Yeremiyo 32:1-44

  • Yeremiyo dala sotib oladi (1-15)

  • Yeremiyoning ibodati (16-25)

  • Yahovaning javobi (26-44)

32  Yahudo shohi Zidqiyo hukmronligining 10- yili, Bobil shohi Navuxodonosor+ hukmronligining 18- yili Yahova Yeremiyoga O‘z so‘zini ayon qildi.  Bu paytda Bobil shohining qo‘shini Quddusni qamal qilayotgan edi. Yeremiyo payg‘ambar esa Yahudo shohining saroyidagi Soqchilar hovlisiga+ qamab qo‘yilgan edi.  Chunki Yahudo shohi Zidqiyo unga quyidagi so‘zlarni aytib, qamab qo‘ygan edi+: «Nega bunday bashorat qilyapsan? Sen shunday deb yuribsan: “Yahova demoqda: “Men bu shaharni Bobil shohining qo‘liga beraman, u shaharni bosib oladi+.  Yahudo shohi Zidqiyo xaldeylardan qochib qutula olmaydi, u Bobil shohining qo‘liga topshiriladi. U shoh bilan yuzma-yuz gaplashadi, ko‘zi ko‘ziga tushadi”+.  “Shoh uni Bobilga olib ketadi. Men Zidqiyoga nazar solmagunimcha, u o‘sha yerda qoladi”,— demoqda Yahova.— Sen xaldeylarga qarshi jang qilganing bilan ularni yenga olmaysan”»+.  Yeremiyo shunday dedi: «Yahovaning quyidagi so‘zi menga ayon bo‘ldi:  “Amaking Shallumning o‘g‘li Xanomil yoningga kelib: “Onoto‘tdagi+ dalamni o‘zing uchun sotib ol, chunki uni sotib olish huquqiga ega bo‘lganlar+ qatorida sen birinchisan”,— deb aytadi”».  Yahova aytganiday, amakimning o‘g‘li Xanomil yonimga, Soqchilar hovlisiga keldi va menga: «Iltimos, Benyamin hududidagi, Onoto‘tdagi dalamni sotib ol, chunki sen unga egalik qilish va uni sotib olish huquqiga egasan. Uni o‘zing uchun sotib ol»,— dedi. Shunda, buni Yahova xohlayotganini tushundim.  Shunday qilib amakimning o‘g‘li Xanomildan Onoto‘tdagi dalani sotib oldim. Unga yetti shekel* va o‘n shekel kumush tortib berdim+. 10  So‘ng men oldi-sotdi haqida hujjat tuzib+ muhr bosdim, guvohlarni chaqirdim+ va pulni tarozida tortdim. 11  Men qonun-qoidaga muvofiq muhrlangan oldi-sotdi haqidagi hujjatni hamda uning muhr bosilmagan nusxasini oldim. 12  Amakimning o‘g‘li Xanomil, oldi-sotdi hujjatiga imzo qo‘ygan guvohlar va Soqchilar hovlisida+ o‘tirgan barcha yahudiylar ko‘z oldida oldi-sotdi haqidagi hujjatni Maxsiyah nevarasi, Neriyahning+ o‘g‘li Boruxga+ berdim. 13  Men ularning oldida Boruxga shunday deb buyurdim: 14  «Isroil Tangrisi, Qo‘shinlar Sarvari Yahova demoqda: “Ushbu oldi-sotdi haqidagi hujjatlarni — muhr bosilgan va bosilmaganini olib, uzoq vaqt saqlanishi uchun ularni sopol idishga solib qo‘y”. 15  Isroil Tangrisi, Qo‘shinlar Sarvari Yahova demoqda: “Bu yurtda uylar, dalalar va uzumzorlar yana sotib olinadi”»+. 16  Oldi-sotdi haqidagi hujjatni Neriyah o‘g‘li Boruxga bergach, Yahovaga shunday deb ibodat qildim: 17  «Ey, Oliy Hukmdor Yahova! Sen osmon-u yerni buyuk kuching+ va qudratli qo‘ling bilan yaratgansan. Sen uchun imkonsiz narsa yo‘q. 18  Sen minglab odamlarga mehr-sadoqat namoyon etasan, biroq otalari qilgan gunohning oqibatlarini o‘g‘illari boshdan kechirishiga yo‘l qo‘yasan+. Sen haq Xudosan, buyuk va qudratli Allohsan. Isming Qo‘shinlar Sarvari Yahovadir. 19  Sening niyatlaring buyuk, ishlaring qudratli+. Sen har bir kishiga tutgan yo‘llari va qilgan ishlariga yarasha qaytarish uchun+, insonlarning barcha yo‘llarini kuzatasan+. 20  Sen Misr yurtida bugungi kungacha ma’lum bo‘lgan alomatlar-u mo‘jizalar ko‘rsatib, bugungi kunda bo‘lganidek, Isroil va barcha xalqlar orasida nomingni mashhur qilding+. 21  Xalqing Isroilni alomatlar-u mo‘jizalar ko‘rsatib, kuchli bilaging-u qudratli qo‘ling bilan qo‘rqinchli ishlar yaratib Misr yurtidan olib chiqding+. 22  Vaqti kelib Sen ularga bu yurtni — ota-bobolariga qasam ichib beraman degan+, sut va asal oqib yotgan yurtni berding+. 