Hizqiyo 26:1-21
26 O‘n birinchi yili, oyning birinchi kunida Yahova so‘zini yana menga ayon qildi:
2 «Ey inson o‘g‘li, Tir Quddusga qarshi+: “Ajab bo‘pti! Xalqlarning darvozasi sindi!+ Endi hammasi meniki bo‘ladi. U xonavayron bo‘lgani tufayli men boyib ketaman”,— degani uchun,
3 Oliy Hukmdor Yahova shunday demoqda: “Hoy Tir, Men sening dushmaningman. Dengiz to‘lqinlari ko‘tarilganiday, Men ham xalqlarni senga qarshi ko‘taraman.
4 Ular Tirning devorlarini buzib, minoralarini vayron qilishadi+. Tuprog‘ingni sidirib olib, seni yalang‘och qoyaga aylantiraman.
5 Sen dengiz o‘rtasidagi to‘rlar quritiladigan joyga aylanasan”+.
“Chunki buni Men aytdim, — demoqda Oliy Hukmdor Yahova. — Xalqlar seni talon-toroj qilishadi.
6 Shahar tashqarisidagi qishloqlaring aholisi qilichdan o‘tkaziladi. Shunda hamma Men Yahova ekanimni bilib oladi”.
7 Oliy Hukmdor Yahova shunday demoqda: “Mana, Men Bobil shohi Navuxodonosorni* Tirga qarshi ko‘taraman+. U otliqlari+, jang aravalari+, suvorilari va ulkan lashkari bor shohanshohdir+.
8 U shahar tashqarisidagi qishloqlaring aholisini qilichdan o‘tkazadi. Senga qarshi qamal devorini qurib, qiyalatib tuproq uyadi va senga qarshi ulkan qalqon ko‘taradi.
9 U devorteshar qurollar bilan devorlaringga zarba beradi, boltalar bilan minoralaringni buzadi.
10 Uning otlari shunchalik ko‘p bo‘ladiki, ustingni chang qoplaydi. Devorlari buzilgan shaharga bostirib kirganday, u darvozalaringdan kirganida suvorilar, g‘ildiraklar va aravalar tovushidan devorlaring silkinib ketadi.
11 Otlarining tuyoqlari barcha ko‘chalaringni toptaydi+, u odamlaringni qilichdan o‘tkazadi va ulkan ustunlaring yer bilan yakson bo‘ladi.
12 Ular boyliklaringni tortib olib, mol-mulkingni talashadi+, devorlaringni buzib, hashamatli uylaringni vayron qilishadi. So‘ng toshlaringni, yog‘ochlaringni va tuprog‘ingni suvga uloqtirib tashlashadi”.
13 “Shunday qilamanki, senda qo‘shiqlar sadosi yangramaydi, arfalar taronasi boshqa eshitilmaydi+.
14 Seni yalang‘och qoyaga aylantiraman. Sen to‘rlar quritiladigan joy bo‘lasan+. Sen hech qachon qayta qurilmaysan, chunki buni Men — Yahova aytdim”,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova.
15 Oliy Hukmdor Yahova Tirga shunday demoqda: “Qulashingning shovqinidan, o‘layotgan kishilarning ingrashidan, xunrezlik sodir bo‘lganidan orollar larzaga keladi!+
16 Jamiki dengiz beklari taxtlaridan tushib, liboslariyu naqshli kiyimlarini yechishadi. Ularni qo‘rquv bosadi. Tuproqga o‘tirib olib dag‘-dag‘ titrashadi, ajablanib senga qarab qolishadi+.
17 Shunda ular senga atab motam qo‘shig‘ini kuylashadi+ va shunday deyishadi:
“Ey, dengizlardan kelganlarga makon bo‘lgan mashhur shahar, sen yo‘q bo‘lib ketding-ku!+Sen va senda yashovchilar dengizda qudratli edingiz+.Yer yuzining barcha odamlarini vahimaga solarding!
18 Sen qulagan kunda orollar larzaga keladi,Butunlay vayron bo‘lganingda, dengizdagi orollar sarosimaga tushadi”+.
19 Oliy Hukmdor Yahova shunday demoqda: “Seni kimsasiz shaharlardek vayron qilganimda, seni jo‘shqin suvlarga cho‘ktirganimda, kuchli suvlar seni bosganida+,
20 odamlarni qabrga* tushirganimdek, seni ham allaqachon o‘lib ketgan odamlarning oldiga tushiraman. Shunday qilamanki, qadimda vayron bo‘lib ketgan joylar singari, sen ham qabrga tushganlar bilan birga eng past joyni makon qilasan+, toki senda hech qachon odamlar yashamasin. Odamlar yashaydigan yurtni esa ko‘rkam qilaman.
21 Men qo‘qqisdan boshingga kulfat keltiraman va sen butunlay yo‘q bo‘lasan+. Ular seni izlashadi, lekin hech qachon topa olishmaydi”,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova».
Izohlar
^ Yoki «Navuxadnazar». So‘zma-so‘z «Navuxadrazar», yozilishning yana bir varianti.
^ Yoki «chuqurga».