Qonunlar 12:1-32

  • Xudo tanlagan joyda topinish (1-14)

  • Go‘shtni qonsiz yeyish mumkin (15-28)

  • Yolg‘on xudolarning tuzog‘iga tushib qolmaslik (29-32)

12  Egalik qilishingiz uchun ota-bobolaringizning Xudosi Yahova sizlarga beradigan yurtda yashaganingizda, quyidagi qonun-qoidalarga butun umr diqqatli bo‘lib, rioya qilinglar:  sizlar yerlarini egallab olmoqchi bo‘lgan xalqlar xudolariga xizmat qilish uchun qayerda sajdagohlar qurishgan bo‘lsa — xoh baland tog‘larning ustlarida bo‘lsin, xoh tepaliklarda, xoh sershox daraxtlarning ostida bo‘lsin — ularni butunlay yo‘q qilib yuboringlar+.  Ularning qurbongohlarini vayron qilinglar, muqaddas toshlarini sindiringlar+, muqaddas ustunlarini olovda yondiringlar, xudolarining o‘yma tasvirlarini kesib tashlanglar+, xudolaridan nom-nishon ham qoldirmanglar+.  Xudoyingiz Yahovaga topinayotganingizda, ularga o‘xshab topinmanglar+.  Yaxshisi, Tangringiz Yahova O‘z ismini ulug‘lash uchun va qabilalaringiz orasidan O‘ziga maskan qilish uchun tanlagan joyga boringlar va o‘sha yerda Unga topininglar+.  Kuydiriladigan qurbonliklaringizni+, qurbonlig-u ushrlaringizni*+, xayr-ehsonlaringizni+, qasam nazrlarini, ixtiyoriy nazrlarni+, qoramol va qo‘y-echkilaringizning birinchi bolasini+ o‘sha yerga olib kelinglar.  Xudoyingiz Yahova sizlarga baraka bergani uchun, o‘zingiz va xonadoningiz a’zolari o‘sha yerda, Tangringiz Yahovaning oldida go‘shtni tanovul qilib+, barcha ishlaringizdan xursand bo‘linglar+.  Hozir biz bu yerda qilayotganday yo‘l tutmanglar. Har biringiz o‘z nazaringizda to‘g‘ri bo‘lib ko‘ringan ishni qilyapsizlar.  Chunki sizlar turar joyingizga, Allohingiz Yahova sizlarga meros qilib berayotgan joyga+ hali yetib bormagansizlar. 10  Iordan daryosini kechib o‘tib+, Allohingiz Yahova egalik qilishingiz uchun sizlarga berayotgan yurtda yashaganingizda, U atrofingizdagi barcha dushmanlaringizdan sizlarni xalos qilib, osoyishtalik ato etadi va sizlar xavfsizlikda yashaysizlar+. 11  Tangringiz Yahova O‘z ismini ulug‘lash uchun qayerni tanlasa, o‘sha yerga+ men sizlarga buyurgan narsalarni: kuydiriladigan qurbonliklaringizni, qurbonlig-u ushrlaringizni+, xayr-ehsonlaringizni, Yahovaga qasam ichib beraman degan har qanday qasam nazringizni olib kelinglar. 12  Xudoyingiz Yahovaning oldida o‘zingiz, o‘g‘il-u qizlaringiz, qul va cho‘rilaringiz, shuningdek, sizlarga qo‘shilib shaharlaringizda yashayotgan levi ham xursand bo‘lsin+. Chunki levining sizlar bilan ulushi ham, merosi ham yo‘q+. 13  Duch kelgan joyda kuydiriladigan qurbonliklaringizni keltirishdan ehtiyot bo‘linglar+. 14  Tangringiz Yahova qaysi qabilaning hududidan O‘zi uchun joy tanlasa, o‘sha yerdagina kuydiriladigan qurbonliklaringizni keltiringlar va o‘sha yerda men sizlarga buyurgan narsalarni bajaringlar+. 15  Jonliqni istagan yeringizda, Allohingiz Yahova shaharlaringizda* sizlarga bergan barakasiga ko‘ra so‘yib yeyaveringlar+. G‘izol yoki bug‘uni yeganingizdek, jonliqni pok inson ham, nopok ham yeyishi mumkin. 