Chiqish 38:1-31
38 U kuydiriladigan qurbonliklar uchun akasiya daraxti yog‘ochidan qurbongoh yasadi. Qurbongoh to‘rtburchak shaklda bo‘lib, uzunligi besh tirsakni*, eni besh tirsakni, balandligi esa uch tirsakni tashkil etdi+.
2 Keyin u qurbongohning to‘rt burchagiga to‘rtta shox yasadi. Shoxlar bilan qurbongoh bir butunni tashkil etdi. U shoxlarni mis bilan qopladi+.
3 Bundan so‘ng, u qurbongoh uchun barcha anjomlarni: kul solinadigan chelaklar, kuraklar, kosalar, panshaxalar va olovkuraklarni yasadi. Ushbu barcha anjomlarni u misdan yasadi.
4 Shuningdek, u qurbongoh uchun panjara, ya’ni mis to‘r yasadi. To‘rni bo‘rtikning pastki qismiga o‘rnatdi, to‘r qurbongohning yarmigacha yetib bordi.
5 Keyin to‘rtta halqa quyib, xodalar kirgizish uchun halqalarni mis to‘rning yonidagi to‘rtta burchagiga o‘rnatdi.
6 So‘ng u qurbongoh uchun akasiya daraxti yog‘ochidan xodalar yasab, ularni mis bilan qopladi.
7 Qurbongohni ko‘tarib yurish uchun uning ikki tomonidagi halqalardan xodalarni o‘tkazdi. U qurbongohni taxtalardan, bo‘sh quti shaklida yasadi.
8 Keyin u misdan tos+ va uchrashuv chodiriga kiraverishida belgilangan tartibda xizmat qiluvchi ayollar qo‘llaydigan ko‘zgudan* tos uchun taglik yasadi.
9 U hovli uchun parda to‘qidi+. Hovlining janubga qaragan tomoni uchun a’lo sifatli zig‘ir tolasidan yigirilgan ipdan, uzunligi 100 tirsak keladigan parda to‘qidi+.
10 Hovli uchun misdan 20 ta ustun va o‘yig‘i bor 20 ta taglik yasadi. Ustunlarning ilgaklari va ulagichlarini kumushdan qildi.
11 Shimol tomonga ham uzunligi 100 tirsak keladigan parda tayyorladi. Parda uchun misdan 20 ta ustun va o‘yig‘i bor 20 ta taglik yasadi. Ustunlarning ilgaklari va ulagichlarini esa kumushdan qildi.
12 Hovlining g‘arbiy tomoniga uzunligi 50 tirsak keladigan parda tayyorladi. Parda uchun o‘nta ustun va o‘yig‘i bor o‘nta taglik yasadi. Ustunlarning ilgaklari va ulagichlarini esa kumushdan qildi.
13 Hovlining sharqiy, kunchiqar tarafiga ham eni bo‘ylab 50 tirsak keladigan parda tayyorladi.
14 Hovliga kiraverishning o‘ng tomoniga uzunligi 15 tirsak keladigan parda tayyorladi. Parda uchun uchta ustun va o‘yig‘i bor uchta taglik yasadi.
15 Hovliga kiraverishning chap tomoniga ham 15 tirsak keladigan parda tayyorladi. Parda uchun uchta ustun va o‘yig‘i bor uchta taglik yasadi.
16 Hovli atrofidagi pardalar a’lo sifatli zig‘ir tolasidan yigirilgan ipdan tayyorlandi.
17 Ustunlarning o‘yig‘i bor tagliklari misdan, ilgaklari va ulagichlari kumushdan qilindi. Ustunlarning tepa qismi kumush bilan qoplanib, hovli atrofidagi barcha ustunlarning ulagichlari kumushdan tayyorlandi+.
18 Hovliga kirish joyi uchun moviy ipdan, to‘q qizilga bo‘yalgan jundan, qirmizi ipdan va a’lo sifatli zig‘ir tolasidan yigirilgan ipdan parda to‘qildi. Uning uzunligi 20 tirsak, balandligi esa hovli pardasining balandligidek 5 tirsak qilib tayyorlandi+.
19 Parda uchun misdan to‘rtta ustun va o‘yig‘i bor taglik yasaldi. Ustunning ilgaklari va ulagichlari kumushdan tayyorlandi, tepa qismi kumush bilan qoplandi.
20 Muqaddas chodirning hamma qoziqlari hamda hovli atrofidagi qoziqlar misdan qilindi+.
21 Musoning buyrug‘iga binoan, shohidlik sandig‘i turgan muqaddas chodir+ uchun kerakli narsalar ro‘yxati tuzildi. Bu ro‘yxatni tuzish ruhoniy Horun o‘g‘li Itamarning+ qo‘l ostida bo‘lgan levilar zimmasida edi+.
22 Yahova Musoga nimani buyurgan bo‘lsa, Yahudo qabilasidan bo‘lgan Xurning nevarasi, Uri o‘g‘li Bazalil+ bularning barchasini bajardi.
23 Dan qabilasidan bo‘lgan Oxisamax o‘g‘li Oxoliyov+ ham u bilan birga edi. U ustaning, kashtachining, moviy ipdan, to‘q qizilga bo‘yalgan jundan, a’lo sifatli zig‘ir va qirmizi ipdan kashta tikuvchining hamda to‘quvchining ishlarini bajardi.
24 Muqaddas joydagi barcha ishlarni bajarish uchun, silkitiladigan nazr sifatida keltirilgan oltindan foydalanildi+. Oltinning og‘irligi 29 talant va muqaddas joyda asos qilib olingan shekel* bilan o‘lchanganda 730 shekelni tashkil etdi.
25 Jamoa orasidagi ro‘yxatga kiritilgan erkaklardan olingan kumushning og‘irligi 100 talant va muqaddas joyda asos qilib olingan shekel bilan o‘lchanganda 1 775 shekelni tashkil etdi.
26 Kishi boshidan yarim shekeldan olindi. Ro‘yxatga kiritilgan 20 va undan yuqori yoshdagi 603 550 kishining+ har biridan muqaddas joyda asos qilib olingan shekel bilan hisoblanganda yarim shekeldan olindi+.
27 Muqaddas joy uchun quyilgan o‘yig‘i bor tagliklar va pardalarning o‘yig‘i bor tagliklari uchun 100 talant ishlatildi. 100 ta o‘yig‘i bor taglik uchun 100 talant ishlatildi, har bir o‘yig‘i bor taglik uchun bir talantdan sarf qilindi+.
28 Ustunlarga ilgaklar yasash, ularning tepa qismini qoplash va birlashtirish uchun 1 775 shekel sarflandi.
29 Nazr etilgan* misning og‘irligi 70 talant-u 2 400 shekelni tashkil etdi.
30 Bu misdan uchrashuv chodiri kiraverishining o‘yig‘i bor tagliklarini, mis qurbongohni va uning mis panjarasi-yu barcha anjomlarini,
31 hovli atrofidagi o‘yig‘i bor tagliklarni, hovli kiraverishidagi o‘yig‘i bor tagliklarni, muqaddas chodir bilan hovlining barcha qoziqlarini yasadi+.
Izohlar
^ Bir tirsak=44,5 sm. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ Ya’ni yaxshi silliqlangan metall ko‘zgulardan.
^ Bir shekel=11,4 g. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ Yoki «silkitiladigan nazr sifatida keltirilgan».