ o‘rniga Yo‘shiyo o‘g‘li shoh Zidqiyo+ hukmronlik qila boshladi. Chunki Bobil shohi Navuxodonosor uni Yahudo yurtiga shoh qilib qo‘ydi+.
2 Biroq u, xizmatkorlari hamda yurt aholisi Yahovaning Yeremiyo payg‘ambar orqali aytgan so‘zlariga quloq solishmadi.
3 Shoh Zidqiyo Shalamiyo o‘g‘li Yahuxalni+ hamda ruhoniy Masiyo o‘g‘li Zafaniyoni+ Yeremiyo payg‘ambar oldiga yuborib: «Iltimos, Xudoyimiz Yahovaga biz uchun ibodat qil»,— dedi.
4 Yeremiyo hali qamab qo‘yilmagani uchun+ xalq ichida bemalol yurardi.
5 Bu orada fir’avn qo‘shini Misrdan yo‘lga chiqdi+. Quddusni qamal qilayotgan xaldeylar bundan xabar topib, Quddusdan chekinishdi+.
6 Shunda Yeremiyo payg‘ambarga Yahovaning so‘zi ayon bo‘ldi:
7 «Isroil Xudosi Yahova shunday demoqda: “Sizlarni oldimga maslahat solgani jo‘natgan Yahudo shohiga aytinglar: “Sizlarga yordamga kelayotgan fir’avn qo‘shini o‘z yurtiga, Misrga qaytib ketadi+.
8 Xaldeylar esa qaytib kelishadi. Bu shaharga qarshi jang qilib, uni bosib olishadi va unga o‘t qo‘yishadi”+.
9 Yahova demoqda: “O‘zingizni: “Xaldeylar qaytib kelishmaydi”,— deb aldamanglar. Chunki ular albatta qaytib kelishadi.
10 Mabodo sizlarga qarshi jang qilayotgan xaldeylarning butun qo‘shinini tor-mor qilsangiz-u, ularning orasida faqat yaradorlar qolsa, hatto ular chodirlaridan chiqib shaharga o‘t qo‘yishadi”»+.
11 Fir’avn lashkari to‘g‘risida eshitib, xaldeylar qo‘shini Quddusdan chekindi+.
12 Shunda Yeremiyo xalqi orasidan o‘z ulushini olish uchun Quddusdan Benyamin hududiga yo‘l oldi+.
13 Biroq u Benyamin darvozasiga yaqinlashib qolganida, Xanoniyoning nevarasi, Shalamiyo o‘g‘li Yiriyah ismli soqchilar boshlig‘i Yeremiyo payg‘ambarni ushlab olib: «Sen xaldeylar tomonga o‘tmoqchisan!» — dedi.
14 Lekin Yeremiyo: «Bu yolg‘on! Xaldeylar tomonga o‘tish niyatim yo‘q»,— dedi. Ammo u quloq solishni istamadi. Yiriyah Yeremiyoni hibsga olib, beklarning oldiga keltirdi.
15 Beklar g‘azablanib+, Yeremiyoni urishdi. So‘ng kotib Yo‘natanning zindonga aylantirilgan uyiga qamab qo‘yishdi+.
16 Yeremiyoni yer ostidagi zindonning gumbazsimon xonalaridan biriga qamab qo‘yishdi. U o‘sha yerda uzoq vaqt yotdi.
17 Shoh Zidqiyo Yeremiyoni olib kelgani odam yuborib, uni o‘z saroyida pinhona so‘roqga tutdi+. Shoh: «Yahovadan biror xabar bormi?» — deb so‘radi. Yeremiyo: «Bor!» — dedi-da, shunday qo‘shib qo‘ydi: «Siz Bobil shohining qo‘liga topshirilasiz»+.
18 Yeremiyo shoh Zidqiyoga yana shunday deb aytdi: «Sizga, xizmatkorlaringizga va bu xalqga qarshi nima gunoh qilgan edimki, meni zindonga qamab qo‘ydingizlar?
19 “Bobil shohi sizlarga va bu yurtga hujum qilmaydi”,— deb bashorat qilgan payg‘ambarlaringiz qani?+
20 Shoh hazratlari, o‘tinaman, menga quloq soling. Rahm-shafqat so‘rab qilgan iltimosimni rad etmang. Meni kotib Yo‘natanning+ uyiga qaytarib jo‘natmang. Yo‘qsa u yerda o‘lib ketaman»+.
21 Shunday qilib, shoh Zidqiyo Yeremiyoni Soqchilar hovlisiga+ qamab qo‘yish haqida buyruq berdi. Shaharda non tugamagunga qadar+, Yeremiyoga novvoylar ko‘chasidan har kuni bittadan gardish non berilardi+. U Soqchilar hovlisida qoldi.
Izohlar
^ Boshqa ismlari «Yohayixin» yoki «Yoxoniyo».