Luqo 11:1-54
11 Kunlarning birida Iso bir joyga ibodat qilgani bordi. Ibodatini tugatgach, shogirdlaridan biri: «Hazrat, Yahyo o‘z shogirdlariga o‘rgatganiday, bizga ham ibodat qilishni o‘rgating»,— deb so‘radi.
2 Shunda Iso shogirdlariga dedi: «Ibodat qilayotganingizda shunday deb aytinglar: “Ey Otamiz, isming muqaddas bo‘lsin*+. Shohliging kelsin+.
3 Ehtiyojimizga yarasha rizq-ro‘zimizni* ber+.
4 Gunohlarimizni kechir+, chunki biz ham o‘zimizga qarshi gunoh qilganlarni* kechiryapmiz+. Vasvasaga berilib ketishimizga yo‘l qo‘yma*”»+.
5 So‘ngra ularga quyidagilarni aytdi: «Orangizdan biror kishining do‘sti bor, deb faraz qilaylik. U yarim kechada o‘sha do‘stinikiga borib: “Og‘ayni, uchta non berib tur.
6 Uzoqdan bir do‘stim kelib qoldi. Oldiga qo‘yadigan hech narsam yo‘q”,— debdi.
7 Og‘aynisi esa ichkaridan: “Meni bezovta qilma. Eshik qulf, bolalarim ham yonimda yotishibdi. Endi o‘rnimdan turib, senga hech narsa bera olmayman”,— deya javob beribdi.
8 Sizlarga aytib qo‘yay, o‘z do‘sti bo‘lgani uchun o‘rnidan turib, biror narsa bermasa-da, u qayta-qayta so‘rayvergani tufayli+ o‘rnidan turib, unga kerak bo‘lgan hamma narsani beradi.
9 Bundan xulosa shuki, so‘rab turinglar+ va sizlarga beriladi, izlab turinglar va topasizlar, taqillatib turinglar va sizlarga eshik ochiladi+.
10 Chunki so‘raganga beriladi+, izlagan topadi, taqillatganga eshik ochiladi.
11 Orangizdagi qaysi bir ota, o‘g‘li undan baliq so‘rasa, o‘rniga ilon beradi?+
12 Yoki tuxum so‘rasa, unga chayon beradi?
13 Shunday ekan, agar sizlar gunohkor bo‘la turib bolalaringizga yaxshi hadyalarni berishni bilar ekansiz, samoviy Otangiz ham Undan so‘raganlarga muqaddas ruhni berishi muqarrar!»+
14 Keyinroq Iso bir kishidan, uni soqov qilgan yovuz ruhni quvib chiqardi+. Shundan so‘ng soqov odam so‘zlay boshladi. Bundan olomon hayratda qoldi+.
15 Ammo ba’zilar: «U jinlar hukmdori Baalzabubning* yordami bilan jinlarni quvib chiqaryapti»+,— deyishdi.
16 Boshqalar esa Isoni sinash niyatida, osmondan alomat ko‘rsatishini talab qilishdi+.
17 Ularning o‘y-fikrini bilgan+ Iso shunday dedi: «Ichidan bo‘lingan har qanday shohlik vayron bo‘ladi. Ichidan bo‘lingan har bir uy ham xarob bo‘ladi.
18 Shu singari, Shayton ichidan bo‘lingan bo‘lsa, uning shohligi qanday tura oladi? Sizlar bo‘lsa meni, jinlarni Baalzabubning yordami bilan quvib chiqaryapsan, deyapsizlar.
19 Bordi-yu, men jinlarni Baalzabubning yordami bilan quvib chiqarayotgan bo‘lsam, unda izdoshlaringiz kimning kuchi bilan quvib chiqarishyapti? Shu yo‘sin, ular nohaqligingizni oshkor etishadi.
20 Agar men Allohning qudrati*+ bilan jinlarni quvib chiqarayotgan bo‘lsam, Xudoning Shohligi sizlarga yetib kelgani aniq+.
