Havoriylar 13:1-52
13 Antioxiyadagi mahalliy jamoatda payg‘ambarlar-u muallimlar bor edi+. Jumladan, Barnabo, Niger deb atalmish Simo‘n, kirineyalik Lukis, viloyat hokimi bo‘lmish Hirod bilan birga o‘qigan Manohim va Shoul.
2 Ular Yahovaga* xizmatlarini ado etib, ro‘za tutib yurishganida, muqaddas ruh ularga: «Barnabo bilan Shoulni+ menga ajratib qo‘yinglar. Men ularni muayyan ish uchun tanladim»+,— dedi.
3 Ular yana ro‘za tutib, ibodat qilishgandan so‘ng, Shoul hamda Barnaboning ustiga qo‘llarini qo‘yib, ularni jo‘natib yuborishdi.
4 Muqaddas ruh tomonidan yuborilgan Shoul bilan Barnabo Salavkiyaga borishdi va undan keyin Kiprga suzib ketishdi.
5 Salamis shahriga kelib, ular yahudiylarning ibodatxonalarida Allohning kalomini e’lon qilishardi. Ular bilan birga yordamchi sifatida Yuhanno ham bor edi+.
6 Butun orolni Pafosgacha aylanib chiqib, ular Bar-Iso degan yahudiy kishini uchratib qolishdi. U sehrgar va soxta payg‘ambar edi.
7 Bar-Iso aqlli bir kishi bo‘lmish viloyat hokimi Sergiy Pavlusning xizmatkori edi. O‘sha Sergiy Barnabo bilan Shoulni o‘zinikiga chaqirtirib, Tangrining kalomini eshitmoqchi bo‘ldi.
8 Ammo sehrgar Elimo* (Elimoning ma’nosi sehrgar) viloyat hokimini imondan qaytarish uchun ularga qarshilik ko‘rsata boshladi.
9 Shunda Pavlus deb atalmish Shoul muqaddas ruhga to‘lib, unga tikilib qaradi-da,
10 shunday dedi: «Ey, ichi har qanday hiyla-yu yaramaslikka to‘lib-toshgan odam, Iblisning o‘g‘li+ va barcha adolatli narsalarning dushmani! Qachongacha Yahovaning* to‘g‘ri yo‘llarini buzib yurasan?
11 Mana, Yahova* seni jazolaydi va ko‘zlaring ojiz bo‘lib, bir necha vaqt quyosh nurini ko‘rmay yurasan». Shu zahotiyoq uning ko‘zlarini quyuq tutun bilan zulmat qopladi. Shunda u atrofda o‘ziga bir yetaklovchi izlay boshladi.
12 Viloyat hokimi esa sodir bo‘lgan voqeani ko‘rgach, Isoning izdoshi bo‘ldi. Chunki Yahova* haqida bilgan narsalardan qoyil qolgandi.
13 Pavlus va uning hamrohlari Pafosdan chiqib, Pamfiliyadagi Pergiyaga suzib kelishdi. Biroq Yuhanno+ ularni qoldirib, Quddusga qaytgan edi+.
14 Ular bo‘lsa Pergiyadan yo‘lga chiqib, Pisidiyadagi Antioxiyaga kelishdi va Shabbat kuni ibodatxonaga+ kirib o‘tirishdi.
15 Tavrot va payg‘ambarlar kitobining qiroati tugaganda+, ibodatxona boshliqlari Pavlus bilan Barnaboga xabar yuborib: «Birodarlar, agar sizlarda xalq uchun dalda beradigan qandaydir so‘zlar bo‘lsa, marhamat qilib aytinglar»,— deyishdi.
16 Shunda Pavlus o‘rnidan turib, odamlar tinchlansin, deya qo‘li bilan imo qildi-da, quyidagilarni aytdi:
«Ey isroilliklar va barcha Allohdan qo‘rqqanlar, quloq solinglar.
17 Isroil xalqining Xudosi ota-bobolarimizni tanlagan. Bu xalq Misr yurtida musofir kabi yashaganda, Tangri uni yuksaltirgan, keyin u yerdan ularni qudratli qo‘li bilan olib chiqqan+.
18 Qariyb 40 yil mobaynida ularning qilmishlariga toqat qilgan+.
19 Kan’on diyorida yettita xalqni yo‘q qilgandan so‘ng, yerlarini Isroil xalqiga meros sifatida bergan+.
20 Bu hodisalar taxminan 450 yil davom etgan.
Bundan keyin esa ularga Shomuil payg‘ambar davrigacha hakamlar bergan+.
21 Lekin keyinchalik ular o‘zlariga shoh talab qilishganda+, Alloh ularga Benyamin qabilasidan Kish o‘g‘li Shoulni+ 40 yilga shoh qilib tayinlagan.
22 Xudo uni taxtdan tushirgandan so‘ng, Dovudni shoh qilib qo‘ygan+. U haqda Alloh shahodat berib, shunday degan: “Men ko‘nglimga yoqadigan odamni+, Essay+ o‘g‘li Dovudni topdim. U barcha istaklarimni bajaradi”.
23 Xudo va’dasiga ko‘ra uning zurriyotidan* Isroil xalqiga najotkor Isoni yuborgan+.
24 Isoning kelishidan oldin esa Yahyo butun Isroil xalqiga tavba qilish ramzi sifatida suvga cho‘mish kerakligini va’z qilgan+.
25 Yahyo xizmatini yakunlayotganda: “Meni kim deb hisoblaysizlar? Men u emasman. Lekin orqamdan kelayotgan kishining oyog‘idagi sandallarining bog‘ichini ham yechishga loyiq emasman”+,— deb aytgan.