23  Ular kelib yurtni mulk qilib olishdi, ammo Senga quloq solishmadi va qonuningga rioya qilishmadi. Ular aytganlaringning birortasini bajarishmagani uchun, Sen bu barcha musibatlarni ularning boshiga solding+. 24  Mana endi, odamlar qiyalatib tuproq uyib, bu shaharni bosib olish uchun kelishdi+. Qilich+, ocharchilik va o‘lat+ tufayli shahar unga qarshi jang qilayotgan xaldeylar qo‘liga beriladi. O‘zing ko‘rib turganingdek, aytganlaringning bari bajo bo‘lyapti. 25  Ammo Sen, ey Oliy Hukmdor Yahova, shahar xaldeylarning qo‘liga berilishi aniq bo‘lsa ham menga: “O‘zing uchun dala sotib ol, guvohlarni chaqir”,— deding». 26  Shunda Yahovaning quyidagi so‘zi Yeremiyoga ayon bo‘ldi: 27  «Men butun odamzodning Xudosi Yahovaman. Men uchun ilojsiz narsa bormi? 28  Shu bois Yahova demoqda: “Men bu shaharni xaldeylarga, Bobil shohi Navuxodonosor qo‘liga topshiraman va u shaharni bosib oladi+. 29  Bu shaharga qarshi jang qilayotgan xaldeylar shaharga kirib unga o‘t qo‘yishadi+. Shahar bilan birga Meni ranjitish uchun tomlarida Baalga qurbonliklar keltirilgan, boshqa xudolarga ichimlik nazrlari quyilgan hamma uylarni yoqib yuborishadi”+. 30  “Isroil va Yahudo xalqi yoshligidan Mening nazarimda faqat yomon bo‘lgan ishlarni qilib keldi+. Ular qilmishlari bilan Meni ranjitishyapti,— demoqda Yahova. 31  — Bu shahar qurilgan kunidan to bugungacha qahr-g‘azabimni keltirishdan boshqa narsaga yaramadi+. Shu sababli u ko‘z oldimdan yo‘q qilinishi lozim+. 32  Chunki butun Isroil va Yahudo xalqi — shohlari+, beklari+, ruhoniylari, payg‘ambarlari+, Yahudo xalqi va Quddus aholisi yovuz ishlar qilib Meni ranjitishdi. 33  Ular Menga yuz burmay, orqa o‘giraverishdi+. Men qayta-qayta ularga ta’lim bermoqchi bo‘ldim, lekin hech biri nasihatimga quloq solmadi+. 34  Ular Mening ismim bilan atalgan uyni bulg‘ash uchun, u yerga jirkanch butlarini qo‘yishdi+. 35  Bu ham yetmagandek, ular o‘g‘il-u qizlarini Mo‘laxga qurbonlik qilib olovda kuydirish+ uchun Hinnom o‘g‘lining vodiysida*+ Baalga atab tepaliklar barpo etishdi. Ular Yahudoni gunohga botirib Men buyurmagan+, hatto hech qachon xayolimga ham kelmagan jirkanch ish qilishdi”. 36  Sizlar: “Bu shahar qilich, ocharchilik va o‘latga duchor bo‘lib, Bobil shohining qo‘liga beriladi”,— dedingiz. Ammo Isroil Tangrisi Yahova shunday demoqda: 37  “Men ularni qahr-g‘azab va kuchli nafrat bilan barcha yurtlarga tumtaraqay qilgan edim. Endi ularni yig‘ib olaman+. Ularni shu yerga olib kelib, xavfsizlikda yashashlariga izn beraman+. 38  Ular Mening xalqim, Men esa ularning Xudosi bo‘laman+. 39  Doim Mendan qo‘rqishlari uchun ularga bir yurak+ va bir yo‘l beraman. Shunda ularga va ulardan keyin bolalariga yaxshi bo‘ladi+. 40  Men ular bilan abadiy ahd qilaman+ va unga ko‘ra ularga yaxshilik qilishdan qaytmayman+. Mendan yuz o‘girmasliklari uchun ularning qalbiga Mendan qo‘rqish tuyg‘usini solib qo‘yaman+. 41  Ularga yaxshilik qilishdan quvonaman+ va jon-u* dilim bilan ularni bu yurtga mahkam ekib qo‘yaman”»+. 42  «Yahova shunday demoqda: “Men barcha musibatlarni bu xalqning boshiga keltirganimday, endi O‘zim va’da bergan barcha yaxshiliklarni ham keltiraman+. 43  Sizlar: “Bu tashlandiq yurtda na odamlar, na hayvonlar bor. U xaldeylar qo‘liga berilgan”,— desangiz ham, bu yurtda yana dalalar sotib olinadi”+. 44  Benyamin hududida, Quddus atrofidagi hududlarda, Yahudo shaharlarida+, tog‘li hududlardagi shaharlarda, vodiydagi shaharlarda+ va janubdagi shaharlarda pulga dalalar sotib olinadi, oldi-sotdi haqidagi hujjatlar tuzilib muhrlanadi va guvohlar chaqiriladi+. Chunki Men ularning asirlikda bo‘lganlarini qaytarib olib kelaman”+,— demoqda Yahova».

Izohlar

Bir shekel=11,4 g. Ilovaning B14 mavzusiga q.
Lug‘atdagi «jahannam» so‘ziga q.