Mark 15:1-47
15 Tongotarda bosh ruhoniylar, oqsoqollar, ulamolar va butun Oliy Kengash kelishib olishgandan keyin Isoni bog‘lashdi-da, olib borib Pilatga topshirishdi+.
2 Shunda hokim Pilat Isoga shunday savol berdi: «Sen yahudiylarning shohimisan?»+ Unga javoban Iso: «O‘zingiz aytdingiz»,— dedi+.
3 Bosh ruhoniylar esa Isoni ko‘p narsada ayblashardi.
4 Keyin Pilat yana Isoni so‘roq-savol qilib: «Xo‘sh, nega javob bermaysan?+ Qara, senga qarshi qancha ayblovlar yog‘ilyapti»+,— dedi.
5 Lekin Iso indamagani uchun Pilat hayron bo‘ldi+.
6 Odatda har Fisih bayramida xalq talabiga binoan, Pilat biron-bir mahbusni ozod etardi+.
7 O‘sha paytda Barabba ismli bir kishi qamoqda o‘tirgandi. U g‘alayon paytida qotillik qilgan boshqa isyonchilar bilan birga edi.
8 Xaloyiq to‘planib, ular uchun har yili qilinadigan narsani Pilatdan so‘ray boshladi.
9 Pilat esa ulardan: «Yahudiylarning shohini ozod qilishimni istarmidingiz?»+ — deb so‘radi.
10 Sababi, bosh ruhoniylar Isoni ko‘rolmagani uchun uning qo‘liga topshirishganini Pilat bilardi+.
11 Ammo bosh ruhoniylar Isoning o‘rniga Barabbani ozod etishni Pilatdan so‘ranglar, deb xalqni qayrab qo‘yishdi+.
12 So‘ng Pilat ulardan yana so‘radi: «Unda, sizlar yahudiylarning shohi, deb atagan kishini nima qilay?»+
13 Xalq yana: «Uni ustunga mixlating!» — deya baqirdi+.
14 Pilat tag‘in ulardan: «Nega? U nima yomonlik qilgan?» — deb so‘radi. Ular esa yana battar baqirib: «Uni ustunga mixlating!»+ — deyishdi.
15 Shunda Pilat xaloyiqning ko‘nglini olish niyatida Barabbani ozod qildi, Isoni esa qamchilatib+, ustunga mixlash uchun topshirdi+.
16 Keyin askarlar Isoni hokim saroyining hovlisiga olib kelishdi va barcha askarlarni o‘sha yerga chaqirtirishdi+.
17 Askarlar tikanlardan toj o‘rib, egniga qirmizi rangli yopinchiq tashlashdi-da:
18 «Salom, yahudiylarning shohi!»+ — deya boshlashdi.
19 Uni qamish tayoq bilan boshiga urishar, tupurishar va tiz cho‘kib ta’zim qilishardi.
20 Masxara qilib bo‘lishgach, egnidagi qirmizi yopinchiqni yechib, ustki kiyimini kiydirishdi-da, ustunga mixlash uchun olib ketishdi+.
21 Ular yo‘lda Iskandar va Rufusning otasi bo‘lmish kirineyalik Simunni uchratib qolishdi. U kishi daladan qaytayotgan edi. Uni azob ustunini* ko‘tarib borishga majburlashdi+.
22 Oxiri ular Isoni Go‘lgota degan joyga olib kelishdi. Bu so‘zning tarjimasi «Boshsuyagi» degani+.
23 O‘sha yerda Isoga mirra* aralashtirilgan sharobni ichirmoqchi bo‘lishdi+, ammo u ichishni xohlamadi.
24 So‘ngra Isoni ustunga mixlashdi va uning ustki kiyimini bo‘lishib, kim nima oladi deb qur’a tashlashdi+.
25 Taxminan kunduzi soat to‘qqizda* Isoni ustunga mixlashdi.
26 Boshining tepasida esa uning aybini ko‘rsatuvchi: «Bu yahudiylarning shohidir»,— degan yozuvni osib qo‘yishdi+.
27 Iso bilan birga ikkita qaroqchini ham mixlab qo‘yishgandi — biri o‘ng, ikkinchisi chap tomonida edi+.
28 * ——
29 O‘tib ketayotganlar boshlarini chayqagancha+, Isoni haqoratlab shunday deyishardi: «Hoy, ma’badni buzib uch kun ichida tiklaydigan+,
30 o‘zingni o‘zing qutqar-chi! Qani, azob ustunidan tush-chi!»