26 Birodarlar, Ibrohimning avlodlari va Allohdan qo‘rqqanlar, ushbu najot to‘g‘risidagi xabar bizlarga yuborilgan+.
27 Quddus ahli va ularning rahbarlari uni tan olishmadi. Ular unga hukm chiqarib, payg‘ambarlar bashorat qilgan+ va har Shabbat kuni o‘qiladigan so‘zlarni bajarishdi.
28 Garchi ular Isoda o‘limga loyiq hech qanday ayb topmagan bo‘lishsa-da+, Pilatdan uni qatl qilishni talab etishdi+.
29 Iso haqda yozilgan barcha bashoratlarni amalga oshirgandan so‘ng esa uni ustundan tushirib qabrga qo‘yishdi+.
30 Lekin Alloh uni tiriltirdi+.
31 Iso o‘zi bilan birga Jaliladan Quddusga borganlarga ko‘p kunlar davomida ko‘rindi. Hozir esa ular Iso haqida xalq oldida shohidlik berishyapti+.
32 Xullas, biz sizlarga ota-bobolarimizga berilgan va’da to‘g‘risidagi xushxabarni e’lon etyapmiz.
33 Alloh Isoni tiriltirib+, bu bilan va’dasini biz uchun, ya’ni ularning bolalari uchun oxirigacha bajardi. Zaburning ikkinchi sanosida yozilganidek: “Sen Mening o‘g‘limsan, bugun Men sening Otang bo‘ldim”+.
34 Shuningdek, Xudo Isoni tiriltirgani va uning hech qachon chirimasligi to‘g‘risida shunday degan: “Men Dovudga va’da qilgan o‘zgarmas mehrimni* sizlarga ham namoyon etaman”+.
35 Shu bois Zaburning boshqa sanosida ham: “Sen sadoqatli xizmatchingning chirishiga yo‘l qo‘ymaysan”+,— deyilgan.
36 Dovud Allohning irodasini bajarib olamdan o‘tganda*, ota-bobolarining yoniga qo‘yilib tanasi chirigandi+.
37 Xudo tiriltirgan zotning tanasi esa chirimadi+.
38 Shunday ekan, birodarlar, shuni bilinglarki, u orqali gunohlaringiz kechirilishi sizlarga e’lon qilinmoqda+.
39 Musoning Tavrot kitobi asosida sizlar aybdor deb e’lon etilgan bo‘lsangiz+, Isoga ishongan har bir kishi u orqali aybsiz deb e’lon qilinmoqda+.
40 Lekin ehtiyot bo‘linglar, toki sizlar bilan payg‘ambarlar kitoblarida aytilgan mana shu so‘zlar yuz bermasin:
41 “Ey, xor qiluvchilar, qaranglar va qoyil qolib, yo‘q bo‘linglar. Chunki sizlarning davringizda Men bir ish qilamanki, bu haqda sizlarga birov batafsil aytib bersa ham, hech qachon ishonmaysizlar”»+.
42 Pavlus bilan Barnabo chiqib ketishayotganda, odamlar ulardan bu haqda keyingi Shabbat kuni ham aytib berishlarini iltimos qilishdi.
43 Ibodatxonadagi jamoat tarqalganidan so‘ng, aksariyat yahudiylar va yahudiy diniga kirgan odamlar Pavlus bilan Barnaboning orqasidan ergashishdi. Sababi, Pavlus va Barnabo ular bilan suhbatlashib, Allohning inoyatidan ayrilmaslikka undashgan edi+.
44 Keyingi Shabbat kuni deyarli butun shahar Yahovaning* kalomini eshitishga to‘plandi.
45 Shuncha odamni ko‘rgach, yahudiylar hasadga to‘lishdi va Pavlusning aytgan gaplariga qarshi chiqib, uni haqorat qila boshlashdi+.
46 Keyin Pavlus va Barnabo jasorat bilan shunday deyishdi: «Aslida Xudoning kalomi birinchi bo‘lib sizlarga aytilishi kerak edi+. Lekin sizlar uni rad etib, o‘zlaringizni abadiy hayotga munosib ko‘rmaganingiz uchun, biz boshqa xalqlarga murojaat qilyapmiz+.
47 Chunki Yahova* bizga amr etib, shunday degan: “Yer chekkalarigacha najot keltirishing uchun, Men seni boshqa xalqlarga nur qilib berdim”»+.
48 Bularni eshitgach, o‘zga xalqlardagi odamlar xursand bo‘lib, Yahovaning* kalomini sharaflay boshlashdi. Mangu hayotga eltuvchi haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lgan barcha Isoning izdoshi bo‘ldi.
49 Bundan tashqari, Yahovaning* kalomi butun o‘lka bo‘ylab tarqalib borardi.
50 Biroq yahudiylar obro‘li va xudojo‘y ayollarni hamda shahardagi mansabdor kishilarni, Pavlus bilan Barnaboni quvg‘un qilishga gijgijlashdi+. Shunda ular ikkovini shahardan quvib chiqarishdi.
51 Ular esa o‘sha odamlarga qarshi shohidlik bo‘lishi uchun oyoqlaridagi changni qoqib, Ikoniyaga ketishdi+.
52 Shogirdlar bo‘lsa quvonch+ va muqaddas ruhga to‘lib-toshishardi.
Izohlar
^ Bu 6- oyatdagi Bar-Iso.
^ So‘zma-so‘z «urug‘idan».
^ Yoki «mehr-sadoqatimni».
^ So‘zma-so‘z «o‘lim uyqusiga ketganda».