Chiqish 37:1-29
37 Keyin Bazalil+ akasiya daraxti yog‘ochidan sandiq yasadi+. Sandiqning uzunligi ikki yarim, eni bir yarim, bo‘yi bir yarim tirsakni* tashkil etdi+.
2 So‘ng uni ichin-tashin sof oltin bilan qoplab, tepa qismining atrofiga oltindan bezak berib chiqdi+.
3 Bundan keyin to‘rtta oltin halqa quyib, ularni sandiqning to‘rtta oyog‘ining yuqori qismiga — ikkita halqani uning bir tomoniga, qolgan ikkitasini esa boshqa tomoniga o‘rnatdi.
4 So‘ng akasiya daraxti yog‘ochidan xodalar yasab+, ularni oltin bilan qopladi.
5 Shuningdek, sandiqni xodalar yordamida ko‘tarib yurish uchun, ularni sandiqning ikkala tomonidagi halqalarga kirgizib qo‘ydi+.
6 U sof oltindan, uzunligi ikki yarim, eni bir yarim tirsak keladigan qopqoq yasadi+.
7 Keyin u oltindan ikkita karub+ yasab, ularga bolg‘a bilan shakl berdi-da, qopqoqning ikki chetiga o‘rnatdi+.
8 Karubning birini qopqoqning bir chekkasiga, ikkinchisini boshqa chekkasiga o‘rnatdi. U karublarni qopqoqning ikki chetiga o‘rnatdi.
9 Karublarning qanotlari yuqoriga ko‘tarilgan bo‘lib, qopqoqga soya solib turardi+. Ular bir-biriga yuzma-yuz o‘rnatilib, yuzlari qopqoqqa qaratilgan edi+.
10 So‘ng u akasiya daraxti yog‘ochidan uzunligi ikki, eni bir, balandligi esa bir yarim tirsak keladigan stol yasadi+.
11 Stolni sof oltin bilan qoplab, tepa qismining atrofiga oltindan bezak berib chiqdi.
12 Keyin uning atrofi bo‘ylab to‘rt barmoq eniday* keladigan hoshiya yasab, hoshiya atrofiga oltindan bezak berib chiqdi.
13 Stol uchun to‘rtta oltin halqa quyib, halqalarni oyoqlar biriktirilgan to‘rtta burchakka o‘rnatdi.
14 Halqalar hoshiyaga yaqin qilib biriktirildi va stolni ko‘tarish uchun ularga xodalar kirgizildi.
15 Stolni xodalar yordamida ko‘tarib yurish uchun, u akasiya daraxti yog‘ochidan xodalar yasab, ularni oltin bilan qopladi.
16 Bundan so‘ng, u stolning ustida turishi uchun sof oltindan qilingan narsalar — laganlar, piyolalar, ichimlik nazrlari quyiladigan kosalar va ko‘zalarni yasadi+.
17 Keyin sof oltindan chiroqpoya yasab+, unga bolg‘a bilan shakl berdi. Uning tanasidan novdalar, gulkosalar, g‘unchalar va gullar chiqib turardi+.
18 Chiroqpoyaning tanasidan oltita novda — uchtasi bir tomonidan, uchtasi esa boshqa tomonidan chiqib turardi.
19 Bir tomonidagi novdalarning har biriga bodom guliga o‘xshash uchta gulkosa, har bir gulkosa orasiga esa g‘uncha va gul yasadi. Ikkinchi tomondagi novdalarning har biriga ham bodom guliga o‘xshash gulkosa, har bir gulkosa orasiga g‘uncha va gul yasadi. Chiroqpoyaning tanasidan xuddi shunday oltita novda chiqib turardi.
20 Chiroqpoyaning tanasidan bodom guliga o‘xshash to‘rtta gulkosa, har bir gulkosa orasiga esa g‘uncha va gul yasadi.
21 Chiroqpoya tanasidan chiqqan birinchi, ikkinchi va uchinchi ikkita novda tagiga ham — jami oltita novda tagiga g‘uncha yasadi.
22 G‘unchalar bilan novdalar hamda butun chiroqpoya bir bo‘lak sof oltindan bolg‘a bilan shakl berib yasaldi.
23 Keyin u yettita moychiroq+ hamda sof oltindan qisqichlar va olovkuraklar yasadi.
24 Chiroqpoya va uning barcha jihozlarini bir talant* sof oltindan yasadi.
25 So‘ng u akasiya daraxti yog‘ochidan tutatqi tutatiladigan qurbongoh yasadi+. Qurbongohning shakli to‘rtburchak bo‘lib, uzunligi bir tirsakni, eni bir tirsakni, balandligi esa ikki tirsakni tashkil etdi. Shoxlar bilan qurbongoh bir butundan iborat edi+.
26 U qurbongohning ustini, atroflarini, shoxlarini sof oltin bilan qoplab, tepa qismining atrofidagi bezagini oltindan qildi.
27 Bezak pastiga oltindan ikkitadan halqa yasab, ularni qurbongohning ikki yon tomoniga joylashtirdi. Qurbongohni ko‘tarib yurish uchun bu halqalardan xodalarni o‘tkazdi.
28 Bundan so‘ng, akasiya daraxti yog‘ochidan xodalar yasab, ularni oltin bilan qopladi.
29 Shuningdek, u moylash uchun ishlatiladigan muqaddas moy+ hamda toza xushbo‘y tutatqi+ tayyorladi. Ularni ustalik bilan aralashtirib tayyorladi.
Izohlar
^ Bir tirsak=44,5 sm. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ Taxm. 7,4 sm. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ Bir talant=34,2 kg. Ilovaning B14 mavzusiga q.