Matto 25:1-46

  • MASIHNING HOZIR BO‘LISH ALOMATI (1-46)

    • O‘nta qiz haqidagi masal (1-13)

    • Talantlar haqidagi masal (14-30)

    • Qo‘y va echkilar (31-46)

25  Osmon Shohligi moychiroqlarni olib+, kuyovni+ kutib olishga chiqqan o‘nta qizga o‘xshaydi.  Qizlardan beshtasi aqlsiz, beshtasi esa aqlli* ekan+.  O‘sha aqlsiz qizlar chiroqlarni olishibdi-yu, lekin o‘zlari bilan moy olishmabdi.  Aqlli qizlar esa chiroqlar bilan birga idishlarda moy ham olishibdi.  Kuyov kechikkani sababli, hamma qizlar mizg‘ib, uxlab qolishibdi.  Birdan yarim kechada baland ovoz eshitilibdi: “Kuyov kelyapti! Uni qarshilagani chiqinglar”.  Shunda hamma qizlar turib, moychiroqlarini tayyorlashibdi+.  Aqlsiz qizlar aqllilarga shunday deyishibdi: “Bizga moylaringizdan beringlar, chunki chiroqlarimiz o‘chib qolay deyapti”.  Aqlli qizlar ularga javoban: “Tag‘in bizlarga ham, sizlarga ham moy yetmay qolmasin. Yaxshisi moy sotuvchilarga borib, ulardan olinglar”,— deyishibdi. 10  Aqlsiz qizlar moy sotib olishga ketganda, kuyov kelibdi. Tayyor turgan qizlar kuyov bilan birga nikoh bazmiga+ kirishlari bilanoq eshik yopilibdi. 11  So‘ng qolgan qizlar ham kelib, shunday deya iltimos qilishibdi: “Taqsir, taqsir, eshikni oching!”+ 12  U qizlarga javob berib: “Men sizlarni tanimayman”,— debdi. 13  Shunday ekan, hushyor turinglar+, chunki aniq kunni ham, soatni ham bilmaysizlar+. 14  Bundan tashqari, Osmon Shohligi, qullariga mol-mulkini topshirib, uzoq safarga jo‘nab ketgan odamga ham o‘xshaydi+. 15  U har biriga o‘z qobiliyatiga yarasha: biriga besh, boshqasiga ikki, uchinchisiga bir talant* berib yo‘lga chiqibdi. 16  Besh talant olgan kishi shu zahoti borib, ularni ishga solibdi-da, yana besh talant orttiribdi. 17  Xuddi shunday, ikki talant olgan ham, ustiga ikki talant orttiribdi. 18  Bir talant olgan qul esa xo‘jayini bergan kumush tangalarini yerga ko‘mib, yashirib qo‘yibdi. 19  Ancha vaqtdan so‘ng, xo‘jayin safardan qaytibdi va qullaridan hisobot berishlarini so‘rabdi+. 20  Besh talant olgan kishi yana besh talant olib kelib, shunday debdi: “Xo‘jayin, siz menga besh talant ishonib bergan edingiz, mana qarang, ustiga besh talant orttirdim”+. 21  Xo‘jayini unga: “Barakalla, sen yaxshi, ishonchli qul ekansan. Kichik ishda ishonchimni oqlaganing uchun senga katta ishlarni ham topshiraman+. Kel, endi xo‘jayining bilan birga quvongin”+,— debdi. 22  Keyin ikki talant olgan kishi kelib, shunday debdi: “Xo‘jayin, siz menga ikki talant ishonib bergandingiz, mana qarang, men yana ikki talant orttirdim”+. 23  Xo‘jayini unga ham: “Barakalla, sen yaxshi, ishonchli qul ekansan. Kichik ishda ishonchimni oqlaganing uchun senga katta ishlarni ham topshiraman. Kel, endi xo‘jayining bilan birga quvongin”,— debdi. 24  Nihoyat bir talant olgan qul kelib, shunday debdi: “Xo‘jayin, siz talabchan ekaningizni, ekmagan joydan o‘rib, sepmagan joydan yig‘ib olishingizni bilardim+. 