Solnomalar ikkinchi kitob 26:1-23
26 So‘ngra butun Yahudo xalqi 16 yoshli Uzziyoni+ otasi Emoziyoning o‘rniga taxtga o‘tqazdi+.
2 Shoh* vafot etib, ota-bobolariga qo‘shilganidan keyin, u Eletni+ boshqatdan qurib, Yahudoga qaytardi+.
3 Uzziyo+ taxtga o‘tirganida 16 yoshda edi va Quddusda 52 yil hukmronlik qildi. Onasining ismi Yoxoliyo bo‘lib, qudduslik edi+.
4 U otasi Emoziyo kabi, Yahovaning nazarida to‘g‘ri ishlar qilib yashadi+.
5 Uzziyo haq Xudodan qo‘rqib yashashga o‘rgatgan Zakariyoning davrida doimo Allohni izladi. U Yahovani izlab yashagan paytda haq Tangri unga qut-barakalar yog‘dirdi+.
6 Uzziyo filistimliklarga+ qarshi jangga otlandi va Gat+, Yobnax+ hamda Ashdod shaharlarining devorlarini buzib, ularni bosib oldi. So‘ng Ashdod+ va filistimliklar hududlarida shaharlar barpo etdi.
7 Alloh unga filistimliklar, Gur-Baalda yashovchi arablar+ hamda munimlar ustidan g‘alaba qozonishga ko‘mak berib turdi.
8 Ommonliklar+ Uzziyoga o‘lpon to‘lay boshlashdi. Shunday qilib, uning dong‘i Misrgacha yoyildi, chunki u g‘oyat qudratli bo‘lib ketdi.
9 Bundan tashqari, u Quddusdagi Burchak darvozasi+, Vodiy darvozasi+ va Tirgovuch oldida minoralar qurib+, ularni mustahkamladi.
10 Shuningdek u, sahroda minoralar qurdi+ va ko‘pgina sardobalar qazidi (chunki uning chorvasi ko‘p edi). Shefela va yassi tepalikda ham xuddi shunday qildi. U dehqonchilikka ixlos qo‘ygani uchun, tog‘larda va Karmilda dehqonlari-yu uzumchilari bor edi.
11 Qolaversa, Uzziyoning qurollangan qo‘shini bor bo‘lib, ular guruhlarga bo‘lingan holda harbiy yurishlar qilishardi. Shohning beklaridan biri bo‘lmish Xanoniyoning nazorati ostida kotib+ Yaviyol va boshchi Masiyo ularni sanab, ro‘yxatga kiritishgan edi+.
12 Ushbu qudratli jangchilarni 2 600 nafar xonadonlar boshlari boshqarardi.
13 Ularning qo‘l ostidagi qo‘shinda jangga shay turgan 307 500 nafar jangchi bor edi. Ushbu qudratli qo‘shin dushmanlarga qarshi jang qilishda shohga tayanch bo‘lardi+.
14 Uzziyo butun qo‘shinni qalqon, nayza+, dubulg‘a, tangachali sovut+, kamon va palaxmon toshlari+ bilan qurollantirdi.
15 U Quddusda mohir ustalar yasagan qurollarni minoralarga hamda devorlar burchaklariga o‘rnatdi+. Qurollar o‘qlar va katta toshlar otish uchun mo‘ljallangan edi. Xudo unga ko‘maklashgani va u qudratli bo‘lib ketgani tufayli uning dong‘i hamma yoqga taraldi.
16 Ammo u kuchayganidan keyin, nihoyatda mag‘rurlanib ketdi va bu uni halokatga yetakladi. U Xudosi Yahovaga bevafolik qilib, Yahovaning ma’badiga kirdi va tutatqi qurbongohida tutatqi tutatdi+.
17 Ruhoniy Ozariyo va Yahovaning 80 ta jasoratli ruhoniysi darrov uning ortidan ma’badga kirdi.
18 Ular shoh Uzziyoga qarshi chiqib, shunday deyishdi: «Ey shohimiz Uzziyo, Yahovaga tutatqi tutatishga haqqingiz yo‘q!+ Tutatqini faqat ruhoniylar tutatishi kerak. Sababi ular, bu muqaddas xizmatga tayinlangan Horun avlodlaridir+. Muqaddas maskandan chiqib keting. Chunki bevafolik qildingiz va buning uchun Tangri Yahova tomonidan sharafga muyassar bo‘lmaysiz».
19 Biroq qo‘lida tutatqi tutatiladigan idishni ushlab turgan Uzziyoning achchig‘i chiqib+, ruhoniylarga jahl ustida gapirayotganida, moxov kasaliga chalinib+, peshonasiga yara toshib ketdi. Bu, Yahovaning uyidagi tutatqi qurbongohi yonida, ruhoniylar ko‘z o‘ngida yuz berdi.
20 Bosh ruhoniy Ozariyo bilan qolgan ruhoniylar unga qarashganda, u moxov kasaliga chalinib, peshonasiga yara toshib ketgan edi. Shunda ular Uzziyoni tezda u yerdan chiqarib yuborishdi. Uning o‘zi ham chiqishga shoshdi, boisi Yahova uni jazolagan edi.
21 Shoh Uzziyo moxov kasaliga duchor bo‘lib, umrining oxirigacha sog‘aymadi. U alohida bir uyda yashadi+. Chunki unga Yahovaning uyiga kirish man etilgan edi. Uning o‘g‘li Yo‘tom shoh saroyidagi ishlarni boshqarib, xalqga hakamlik qildi+.
22 Uzziyoning hayoti boshdan oxirigacha Omiz o‘g‘li Ishayo+ payg‘ambar tomonidan qalamga olingan.
23 Uzziyo vafot etib, ota-bobolariga qo‘shildi va ota-bobolari yoniga dafn etildi. Ammo u moxov kasaliga chalingani uchun, uni shohlar dafn etiladigan joy tashqarisiga qo‘yishdi. O‘rniga o‘g‘li Yo‘tom+ shoh bo‘ldi.
Izohlar
^ Ya’ni otasi Emoziyo.