21 Baquvvat kishi o‘z uyini yaxshi qurollanib himoyalasa, mol-mulki bexatar bo‘ladi.
22 Ammo undan kuchlirog‘i hujum qilib uni yengsa, u tayangan barcha qurol-yarog‘ini tortib oladi-da, o‘ljasini boshqalar bilan bo‘lishadi.
23 Kim men tarafda bo‘lmasa, menga qarshidir. Men bilan birga yig‘magan, sochadi+.
24 Yovuz ruh odamning ichidan chiqqach, o‘ziga maskan izlab suvsiz yerlarni aylanadi-yu, ammo panoh topolmay, o‘ziga: “Tark etgan makonimga qaytib boray”,— deydi+.
25 Qaytib kelganda esa u joyni supurib-sidirilgan, bezatilgan holda topadi.
26 Shunda u borib o‘zidan ham yovuzroq yettita boshqa ruhni olib keladi va ular o‘sha makonga kirib yashay boshlashadi. Bunday insonning hozirgi ahvoli avvalgisidan battarroq bo‘ladi».
27 Iso bu so‘zlarni aytayotganda, xaloyiq orasidan bir ayol ovozini baland qilib: «Seni tuqqan va emizgan ayol baxtlidir!»+ — dedi.
28 Lekin Iso: «Aniqrog‘i, Tangrining kalomini tinglab, uni bajo keltirganlar baxtlidir!»+ — deb aytdi.
29 Uning atrofiga ko‘pdan-ko‘p xaloyiq to‘plangach, Iso so‘z boshladi: «Bu yovuz nasl alomat izlayapti, lekin unga Yunus payg‘ambarnikidan boshqa alomat ko‘rsatilmaydi+.
30 Yunus+ payg‘ambar nineviyaliklar* uchun bir alomat bo‘lganidek, Inson O‘g‘li ham bu nasl uchun alomat bo‘ladi.
31 Janub malikasi+ ham Hukm kunida shu nasl bilan birga tirilib, uni hukm etadi. Zero u Sulaymonning hikmatlarini tinglash uchun dunyoning narigi chetidan kelgan edi. Lekin qarshingizda turgan kishi Sulaymondan ham donoroqdir+.
32 Nineviyaliklar Hukm kunida shu nasl bilan birga tirilib, uni hukm qilishadi. Chunki ular Yunus payg‘ambarning va’zini eshitib, tavba qilishgan edi+. Lekin qarshingizda turgan kishi Yunusdan ham buyukroqdir.
33 Hech kim moychiroqni yoqib, uni ko‘rinmas yerga yoki savatning* tagiga qo‘ymaydi. Aksincha, kirganlar yorug‘likni ko‘rsin, deya uni chiroqpoyaga qo‘yadi+.
34 Ko‘z — tananing chirog‘i. Agar ko‘zingiz faqat bir narsaga qaratilgan* bo‘lsa, butun tanangiz yorug‘ bo‘ladi. Bordi-yu, ko‘zingiz narsalarga hasad bilan qaraydigan bo‘lsa*, unda butun tanangiz zim-ziyo bo‘ladi+.
35 Shuning uchun ehtiyot bo‘ling, tag‘in sizdagi nur qorong‘i bo‘lmasin.
36 Agar butun tanangizning hech bir qismi qorong‘ilikda emas, yorug‘likda bo‘lsa, go‘yo moychiroqning nuri tushayotganday, butun tanangiz yorug‘ bo‘ladi».
37 Iso so‘zini tugatgach, bir farziy uni tushlikka taklif qildi. Iso unikiga borib, dasturxon atrofiga yonboshladi.
38 Biroq farziy Isoning ovqatlanishdan oldin qo‘lini yuvmaganini* ko‘rib hayron qoldi+.
39 Shunda Hazratimiz unga shunday dedi: «Siz farziylar, piyola-yu tovoqning sirtini tozalaysizlar, lekin ichingiz ochko‘zlik va yovuzlikka to‘la+.
