Shohlar to‘rtinchi kitob 4:1-44
4 Bir kuni payg‘ambarlar o‘g‘illaridan*+ birining xotini yig‘lab Elishayga dedi: «Xizmatkoringiz, mening erim, qazo qildi. O‘zingizga ma’lumki, xizmatkoringiz Yahovadan qo‘rqadigan kishi edi+. Endi bo‘lsa bizga qarz bergan odam kelib, bolalarimni qul qilib olib ketmoqchi».
2 Elishay unga: «Sizga qanday yordam bersam ekan?! Ayting-chi, uyingizda nima bor?» — deb so‘radi. Ayol javoban: «Cho‘ringizda bir ko‘za yog‘dan boshqa hech narsa yo‘q»+,— dedi.
3 Elishay unga: «Tashqariga chiqib, hamma qo‘shnilaringizdan bo‘sh idishlar so‘rab oling. Iloji boricha ko‘proq olib keling.
4 Keyin o‘g‘illaringiz bilan uyga kirib, ortingizdan eshikni yoping-da, yog‘ni o‘sha idishlarga quyib, to‘lganlarini chetga olib qo‘yavering»,— deb aytdi.
5 So‘ng ayol uyiga qaytdi.
U o‘g‘illari bilan uyga kirib, orqasidan eshikni yopdi. O‘g‘illari unga idishlarni berib turishdi, u esa to‘ldiraverdi+.
6 Idishlar to‘lgach, u o‘g‘illaridan biriga: «Yana idish ber»,— dedi+. U bo‘lsa: «Boshqa idish qolmadi»,— deb aytdi. Bundan keyin yog‘ ham oqmay qoldi+.
7 Ayol haq Xudoning odami oldiga borib, barini aytib berdi. Shunda u: «Boring-da, yog‘ni sotib, qarzingizni to‘lang. Ortib qolganiga o‘g‘illaringiz bilan kun kechirasiz»,— dedi.
8 Kunlarning birida Elishay Shunamga+ bordi. O‘sha yerda obro‘li bir ayol yashardi. U qo‘yarda-qo‘ymay Elishayni mehmonga chaqirdi+. U har safar o‘sha yerdan o‘tganda, bu ayolnikiga mehmonga kiradigan bo‘ldi.
9 Ayol eriga: «Biznikiga kelib turadigan kishi Allohning muqaddas odami ekanini bilaman.
10 Keling, tomga kichkinagina boloxona+ qurib, ichiga to‘shak, stol, kursi va chiroqpoya qo‘yaylik. U kishi biznikiga kelganda, shu xonada qolsin»+,— deb aytdi.
11 Bir kuni Elishay o‘sha yerga mehmonga bordi va boloxonaga ko‘tarilib, to‘shagiga cho‘zildi.
12 So‘ngra u xizmatkori Gaxaziga+: «Shunamlik+ ayolni chaqirib kel»,— dedi. Xizmatkori ayolni chaqirdi va u keldi.
13 Elishay Gaxaziga: «Ayoldan bunday deb so‘ra: “Bizni deb rosa ovora bo‘ldingiz+. Siz uchun nima qilsam bo‘ladi?+ Balki biron ishingiz yuzasidan shoh+ yoki lashkarboshi bilan gaplashish kerakdir?”» — dedi. Lekin ayol: «Hech qanday tashvishim yo‘q. Xalqim orasida tinch yashab yuribman»,— deya javob berdi.
14 Elishay Gaxazidan: «Unda bu ayol uchun qanday yaxshilik qilsa bo‘larkan?» — deb so‘radi. U bo‘lsa: «Uning o‘g‘li yo‘q+, eri esa qarib qolgan»,— dedi.
15 Elishay darhol: «Uni chaqir»,— dedi. Gaxazi ayolni chaqirdi va ayol eshik oldiga kelib turdi.
16 Elishay unga: «Kelasi yil shu paytda o‘g‘illi bo‘lasiz»+,— deb aytdi. Ayol bo‘lsa: «Taqsirim, siz haq Xudoning odamisiz-ku! Meni behudaga umidvor qilmang»,— dedi.
17 Biroq ayol homilador bo‘lib, Elishay aytganday, kelasi yili shu paytda o‘g‘il ko‘rdi.
18 Bola ulg‘aygach, bir kuni o‘roqchilar bilan yurgan otasining oldiga bordi.
19 Bir vaqt bola: «Voy boshim! Voy, boshim og‘riyapti!» — deya boshladi. Shunda otasi yordamchisiga: «Tezda bolani onasining oldiga olib bor»,— dedi.
20 U bolani onasiga olib bordi. Bola tush paytigacha onasining tizzasida o‘tirib, o‘lib qoldi+.
21 Ayol bolani olib, haq Tangrining odami+ yotadigan to‘shakka yotqizdi-da, ortidan eshikni yopib ketdi.
22 U erini chaqirib: «Iltimos, men haq Xudoning odami yoniga tezda borib kelishim uchun, bitta xizmatkor bilan eshak bering»,— deb aytdi.
23 Ammo eri: «Nega bugun uning yoniga bormoqchisan? Axir yangi oy+ ham chiqmagan, Shabbat kuni ham emas-ku»,— dedi. Lekin ayol: «Xavotirlanmang, hammasi joyida»,— deb aytdi.