25  Shu bois, sizdan qo‘rqib, bergan talantingizni yerga ko‘mib, yashirib qo‘ydim. Mana, oling, bu sizniki”. 26  Xo‘jayini unga shunday javob beribdi: “Voy yovuz, dangasa qul! Demak, ekmagan joydan o‘rishimni, sepmagan joydan yig‘ib olishimni bilar ekansan-da?! 27  Xo‘sh, shunday ekan, kumush tangalarimni ishga solib ko‘paytirsang bo‘lmasmidi? Shunda men qaytib kelgach, pulimni foizi bilan olardim. 28  Gap tamom, undagi talantini olib, o‘n talanti bor kishiga berib qo‘yinglar+. 29  Zero kimda bor bo‘lsa, unga yana beriladi va unda mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Kimda yo‘q bo‘lsa, uning bor narsasi ham tortib olinadi+. 30  Bu yaramas qulni olib, zulmatga tashlanglar. O‘sha yerda u yig‘lab, tishlarini g‘ijirlatadi”. 31  Inson O‘g‘li+ o‘z ulug‘vorligida barcha farishtalar bilan birga kelganda+, o‘zining ulug‘vor taxtiga o‘tiradi. 32  Uning oldida barcha xalqlar to‘planadi. O‘shanda u xuddi cho‘pon qo‘ylarni echkilardan ajratgandek, odamlarni bir-biridan ajratadi. 33  Qo‘ylarni+ o‘ng tomoniga, echkilarni esa chap tomoniga qo‘yadi+. 34  Keyin Shoh o‘ng tomonidagilarga shunday deydi: “Ey, Otamdan baraka topganlar, kelinglar, dunyoga asos solinganidan beri sizlarga tayyorlab qo‘yilgan Shohlikka ega bo‘linglar. 35  Chunki men och edim, sizlar menga yegulik berdingiz, suvsagan edim chanqog‘imni qondirdingiz, musofir edim, mehmon qildingiz+, 36  kiyimsiz edim, kiyintirdingiz+, kasal edim, g‘amxo‘rlik qildingiz, qamoqda edim, xabar olib turdingiz”+. 37  Shu payt odil kishilar undan so‘rashadi: “Hazrat, qachon biz sizning och yurganingizni ko‘rib to‘yg‘azdik? Yoki suvsaganingizni ko‘rib, chanqog‘ingizni qondirdik?+ 38  Qachon sizning musofir bo‘lib yurganingizni ko‘rib mehmon qildik? Yoki kiyimsiz ekaningizni ko‘rib kiyintirdik? 39  Qachon sizning kasal bo‘lganingizni yoki qamoqda o‘tirganingizni ko‘rib, sizdan xabar olgandik?” 40  Shoh ularga javob berib, deydi: “Ishonavering, eng kichik birodarlarimdan biriga nima qilgan bo‘lsangiz, menga ham qilgan bo‘lasiz”+. 41  So‘ng u chap tomonidagilarga shunday deydi: “Ey la’natilar, Iblis va uning jinlari uchun tayyorlab qo‘yilgan+ mangu olovga+ yo‘qolinglar+. 42  Sababi, men och edim, sizlar menga yegulik bermadingiz, suvsagan edim chanqog‘imni qondirmadingiz, 43  musofir edim, mehmon qilmadingiz, kiyimsiz edim, kiyintirmadingiz, kasal edim, g‘amxo‘rlik qilmadingiz, qamoqda edim, xabar olib turmadingiz”. 44  Ular esa shunday deb unga savol berishadi: “Hazrat, qachon biz sizning och yurganingizni yoki suvsaganingizni, musofir bo‘lib yurganingizni yoki kiyimsiz ekaningizni, kasal yoki qamoqda bo‘lganingizni ko‘rib, xizmatingizda bo‘lmadik?” 45  U esa shunday deb aytadi: “Ishonavering, eng kichik birodarlarimdan biriga qilmagan bo‘lsangiz, menga ham qilmagan bo‘lasiz”+. 46  Ular abadiy yo‘q bo‘lib ketishadi+, odil kishilar esa mangu hayotga ega bo‘lishadi»+.

Izohlar

Yoki «dono; mulohazali».
Yunon talanti=20,4 kg. Ilovaning B14 mavzusiga q.