40 Ey aqlsizlar! Axir sirtni yaratgan, ichni ham yaratgan emasmi?
41 Shunday ekan, ko‘nglingizdan chiqarib xayr-sadaqa beringlar. O‘shanda butunlay toza bo‘lasizlar.
42 Ey farziylar, holingizga voy! Zero sizlar yalpiz, ruta* va har xil ko‘katlardan ushr berasiz-u+, adolat hamda Allohni sevish amriga ahamiyat bermay qo‘ygansiz. Ularni bajarish kerak bo‘lganiday, boshqalarini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim+.
43 Ey farziylar, holingizga voy! Chunki sizlar ibodatxonalarda to‘rda o‘tirishni va bozor maydonlarida alik olishni yaxshi ko‘rasiz+.
44 Holingizga voy! Negaki sizlar odamlar bilmay bosib o‘tib ketadigan qabrlarga o‘xshaysiz»+.
45 Bundan so‘ng bir Tavrot tafsirchisi: «Ustoz, bu so‘zlaringiz bilan bizni xafa qilyapsiz-ku»,— dedi.
46 Iso bo‘lsa shunday dedi: «Ey Tavrot tafsirchilari, holingizga voy! Chunki sizlar ko‘tarib bo‘lmaydigan yuklarni odamlarga tashlab qo‘yasiz-u, o‘zlaringiz esa bu yuklarga hatto barmog‘ingizni ham tekkizmaysiz+.
47 Holingizga voy! Zero sizlar ota-bobolaringiz o‘ldirgan payg‘ambarlarga maqbaralar qurasiz+.
48 Sizlar ota-bobolaringizning ishlarini bilasiz-u, ammo ularni ma’qullayapsiz. Ular payg‘ambarlarni o‘ldirishgan edi+, sizlar esa payg‘ambarlarga maqbara qurib yuribsiz.
49 Shu sababli, Xudo donolik bilan shunday degan: “Men ularga payg‘ambarlar-u havoriylarni yuboraman. Ulardan ayrimlarini o‘ldiradilar, ba’zilarini esa quvg‘un qiladilar.
50 Shuning uchun dunyoga asos solinganidan beri barcha payg‘ambarlarning to‘kilgan qoni uchun bu avlod javobgarlikka tortiladi+.
51 Hobilning qonidan+ tortib, ma’bad bilan qurbongoh o‘rtasida o‘ldirilgan Zakariyoning qonigacha shu nasldan talab qilinadi”+. Ha, bilib qo‘yinglar, ularning qoni uchun bu avlod javobgarlikka tortiladi.
52 Ey Tavrot tafsirchilari, holingizga voy! Zero sizlar bilimning kalitini olib, o‘zlaringiz ham kirmadingiz, kirmoqchi bo‘lganlarga ham to‘sqinlik qildingiz»+.
53 Iso u yerdan chiqib ketayotganda, ulamo-yu farziylar uni qattiq siquvga olib, yana boshqa savollar yog‘dira boshladilar.
54 Bu bilan ular Isoni so‘zidan tuzoqga ilintirmoqchi edilar+.
Izohlar
^ Yoki «muqaddas tutilsin».
^ So‘zma-so‘z «nonimizni».
^ So‘zma-so‘z «qarzdor bo‘lganlarni».
^ So‘zma-so‘z «Bizni vasvasaga duchor qilma».
^ So‘zma-so‘z «barmog‘i».
^ Yoki «naynavoliklar».
^ Don-dunlar o‘lchanadigan idish.
^ Yoki «tiniq». So‘zma-so‘z «ko‘zingiz oddiy».
^ So‘zma-so‘z «yovuz bo‘lsa».
^ Bu, yahudiylarning poklanish rasm-rusumidir.
^ Yun. peganon. Dorivor o‘simlik va ziravor sifatida foydalanilgan.