Hakamlar 12:1-15

  • Efrayimliklar bilan jang (1-7)

    • Shibbolet (6)

  • Hakamlar Ibsan, Elo‘n va Abdo‘n (8-15)

12  Efrayimliklar yig‘ilib daryoni kechib o‘tishdi-da, Zofunga* borishdi. Ular Yiftoxga: «Ommonliklar bilan jang qilgani borganingda, nega bizni chaqirmading?+ Endi uyingga qo‘shib o‘zingni ham yondirib yuboramiz»,— deyishdi.  Yiftox bo‘lsa ularga shunday javob berdi: «Men va odamlarim ommonliklar bilan qattiq janjallashib qoldik. Sizlarni yordamga chaqirdim, ammo sizlar meni ularning qo‘lidan qutqarmadingiz.  Meni qutqarishni istamayotganingizni ko‘rib, hayotimni xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da ommonliklarga qarshi chiqdim+ va Yahova ularni mening qo‘limga topshirdi. Xo‘sh, nega bugun men bilan urush qilgani keldingizlar?»  Yiftox giladliklarning+ hammasini yig‘ib, Efrayimga qarshi jang qildi. Chunki efrayimliklar: «Garchi siz giladliklar Efrayim bilan Manashe qabilalarining hududida yashasangiz ham, sizlar Efrayimdan kelgan bir guruh qochoqlarsiz»,— deyishgan edi. Shu sababli, giladliklar ularni tor-mor etishdi.  Giladliklar efrayimliklardan oldinroq Iordanning kechuv joylarini bosib olishdi+. Efrayimliklar qochmoqchi bo‘lib: «Narigi tomonga o‘tib ketaylik»,— deb kelishganida, giladliklar ularning har biridan: «Efrayimlikmisan?» — deb so‘rashardi. Agar: «Yo‘q!» — deya javob bersa,  unga: «Qani, shibbolet degin-chi»,— deyishardi. U yaxshi talaffuz qila olmagani uchun: «Sibbolet»,— deb aytardi. Shunda uni ushlab olib, Iordanning kechuv joyida o‘ldirishardi. O‘shanda 42 000 efrayimlik nobud bo‘ldi.  Yiftox olti yil Isroilda hakamlik qildi. So‘ng giladlik Yiftox vafot etdi va o‘z shahri Giladda dafn qilindi.  Yiftoxdan keyin baytlahmlik Ibsan Isroilda hakam bo‘ldi+.  Uning 30 ta o‘g‘li va 30 ta qizi bor edi. U qizlarini o‘z xonadonidan bo‘lmaganlarga uzatdi va o‘g‘illariga 30 ta qizni kelin qilib tushirdi. Ibsan yetti yil Isroilda hakamlik qildi. 10  U vafot etgach, Baytlahmda dafn qilindi. 11  Ibsandan keyin zabulunlik Elo‘n Isroilda hakamlik qildi. U o‘n yil Isroilda hakam bo‘ldi. 12  So‘ng zabulunlik Elo‘n hayotdan ko‘z yumdi va Zabulun diyoridagi Oyjavlonda dafn etildi. 13  O‘rniga piratonlik Xilliyolning o‘g‘li Abdo‘n Isroilda hakam bo‘ldi. 14  Uning 40 ta o‘g‘li va 30 ta o‘g‘il nevarasi bor bo‘lib, ular 70 ta eshakka minib yurishardi. Abdo‘n sakkiz yil Isroilda hakamlik qildi. 15  So‘ng piratonlik Xilliyolning o‘g‘li Abdo‘n vafot etdi va Efrayim diyoridagi Piratonda, Omolek xalqiga+ tegishli tog‘da dafn etildi.

Izohlar

Boshqa variant «shimol tomonga».