Ester 3:1-15
3 Bundan so‘ng, shoh Axashverash O‘gax naslidan+ bo‘lgan Xamadoto o‘g‘li Xomonning+ martabasini ko‘tarib, uni boshqa beklarning baridan yuksaltirdi+.
2 Shoh saroyining darvozasi oldidagi hamma xizmatkorlar muk tushib Xomonga ta’zim qilardi. Chunki shoh Xomonga shunday hurmat ko‘rsatishni amr etgan edi. Mordaxay esa unga muk tushib ta’zim qilmas edi.
3 Shoh saroyining darvozasi oldidagi xizmatkorlar Mordaxayga: «Nega shohning amriga bo‘ysunmayapsan?» — deyishardi.
4 Ular bu gapni unga har kuni aytishardi, ammo Mordaxay ularga quloq solmas edi. Shunda ular, qani Mordaxay nima qilar ekan, deb hammasini Xomonga yetkazishdi+. Chunki Mordaxay ularga yahudiy ekanini+ aytgan edi.
5 Mordaxay unga muk tushib ta’zim qilmayotganini ko‘rganida, Xomonning g‘azabi qaynab ketdi+.
6 Ular Mordaxay qaysi xalqdan ekanini aytishgach, birgina Mordaxayni yo‘q qilishni Xomon o‘ziga munosib ko‘rmadi. Shu bois, Xomon Axashverashning butun shohligida yashovchi yahudiylarning barini — Mordaxayning butun xalqini qirib tashlash uchun qulay fursat izlay boshladi.
7 Shoh Axashverash hukmronligining 12-yili+, birinchi oyida, ya’ni nison* oyida bu ish amalga oshiriladigan oy va kunni aniqlash uchun Xomonning oldida pur+, ya’ni qur’a tashlashdi. Qur’a 12-oyga, adar* oyiga+ tushdi.
8 Xomon shoh Axashverashga shunday dedi: «Shohligingizning barcha viloyatlaridagi+ xalqlar orasida tarqalib ketgan bir xalq bor+. Ularning qonunlari boshqa xalqlarning qonunlaridan farq qiladi. Bu xalq shohning qonunlariga bo‘ysunmaydi, ularning borligidan shoh hazratlariga hech qanday foyda yo‘q.
9 Agar shohimiz ma’qul ko‘rsalar, yahudiylarni yo‘q qilish to‘g‘risida farmon chiqarsinlar. Men shoh xazinasiga topshirilishi uchun mulozimlarga 10 000 talant* kumush beraman*».
10 Shunda shoh yahudiylarning dushmani — O‘gax+ naslidan bo‘lgan Xamadoto o‘g‘li Xomonga+ qo‘lidagi muhr uzugini yechib berdi+.
11 Shoh Xomonga: «Kumushni ham, xalqni ham senga beraman, ular bilan istaganingni qilaver»,— dedi.
12 Birinchi oyning 13- kuni shohning kotiblari+ chaqirildi. Ular Xomonning barcha buyruqlarini shoh satraplariga*, viloyat hokimlariga, turli xalqlarning beklariga — har bir viloyatga o‘z yozuvida va har bir xalqga o‘z ona tilida yozishdi+. Buyruq shoh Axashverash nomidan yozilib, shohning muhr uzugi bilan muhrlandi+.
13 Maktublar choparlar orqali barcha viloyatlarga yuborildi. Maktubdagi buyruqga ko‘ra hamma yahudiylar — yosh-u qari, ayollar-u bolalar bir kunning o‘zida, 12- oyda, ya’ni adar oyining 13-kuni o‘ldirilishi, qirilishi va yo‘q qilinishi+, ularning mol-mulki talon-toroj qilinishi+ kerak edi.
14 Ushbu hujjatda yozilganlar har bir viloyat uchun qonun bo‘lishi va bu kunga tayyor turishlari uchun barcha xalqlarga e’lon qilinishi kerak edi.
15 Choparlar shohning amriga ko‘ra tezda yo‘lga otlanishdi+. Bu qonun Suza+ qal’asida ham o‘qib eshittirildi. Shoh bilan Xomon sharob ichishga o‘tirishdi. Suza shahrining ahli esa nima bo‘layotganini tushunolmay, sarosimada edi.
Izohlar
^ Bir talant=34,2 kg. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ Boshqa variant «Bu ishni bajaradigan kishilarga berilishi uchun shoh xazinasiga 10 000 talant topshiraman».
^ Bu unvon «shohlik himoyachilari» degan ma’noga ega. Bu yerda Fors imperiyasining viloyat hukmdorlariga nisbatan qo‘llanilgan.