31 Shunga o‘xshab bosh ruhoniylar bilan ulamolar o‘zaro Isoni masxara qilib, quyidagicha aytishardi: «Boshqalarni qutqarardi-yu, o‘zini qutqara olmayapti-ya!+
32 Qani, Isroilning shohi Masih azob ustunidan tushib ko‘rsin-chi, shunda biz unga ishonamiz»+. Hatto Iso bilan birga ustunga mixlangan qaroqchilar ham uni haqoratlashardi+.
33 Kunduzi soat o‘n ikkilarda* butun yerni zulmat bosdi va bu taxminan soat uchgacha* davom etdi+.
34 Soat uchlar chamasida Iso baland ovozda shunday deb baqirdi: «Eli, Eli, lama sabaqtani?» Bu so‘zlarning tarjimasi: «Allohim, Allohim, nega meni tashlab qo‘yding?»+ — demakdir.
35 O‘sha yerda turgan ba’zilar buni eshitib: «Qaranglar! U Ilyos payg‘ambarni chaqiryapti»,— deya boshlashdi.
36 Bir kishi yugurib borib shimgichni oldi-da, uni achigan sharobga botirdi. Keyin qamish tayoqga ilib, Isoga ichirish uchun uzatdi-da+: «To‘xtanglar-chi! Qani ko‘raylik, Ilyos payg‘ambar kelib uni qutqararmikin»,— dedi.
37 Lekin Iso yana baland ovozda baqirdi. Shundan so‘ng uning nafasi uzildi+.
38 Shu ondayoq ma’baddagi parda+ yuqoridan pastgacha ikkiga bo‘linib, yirtilib ketdi+.
39 Isoni qo‘riqlab turgan yuzboshi Isoning qanday jon berganini ko‘rib: «Chindan ham bu kishi Xudoning O‘g‘li bo‘lgan ekan»+,— dedi.
40 Bu hodisalarni uzoqdan kuzatib turgan ayollar ham bor edi. Jumladan, magdalalik Maryam, kichik Yoqub bilan Yozesning* onasi Maryam va Salomiya ularning orasida edi+.
41 Bu ayollar Iso Jalilada bo‘lganida unga xizmat qilib, hamroh bo‘lishgan edi+. Shuningdek, Iso bilan birga Quddusga kelgan boshqa ko‘p ayollar ham bor edi.
42 Kech kirayotgandi va Shabbat arafasida Tayyorgarlik kuni* bo‘lgani uchun,
43 Xudoning Shohligi kelishini kutib yurgan obro‘li Kengash a’zosi arimateyalik Yusuf keldi. Bu kishi jasoratga to‘lib Pilatning oldiga bordi-da, Isoni dafn etish uchun ruxsat so‘radi+.
44 Lekin Pilat Isoning darrov o‘lganiga hayron qoldi. Shunda u yuzboshini chaqirib, Iso chindan ham o‘ldimikin deb so‘radi.
45 Keyin Pilat yuzboshidan bu rost ekanini bilib, jasadni Yusufga berdi.
46 Yusuf jasadni ustundan tushirib, o‘zi sotib olgan a’lo sifatli zig‘ir kafanga o‘radi-da, qoyada o‘yilgan yangi qabrga qo‘ydi+. So‘ng qabr og‘ziga katta toshni yumalatib qo‘ydi+.
47 Magdalalik Maryam va Yozesning onasi Maryam esa jasad qo‘yilgan joyga qarab turaverishdi+.
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «uchinchi soatda».
^ So‘zma-so‘z «oltinchi soatda».
^ So‘zma-so‘z «to‘qqizinchi soatgacha».
^ Boshqa variant «Yusufning».