16  Faqat uning qonini iste’mol qilmanglar+. Qonni suv kabi yerga to‘kinglar+. 17  Doningiz, yangi sharobingiz va moyingizning o‘ndan bir qismi, qoramol va qo‘y-echkilaringizning birinchi bolasi, qasam ichib beraman deb aytgan har qanday qasam nazrlaringiz, ixtiyoriy nazrlaringiz yoki xayr-ehsonlaringiz shaharlaringizda yeyilishiga yo‘l qo‘ymanglar+. 18  Uni Xudoyingiz Yahova tanlagan joyda+, Allohingiz Yahovaning huzurida o‘zingiz, o‘g‘il-u qizlaringiz, qul va cho‘rilaringiz, shuningdek, sizlarga qo‘shilib shaharlaringizda yashayotgan levi ham yesin. Xudoyingiz Yahovaning oldida barcha ishlaringizdan xursand bo‘linglar. 19  Yurtingizda yashar ekansiz, leviga bee’tibor bo‘lmanglar+. 20  Tangringiz Yahova sizlarga va’da qilganiday+ hududingizni kengaytirganida+, go‘sht yeyishni istab: “Go‘sht yegim kelyapti”,— desangiz, istagan yeringizda go‘sht yeyavering+. 21  Agar Tangringiz Yahova O‘z ismini ulug‘lash uchun tanlagan joy+ sizdan uzoqda joylashgan bo‘lsa, unda Yahova sizga bergan qoramolingiz yoki qo‘y-echkingizni men sizlarga buyurganimdek so‘yib, shaharlaringizda, o‘zingiz istagan yerda yenglar. 22  G‘izol yoki bug‘uni yeganingizdek, jonliqni pok inson ham, nopok ham yeyishi mumkin+. 23  Faqat qonni iste’mol qilmaslikka qat’iy qaror qilinglar+, chunki qon — bu hayot*+. Hayotni et bilan birga yemanglar. 24  Qonni iste’mol qilmanglar. Uni suv kabi yerga to‘kinglar+. 25  O‘zingizga va sizlardan keyin yashaydigan bolalaringizga yaxshi bo‘lishi uchun qonni iste’mol qilmanglar, chunki sizlar Yahovaning nazarida to‘g‘ri bo‘lgan ishni qilyapsizlar. 26  Yahova tanlagan joyga kelganingizda, o‘zingiz bilan faqat muqaddas tortiqlaringizni va qasam nazrlaringizni olib kelinglar. 27  O‘sha yerda kuydiriladigan qurbonliklaringizni — et va qonni+ Xudoyingiz Yahovaning qurbongohiga keltiringlar. Boshqa qurbonliklaringizning qoni esa, Tangringiz Yahova qurbongohining yonboshiga to‘kilsin+. Qurbonliklarning go‘shtini esa yeyishingiz mumkin. 28  Men sizlarga aytayotgan ushbu barcha so‘zlarga diqqatli bo‘lib bo‘ysuninglar. Shunda o‘zingizga va sizlardan keyin yashaydigan bolalaringizga yaxshilik doim yor bo‘ladi. Chunki sizlar Allohingiz Yahovaning nazarida to‘g‘ri bo‘lgan ishni qilyapsizlar. 29  Tangringiz Yahova yerlarini egallab olishingiz uchun o‘sha xalqlarni yo‘q qilgach+, yurtda yashab yurganingizda, 30  ehtiyot bo‘linglar. Ular ko‘z oldingizda yo‘q qilinganidan keyin, o‘zingiz ham tuzoqga tushib qolmanglar. Ularning xudolari haqida surishtirib: “Bu xalqlar o‘z xudolariga qanday xizmat qilgan ekan? Men ham shunday xizmat qilaman”+,— demanglar. 31  Xudoyingiz Yahovaga topinayotganingizda, ularga o‘xshab topinmanglar. Chunki ular o‘z xudolariga sig‘inganda, Yahova nafratlanadigan turli jirkanch ishlarni qilishadi. Ular xudolariga atab hatto o‘g‘il-u qizlarini olovda kuydirishadi+. 32  Sizlarga aytgan har bir so‘zimga astoydil rioya qilinglar+. Ularga hech narsa qo‘shmanglar ham, olib qo‘ymanglar ham+.

Izohlar

Yoki «o‘ndan bir qismni».
So‘zma-so‘z «barcha darvozalaringiz ichida».
Yoki «jon».