Shohlar uchinchi kitob 15:1-34
15 Nabat o‘g‘li Yorubom hukmronligining+ 18- yili Abuyom Yahudoda shoh bo‘ldi+.
2 U Quddusda uch yil hukm surdi. Onasining ismi Maxo+ bo‘lib, Absalomning* nabirasi edi.
3 Abuyom otasining gunohli yo‘lidan qaytmadi. Bobosi Dovuddan farqli ravishda, u butun qalbi bilan Xudosi Yahovaga xizmat qilmadi.
4 Ammo Yahova Dovud uchun+ Quddusda uning chirog‘i* o‘chmasin deya+, o‘rniga o‘g‘lini shoh etib tayinladi va Quddusni saqlab qoldi.
5 Zero, xetiy Uriyo bilan yuz bergan voqeani hisobga olmaganda+, Dovud Tangri Yahovaning nazarida yaxshi ishlar qilib, umri davomida Uning amrlaridan chetga chiqmadi.
6 Raxabom va Yorubom o‘rtasida hamisha jang bo‘lib keldi+.
7 Abuyomning hayoti va barcha ishlari haqida Yahudo shohlari tarixi yozilgan kitobda bayon etilgan+. Abuyom bilan Yorubom o‘rtasida ham doim jang bo‘lib keldi+.
8 Abuyom olamdan o‘tib, ota-bobolariga qo‘shildi va Dovud shahrida dafn etildi. Uning o‘rniga esa o‘g‘li Oso+ shoh bo‘ldi+.
9 Isroil shohi Yorubom hukmronligining 20- yili Oso Yahudo xalqi ustidan shohlik qilishni boshladi.
10 Oso Quddusda 41 yil hukm surdi. Buvisining ismi Maxo+ bo‘lib, u Absalomning nabirasi edi.
11 Oso bobosi Dovudga o‘xshab, Yahovaning nazarida to‘g‘ri ishlar qildi+.
12 Oso yurtdagi ibodatxona bachchalarini* quvib chiqardi+ hamda ota-bobolari yasagan jirkanch butlarni*+ yo‘q qilib yubordi.
13 U hatto buvisi Maxoni+ malikalik mavqeidan mahrum etdi. Chunki buvisi muqaddas ustunga sajda qilish maqsadida qabih but yasagan edi. Oso bu jirkanch butni kesib tashladi+ va Qidron vodiysida yoqib yubordi+.
14 Ammo tepaliklar yo‘q qilinmadi+. Shunga qaramasdan, umri davomida Oso butun qalbi bilan Yahovaga xizmat qildi.
15 U o‘zining va otasining Xudoga bag‘ishlagan* kumush, oltin va turli buyumlarini Yahovaning uyiga olib keldi+.
16 Oso bilan Isroil shohi Basho+ o‘rtasida doim jang bo‘lib keldi.
17 Isroil shohi Basho Yahudoga qarshi hujum qilib, Yahudo shohi Osoning yeriga hech kim kirib chiqmasligi uchun Rama shahrini+ mustahkamlay boshladi+.
18 Shunda Oso Yahova uyining hamda shoh saroyining xazinasidagi kumush va oltinni olib, xizmatkorlari qo‘liga topshirdi-da, Damashq shahrida yashovchi Suriya shohi Banhadadga yubordi+. U Xeziyoning nabirasi Tavrimmo‘n o‘g‘li edi. Oso unga:
19 «Ikkimiz o‘rtamizda hamda otalarimiz orasida bitim tuzilgan. Mana, men sizga sovg‘a sifatida kumush va oltin yuboryapman. Isroil shohi Basho yurtimdan orqaga chekinishi uchun kelib, u bilan tuzgan bitimingizni bekor qiling»,— dedi.
20 Banhadad shoh Osoga quloq solib, lashkarboshilarini Isroil shaharlariga qarshi hujum qilishga yubordi. Ular Iyxon+, Dan+, Ovil-Bayt-Maxo, butun Keneret hamda Naftali qabilasiga tegishli barcha yerlarni vayron qilishdi.
21 Basho bu haqda xabar topishi bilan Ramadagi qurilish ishlarini to‘xtatib, Tirzaga+ qaytib ketdi.
22 Shoh Oso butun Yahudo xalqini yig‘di. Ular shoh Basho Ramani qurish uchun ishlatgan tosh va yog‘ochlarni ko‘tarib kelishdi. Shoh Oso bulardan foydalanib, Benyamin hududidagi G‘ibo+ hamda Mispaxni+ qayta qurdi.
23 Osoning hayoti, erishgan yutuqlari, amalga oshirgan ishlari va qurgan shaharlari haqida Yahudo shohlari tarixi yozilgan kitobda bayon etilgan. U keksayganida, oyoq og‘rig‘idan azob chekkan+.
24 Oso vafot etib, ota-bobolariga qo‘shildi va bobosi Dovud shahrida dafn etildi. Uning o‘rniga o‘g‘li Yohushafat+ taxtga o‘tirdi.
25 Yorubom o‘g‘li Nadov+, Yahudo shohi Oso hukmronligining ikkinchi yili Isroil taxtiga o‘tirib, ikki yil shohlik qildi.
26 U Yahovaning nazarida yomon ishlar qildi va Isroilni gunohga botirgan otasining yo‘lidan yurib+, u qilgan gunohni takrorladi+.
27 Issaxor qabilasidan Oxiyo o‘g‘li Basho Nadovga qarshi fitna uyushtirib, uni filistimliklarga tegishli Gibitonda+ o‘ldirdi. Bu paytda, Nadov va butun Isroil Gibitonni qamal qilishayotgan edi.
28 Shunday qilib, Yahudo shohi Oso hukmronligining uchinchi yili Basho Nadovni o‘ldirib, o‘rniga o‘zi shoh bo‘ldi.
29 U taxtga o‘tirishi bilanoq, Yorubomning butun xonadonini qirib tashladi, birorta ham tirik jon qoldirmadi. Shu tariqa, Yahovaning O‘z xizmatkori shilo‘lik Oxiyo orqali aytgan so‘zi bajo bo‘ldi+.
30 Bular Yorubom o‘zini ham, Isroil xalqini ham gunohga botirib, Isroil Tangrisi Yahovani qattiq ranjitgani uchun sodir bo‘ldi.
31 Nadovning butun hayoti va barcha qilgan ishlari haqida Isroil shohlari tarixi yozilgan kitobda bayon etilgan.
32 Oso bilan Isroil shohi Basho o‘rtasida hamisha jang bo‘lib keldi+.
33 Yahudo shohi Oso hukmronligining uchinchi yili, Oxiyo o‘g‘li Basho Tirzada butun Isroil ustidan shoh bo‘ldi va 24 yil hukm surdi+.
34 U ham Yahovaning nazarida yomon ishlar qildi+ va Isroilni gunohga botirgan Yorubomning yo‘lidan yurib, u qilgan gunohni takrorladi+.
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «Abisalom», boshqacha yozilishi.
^ Ya’ni avlodi.
^ Ibodatxonada fahsh uchun foydalanilgan erkaklar.
^ Ibroniycha bu atama, ehtimol, «go‘ng» so‘ziga yaqin bo‘lib, hazar qilishni ifodalash maqsadida qo‘llaniladi.
^ So‘zma-so‘z «muqaddas qilgan».