24 Ayol eshakni egarlab, xizmatkoriga: «Tezroq hayda. O‘zim aytmagunimcha to‘xtama»,— deb buyurdi.
25 Shu tariqa, ayol Karmil tog‘idagi haq Tangrining odami yoniga ketdi. Haq Tangrining odami uni uzoqdan ko‘rishi bilanoq, xizmatkori Gaxaziga: «Qara, shunamlik ayol kelyapti!
26 Yugur, uni kutib olib, so‘rab bilgin-chi: o‘zi yaxshimikan, eri, bolasi eson-omonmikan»,— deb aytdi. Gaxazi u aytganday qildi va ayol unga javoban: «Hammasi yaxshi»,— dedi.
27 U toqga, haq Xudoning odami yoniga yetib kelgach, uning oyoqlarini mahkam quchoqlab oldi+. Gaxazi esa kelib, ayolni itarib yubormoqchi bo‘lganida, haq Xudoning odami: «Unga tegma! Chunki uning joni azob chekyapti. Qiziq, nega Yahova buni mendan yashirib aytmadi ekan-a?!» — dedi.
28 Ayol unga: «Taqsirim, sizdan o‘g‘il so‘raganmidim? Sizga: “Meni behudaga umidvor qilmang”+,— demaganmidim?» — deb aytdi.
29 U o‘sha zahoti Gaxaziga: «Kiyiming etagini belingga qistir-da+, mening tayog‘imni olib yo‘lga chiq. Yo‘lda kimnidir uchratsang, u bilan so‘rashma. Kimdir sen bilan so‘rashsa ham, alik olma. Borgin-da, tayog‘imni bolaning yuziga qo‘y»,— dedi.
30 Biroq bolaning onasi: «Barhayot Xudo Yahova va siz haqqi qasam ichib aytamanki, sizsiz ketmayman»+,— deb aytdi. Shunda Elishay o‘rnidan turib, yo‘lga chiqdi.
31 Gaxazi ulardan oldin yetib borib, tayoqni bolaning yuziga qo‘ydi, ammo na bir sado, na bir javob bo‘ldi+. Gaxazi Elishayga peshvoz chiqib: «Bola uyg‘onmadi»,— dedi.
32 Elishay uyga kirganda, bola uning to‘shagida o‘lib yotgan edi+.
33 Keyin u xonaga kirib, ortidan eshikni yopdi-da, Yahovaga ibodat qildi+.
34 Elishay bolaning ustiga cho‘zildi-da, og‘zini uning og‘ziga, ko‘zini ko‘ziga, kaftini kaftiga qo‘yib, shu holatda turdi va bolaning badani isiy boshladi+.
35 So‘ngra uyning ichida u yoqdan bu yoqga yurib, to‘shakda yotgan bolaning ustiga yana cho‘zildi. Shu payt bola yetti marta aksirdi-da, ko‘zlarini ochdi+.
36 Elishay Gaxaziga: «Shunamlik ayolni chaqir»,— dedi. U ayolni chaqirib keldi va Elishay ayolga: «O‘g‘lingizni oling»+,— deb aytdi.
37 Ayol xonaga kirdi va uning oyoqlariga yiqilib ta’zim qildi-da, o‘g‘lini olib chiqib ketdi.
38 Elishay Gilgalga qaytganida, u yerda ocharchilik hukm surardi+. Payg‘ambarlar o‘g‘illari+ uning oldida o‘tirganda, u xizmatkoriga+: «Katta qozonni qo‘yib, payg‘ambarlar o‘g‘illariga sho‘rva pishir»,— deb aytdi.
39 Kishilardan biri dalaga gulxayri tergani chiqib, yovvoyi bir o‘simlikka ko‘zi tushdi va undagi yovvoyi tarvuzchalarni uzib etagiga solib keldi-da, bu nimaligini bilmay ularni to‘g‘rab qozonga soldi.
40 Ovqat quyib berildi. Ammo ular ovqatni og‘izlariga olishlari bilanoq: «Ey, haq Xudoning odami, qozondagi ovqat zahar ekan-ku!» — deya baqirib yuborishdi va ovqatni yeyishmadi.
41 Shunda Elishay: «Menga oz-moz un keltiringlar»,— dedi. U unni olib, qozonga tashladi-da: «Ovqatni odamlarga quyib beringlar»,— deb buyurdi. Endi qozondagi ovqat yeyishli bo‘ldi+.
42 Baal-Sholishodan+ bir kishi kelib, haq Xudoning odamiga arpaning birinchi hosilidan pishirilgan 20 ta non+ va bir xalta yangi don olib keldi+. Elishay: «Buni odamlarga ber, yeyishsin»,— dedi.
43 Xizmatkori bo‘lsa: «Buni 100 kishiga qanday yetkazaman?»+ — deb so‘radi. Elishay unga: «Buni odamlarga ber, yeyishsin, zero Yahova shunday demoqda: “Ular yeb to‘yadi, ortib ham qoladi”»+,— deb javob qaytardi.
44 Shunda xizmatkor ularni odamlar oldiga qo‘ydi. Yahovaning so‘ziga binoan, ular yeb to‘yishdi, ortib ham qoldi+.
Izohlar
^ «Payg‘ambarlar o‘g‘illari» iborasi, payg‘ambarlar ta’lim oladigan maktab yoki payg‘ambarlar guruhini anglatishi mumkin.