Yeremiyo 20:1-18
20 Yeremiyo bashoratli so‘zlarni aytayotganida, Immar o‘g‘li Pashxur uni tinglab turgan edi. Pashxur ruhoniy bo‘lib, Yahovaning uyida bosh nazoratchi vazifasini bajarar edi.
2 Pashxur Yeremiyo payg‘ambarni urdi va uni Yahovaning uyidagi Yuqori Benyamin darvozasi oldida kundalab qo‘ydi+.
3 Ertasi kuni Pashxur Yeremiyoni kundadan ozod etganida, Yeremiyo unga shunday dedi:
«Yahova sening ismingni Pashxur* emas, Magormissabib*+ deb qo‘ydi.
4 Yahova bunday demoqda: “Men seni va do‘stlaringni dahshatga solaman. Ular sening ko‘z oldingda dushmanlarining qilichidan halok bo‘lishadi+. Men butun Yahudoni Bobil shohi qo‘liga topshiraman va shoh ularni Bobilga surgun qiladi, ularni qilichdan o‘tkazadi+.
5 Bu shaharning hamma boyliklari-yu zaxiralarini, barcha qimmatli narsalarini va Yahudo shohlarining jamiki xazinalarini dushmanlarining qo‘liga beraman+. Dushmanlar bu narsalarni talon-toroj qilishadi, tortib olishadi va Bobilga olib ketishadi+.
6 Ey Pashxur, senga va uyingda yashovchilarga keladigan bo‘lsak, sizlarni asir qilib olib ketishadi. Sen Bobilga borasan va o‘sha yerda qazo qilib, barcha do‘stlaring bilan birga o‘sha yerda ko‘milasan, chunki sen ularga yolg‘on bashorat qilding”»+.
7 Ey Yahova, Sen meni aldading, men aldandim.
Menga qarshi kuch ishlatding va meni mag‘lub qilding+.
Men kun bo‘yi masxara bo‘ldim,Hamma ustimdan kulyapti+.
8 Har safar Sening so‘zingni gapirganimda baqirib:«Zo‘ravonlik, vayronagarchilik!» — deb e’lon qilishim kerak.
Yahovaning so‘zi uchun meni kun bo‘yi haqorat qilishyapti, piching otishyapti+.
9 Shunda men: «Uni tilga olmayman,Uning nomidan gapirmayman»+,— dedim.
Biroq Uning so‘zi yuragimda yongan olovday, suyaklarimda qamalgan alangaday edi.Uni ichimda saqlab turishdan charchadim,Bunga ortiq chiday olmasdim+.
10 Ko‘p yomon mish-mishlar eshitdim.Meni dahshat qamrab olgan+.
«Uni fosh qiling! Kelinglar uni fosh etaylik!»
Menga tinchlik tilagan har bir kishi qulashimni kutib+:
«Mabodo u biror ahmoqlik qilib qo‘ysa,Uni yengib, qasdimizni olamiz»,— demoqda.
11 Ammo Yahova yonimda qo‘rquv soluvchi jangchiday edi+.
Shu sababdan meni ta’qib qiluvchilar qoqilib tushishadi va g‘alabaga erisha olishmaydi+.
Muvaffaqiyatga erisha olishmagani uchun, ular qattiq sharmanda bo‘lishadi.
Ular abadiy xo‘rlanadi va bu unutilmaydi+.
12 Biroq Sen, Qo‘shinlar Sarvari Yahova, odil insonni tekshirasan.Sen chuqur o‘y-fikrlarni* va qalbni ko‘rasan+.
Ulardan qasos olganingni ko‘rishimga izn ber+,Chunki masalamni hal qilishni Senga topshirdim+.
13 Yahovani tarannum eting! Yahovani madh eting!
Axir U bechorani yovuzlik qiluvchilar qo‘lidan qutqardi.
14 Tug‘ilgan kunimga la’nat bo‘lsin!
Onam meni tug‘gan kun xosiyatsiz bo‘lsin!+
15 Xursand qilish uchun
Otamga xushxabar keltirib:
«Farzandli bo‘ldingiz, o‘g‘il ko‘rdingiz!» — degan odam la’nati bo‘lsin.
16 Yahova hech afsuslanmay vayron qilgan shaharlarday bo‘lsin o‘sha odam.
U tongda dod-faryod ovozini, peshinda jang qilish buyrug‘ini eshitsin.
17 Nega meni onamning qornidayoq o‘ldirmadi?!Shunda onamning qorni qabrimga aylanardi,Onam doim homilador bo‘lib qolardi+.
18 Nega tug‘ildim?!Iztirob va qayg‘uni ko‘rish uchunmi?!Umrim oxirigacha sharmanda bo‘lish uchunmi?!+
Izohlar
^ Ma’nosi «atrofda qolgan».
^ Ma’nosi «atrofni dahshat qamragan».
^ Yoki «teran his-tuyg‘ularni». So‘zma-so‘z «buyraklarni».