Shohlar birinchi kitob 26:1-25

  • Dovud Shoulni yana tirik qoldiradi (1-25)

    • Dovud Yahovaning moylanganiga hurmat ko‘rsatadi (11)

26  Bir muncha vaqtdan keyin, Zif+ aholisi Givoga+, Shoulning oldiga borib: «Dovud Yishmon* qarshisidagi Xaxilo tepaligida yashirinib yuribdi»+,— deb aytishdi.  Shunda Shoul Zif sahrosiga yo‘l oldi. U Dovudni qidirib topish uchun Isroilning 3 000 ta sara askarini olib, Zif sahrosiga qarab ketdi+.  Shoul Yishmon qarshisidagi Xaxilo tepaligida, yo‘l bo‘yida qarorgoh qurdi. Dovud sahroda yashab yurgan edi va Shoul uni qidirib kelganidan xabar topdi.  Shunda Dovud, Shoul chindan ham kelganini aniqlash uchun ayg‘oqchilarni jo‘natdi.  So‘ng Dovud, Shoul qarorgoh qurgan joyga bordi va Shoul bilan uning lashkarboshisi Nir o‘g‘li Abnur+ uxlab yotgan joyni ko‘rdi. Shoul qarorgohning o‘rtasida uxlab yotgandi, askarlar esa uning atrofida joylashgan edi.  Dovud xetiy+ Oximalekdan va Zeruya+ o‘g‘li Yo‘abning akasi Abushaydan+: «Kim men bilan Shoulning qarorgohiga tushadi?» — deb so‘radi. Abushay: «Men siz bilan tushaman»,— dedi.  Kechasi Dovud bilan Abushay askarlar tomonga yo‘l olishdi. Shoul qarorgohning o‘rtasida yotgan bo‘lib, bosh tomonida nayzasi yerga sanchib qo‘yilgan edi. Abnur bilan askarlar esa uning atrofida yotishgan edi.  Abushay Dovudga: «Bugun Xudo dushmaningizni qo‘lingizga berdi+. Ruxsat bersangiz, nayza bilan bitta urib uni yerga qadab qo‘yaman. Ikkinchi marta urishga hojat bo‘lmaydi»,— dedi.  Dovud esa Abushayga: «Unga ziyon yetkazma. Yahovaning moylanganiga+ qo‘l ko‘targan odam aybsiz qolishi mumkinmi?»+ — deb aytdi. 10  Dovud gapini davom ettirib dedi: «Barhayot Xudo Yahova haqqi qasam ichaman, uni yo Yahovaning O‘zi uradi+, yo kuni bitib+ olamdan o‘tadi yoki jangga borib halok bo‘ladi+. 11  Yahovaning haqqi-hurmati Yahovaning moylanganiga qo‘l ko‘tarishni hatto aqlimga ham sig‘dira olmayman!+ Kel, uning bosh tomonidagi nayzasi bilan suvdonini olib, keta qolaylik». 12  Shunday qilib, Dovud Shoulning bosh tomonidan nayza bilan suvdonni oldi va ular ketishdi. Ularni hech kim ko‘rmadi ham+, payqamadi ham. Yahova ularni qattiq uyquga mubtalo qilgani uchun, ularning bari qotib uxlab yotardi. 13  Keyin Dovud qarama-qarshi tomonga o‘tdi-da, tog‘ning tepasiga chiqib, o‘sha yerda turdi. Ularni katta masofa ajratib turardi. 14  Dovud askarlarga va Nir o‘g‘li Abnurga+: «Abnur, meni eshityapsizmi?» — deb baqirdi. Abnur: «Shohni chaqirayotgan kim?» — deb javob qaytardi. 15  Dovud unga shunday dedi: «Abnur, siz dovyurak kishi emasmisiz?! Isroilda sizga teng keladigani topilmaydi-ku! Unda nima uchun shoh hazratlarini qo‘riqlamadingiz? Bir askar kelib, shoh hazratlarini o‘ldirmoqchi bo‘ldi+. 16  Siz yaxshi ish qilmadingiz. Barhayot Xudo Yahova haqqi qasam ichib aytamanki, siz o‘limga loyiqsiz. Chunki siz taqsiringizni, Yahovaning moylanganini+ qo‘riqlamadingiz. Atrofga bir qarang-chi, shohning bosh tomonidagi nayzasi bilan suvdoni qani?»+ 17  Shunda Shoul Dovudni ovozidan tanib qolib: «Dovud, o‘g‘lim, bu sening ovozingmi?»+ — dedi. Dovud: «Ha, bu mening ovozim, shoh hazratlari»,— deb javob berdi. 18  Keyin shunday dedi: «Taqsirim, nega xizmatkoringizning orqasidan quvyapsiz?+ Men nima qildim? Mening aybim nimada?+ 19  Shoh hazratlari, o‘tinaman, xizmatkoringizning so‘zlariga quloq soling. Bordi-yu, menga qarshi chiqishga sizni Yahova undagan bo‘lsa, unda U don nazrimni qabul qilsin*. Lekin sizni odamlar menga qarshi qo‘zg‘atgan bo‘lsa+, ular Yahovaning oldida la’nati bo‘lsin. Chunki ular bugun meni haydab chiqarib, Yahova meros qilib bergan yerda+ yashashimga yo‘l qo‘yishmayapti. Ular go‘yo: “Bor, boshqa xudolarga xizmat qil!” — deb aytishyapti. 20  Qonim Yahovaning huzuridan yiroqda to‘kilishiga yo‘l qo‘ymang. Kaklikni tog‘ma-tog‘ quvib yurgan kishi kabi Isroil shohi ham bir burgani izlab yuribdilar»+. 21  Unga javoban Shoul: «Men gunoh qildim+. Dovud, o‘g‘lim, ortingga qayta qol. Endi senga boshqa ziyon yetkazmayman. Chunki bugun hayotim* sen uchun qimmatbaho ekanini ko‘rdim+. Men ahmoqona yo‘l tutganimni va katta xato qilganimni tan olaman»,— deb aytdi. 22  Dovud quyidagicha dedi: «Shohning nayzasi menda. Yigitlaringizdan birortasi kelib, uni olib ketsin. 23  Yahova har bir kishining odilligi hamda sadoqatiga yarasha taqdirlaydi+. Yahova bugun sizni mening qo‘limga topshirgan edi, ammo men Yahovaning moylanganiga qarshi qo‘l ko‘tarishni istamadim+. 24  Bugun sizning hayotingiz men uchun qimmatbaho bo‘lganidek, mening hayotim ham Yahovaning nazarida qimmatbaho bo‘lsin va U meni barcha balo-qazolardan asrasin»+. 25  Shoul unga: «Dovud, o‘g‘lim, Xudo senga baraka bersin. Sen albatta buyuk ishlarni qilasan va albatta g‘alaba qozonasan»+,— dedi. So‘ng Dovud o‘z yo‘lidan ketdi. Shoul esa uyiga qaytdi+.

Izohlar

Boshqa variant «cho‘l; sahro».
So‘zma-so‘z «hidlasin».
Yoki «jonim».