Havoriylar 14:1-28

  • Ikoniyadagi o‘sish va ta’qiblar (1-7)

  • Listradagilar havoriylarni xudo deb o‘ylashadi (8-18)

  • Pavlusni toshbo‘ron qilishadi, ammo u tirik qoladi (19, 20)

  • Jamoatdagilar imonda mustahkamlanadi (21-23)

  • Suriyadagi Antioxiyaga qaytish (24-28)

14  Ikoniyada Barnabo bilan Pavlus yahudiylarning ibodatxonasiga kirib va’z aytishdi. Natijada talaygina yahudiy va yunonlar Isoning izdoshi bo‘lishdi.  Ammo ishonmagan yahudiylar o‘zga xalq vakillariga yomon ta’sir o‘tkazib, ularni birodarlarga qarshi qo‘zg‘atishdi+.  Barnabo bilan Pavlus esa u yerda bir muncha vaqt qolib, Yahovaning* nomidan jasorat bilan va’z qilishdi. Alloh bo‘lsa, ularning qo‘li bilan alomatlar-u mo‘jizalar yaratish orqali, inoyati to‘g‘risidagi xabar haqida shohidlik berdi+.  Shunda shahar aholisi ikkiga bo‘lindi: bir qismi yahudiylarning, boshqasi havoriylarning tomonini egalladi.  O‘zga xalq vakillari yahudiylar va ularning boshliqlari bilan til biriktirishdi-da, Pavlus va Barnaboga ozor berib, ularni toshbo‘ron qilmoqchi bo‘lishdi+.  Bundan xabar topgach, ikkalasi ham Likaoniya, Listra hamda Derbe shaharlariga va atrofdagi o‘lkalarga qochib ketishdi+.  U yerlarda xushxabarni va’z qilishdi.  Listrada oyoqlari tug‘ma cho‘loq bir kishi bor bo‘lib, umrida aslo yurmagan edi.  Bu kishi Pavlusni tinglab o‘tirgandi. Shunda Pavlus unga tikilib qaradi-da, shifo topishi uchun imoni borligini ko‘rib+, 10  baland ovozda unga: «Oyoqga turing»,— dedi. U kishi o‘rnidan dik etib turdi-da, yura boshladi+. 11  Pavlusning qilgan ishini ko‘rgan olomon Likaoniya tilida ovozini balandlatib: «Xudolar inson qiyofasiga kirib, oldimizga tushibdi»+,— dedi. 12  Ular Barnaboni Zevs, Pavlusni esa ko‘proq so‘zlagani uchun Germes deb atashdi. 13  Shaharga kiraverishda joylashgan Zevs ibodatxonasining kohini olomon bilan birga qurbonliklar keltirmoqchi bo‘lib, shahar darvozasi oldiga ho‘kizlaru gulchambarlarni olib keldi. 14  Biroq havoriylar Barnabo va Pavlus bu haqda eshitishganda, kiyimlarini yirtib, olomon orasiga otilib kirishdi-da, baland ovozda shunday deyishdi: 15  «Nega bunday qilyapsizlar? Axir biz ham sizlarga o‘xshagan bandalarmiz+. Bu xushxabarni esa, sizlar befoyda narsalardan voz kechib, yer-u osmonni, dengiz va undagi bor narsalarni yaratgan barhayot Xudoga qaytishingiz uchun e’lon qilyapmiz+. 16  Avvallari Tangri barcha xalqlar o‘zlari istagancha yashashlariga yo‘l qo‘ygan edi+. 17  Shunday bo‘lsa-da, U ezgu ishlari bilan O‘zi to‘g‘risida shohidlik berib kelgan+. Alloh sizlarga osmondan yomg‘ir yog‘dirib, serhosil mavsumlarni taqdim etgan+. Shuningdek, oziq-ovqatni mo‘l-ko‘l berib, qalblaringizni quvonchga to‘ldirgan»+. 18  Ushbu so‘zlarni aytib, ular zo‘rg‘a olomonni qurbonlik keltirmaslikka ko‘ndirishdi. 19  Ammo shu payt Antioxiya va Ikoniyadan yahudiylar kelib, olomonni qayrab qo‘yishdi+. Shunda ular Pavlusni toshbo‘ron qilib, uni o‘ldi deb o‘ylashdi-da, shahar tashqarisiga sudrab chiqishdi+. 20  Lekin shogirdlar uning atrofiga to‘planganda, Pavlus o‘rnidan turib shaharga qaytib kirdi. Ertasiga u Barnabo bilan Derbe shahriga+ jo‘nadi. 21  O‘sha shaharda xushxabarni va’z qilib, ancha shogird tayyorlagandan so‘ng, ular Listra, Ikoniya va Antioxiyaga qaytishdi. 22  U yerdagi shogirdlarning ko‘nglini ko‘tarib+, imonini mustahkam qilishga undayotib: «Xudoning Shohligiga ko‘p qayg‘ulardan o‘tib kirishimiz kerak»+,— deyishdi. 23  Bundan tashqari, ular har bir jamoatda oqsoqollarni tayinlashdi+ va ibodat qilib, ro‘za tutgandan keyin+ ularni o‘zlari ishongan Yahovaning* qo‘liga topshirishdi. 24  So‘ngra Pisidiyadan o‘tib, Pamfiliyaga+ kelishdi. 25  Pergiyada Tangrining kalomini va’z qilgandan keyin Attaliyaga borishdi. 26  U joydan Antioxiyaga suzib ketishdi. O‘sha shaharda ilgari ularga Allohning inoyati bo‘yicha Uning ishi topshirilgandi. Endi ular bu ishni bajarib+ qaytishayotgan edi. 27  Antioxiyaga yetib kelgach, ular butun jamoatni yig‘ib, Xudo ular orqali ko‘p ishlar qilganini va o‘zga xalq vakillariga imon yo‘lini* ochgani to‘g‘risida so‘zlab berishdi+. 28  Shunday qilib, ular ancha vaqt shogirdlar bilan bo‘lishdi.

Izohlar

So‘zma-so‘z «imon eshigini».