Shohlar birinchi kitob 19:1-24

  • Shoulning Dovudga nafrati so‘nmaydi (1-13)

  • Dovud Shouldan qochib qutuladi (14-24)

19  Vaqt o‘tib, Shoul o‘g‘li Yo‘natanga va barcha xizmatkorlariga Dovudni o‘ldirish kerakligini aytdi+.  Shoulning o‘g‘li Yo‘natan esa Dovudni judayam yaxshi ko‘rardi+. U Dovudga shunday dedi: «Otam seni o‘ldirmoqchilar. Iltimos, ertaga tongda ehtiyot bo‘l, xavfsiz joyga borib, o‘sha yerda yashirinib o‘tir.  Men otam bilan aylanish uchun dalaga chiqaman va sen yashiringan joyga yaqin boramiz. Otam bilan sen haqda gaplashaman, agar biron narsani bilib olsam, albatta senga aytaman»+.  Yo‘natan otasi Shoulga Dovud haqida yaxshi gaplarni aytib+, shunday dedi: «Shohim xizmatkori Dovudga qarshi gunoh qilmasinlar, chunki u sizga qarshi gunoh qilmagan. U nimaiki qilgan bo‘lsa, sizga foyda keltirgan.  U hayotini xavf ostiga qo‘yib filistimlikni o‘ldirgani uchun+, Yahova butun Isroil xalqiga buyuk g‘alaba* bergan edi. Buni ko‘rib siz juda quvongan edingiz. Endi nima uchun Dovudni sababsiz o‘ldirmoqchisiz? Nega begunoh odamning qonini to‘kmoqchisiz?+»  Shoul Yo‘natanning gaplariga quloq solib: «Barhayot Xudo Yahova haqqi qasam ichib aytamanki, Dovud o‘ldirilmaydi»,— dedi.  Keyin Yo‘natan Dovudni chaqirib, bularning barchasini unga aytib berdi-da, uni Shoulning yoniga olib bordi. Dovud Shoulga oldingiday xizmat qilib yurdi+.  Oradan vaqt o‘tib, yana jang boshlandi. Dovud filistimliklar bilan jang qilib, ularning ko‘pini qirib tashladi. Filistimliklar tumtaraqay qochib ketishdi.  Shoul uyida o‘tirganda, Yahovadan bo‘lgan yomon ruh* uni qamrab oldi+. Shoulning qo‘lida nayza bor edi. Bu payt Dovud arfa chalayotgan edi+. 10  Shoul nayzasini otib, Dovudni devorga qadab qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ammo Dovud chap berib qoldi va nayza devorga sanchildi. O‘sha kuni tunda Dovud qochib ketdi. 11  Keyin Dovudning uyini kuzatib, tong otganda esa uni o‘ldirish maqsadida+ Shoul odamlarini yubordi. Ammo Dovudning xotini Mixal unga: «Agar bu kecha qochib ketmasangiz, ertaga sizni o‘ldirishadi»,— dedi-da, 12  Dovud qochib qutulishi uchun, unga derazadan tushishga yordam berdi. 13  Mixal xonaki butni* olib, uni to‘shakka yotqizdi. Bosh tomoniga echki junidan to‘rli matoni to‘shab, ustiga kiyimlar tashlab qo‘ydi. 14  Shoul Dovudni olib kelish uchun odamlarini yubordi. Biroq Mixal: «U kasal»,— deb aytdi. 15  Shunda Shoul o‘z ko‘zlari bilan Dovudni ko‘rib kelishsin deya, odamlarini yubordi va ularga: «Uni to‘shagi bilan oldimga keltiringlar, uni o‘ldiraman!»+ — deb aytdi. 16  Shoulning odamlari kelib to‘shakka xonaki but yotqizib qo‘yilganini, bosh tomoniga esa echki junidan to‘rli mato to‘shalganini ko‘rishdi. 17  Shoul Mixalga: «Dushmanimni+ qochirib yuborib, nega meni aldading?» — dedi. Mixal unga: «U menga: “Meni qo‘yib yubor! Bo‘lmasa, seni o‘ldiraman”,— dedi»,— deb aytdi. 18  Dovud qochib ketib, omon qoldi. U Shomuilning oldiga, Ramaga+ keldi va unga Shoulning hamma ishlarini aytib berdi. Keyin ikkovi Noyo‘tga+ borib, o‘sha yerda qolishdi. 19  Bir muncha vaqt o‘tib, Shoulga: «Dovud Ramadagi Noyo‘tda ekan»,— degan xabarni yetkazishdi. 20  Shunda Shoul Dovudni tutib kelish uchun odamlarini yubordi. Keksa payg‘ambarlarning bashorat qilayotganini va Shomuil ularga boshchilik qilayotganini ko‘rganda, Shoulning odamlarini Xudoning ruhi qamrab oldi va ular ham o‘zlarini payg‘ambarlarday tuta boshlashdi. 21  Bu haqda Shoulga xabar berishgach, Shoul darhol boshqa odamlarini yubordi, ular ham o‘zlarini payg‘ambarlarday tuta boshlashdi. Shunda Shoul uchinchi marta yana bir guruh odamlarini yubordi, lekin ular ham o‘zlarini payg‘ambarlarday tuta boshlashdi. 22  Oxiri Shoulning o‘zi Ramaga yo‘l oldi. U Saxudagi katta sardobaga yetib kelgach, o‘sha yerdagilardan: «Shomuil bilan Dovud qayerda?» — deb so‘radi. Odamlar: «Ular Ramadagi Noyo‘tda+»,— deb javob qaytarishdi. 23  Shoul Ramadagi Noyo‘t tomonga ketayotganda, uning ustiga ham Xudoning ruhi tushdi va u Ramadagi Noyo‘tga yetib borguncha o‘zini payg‘ambarday tutdi. 24  U ham kiyimlarini yechib tashlab, Shomuilning oldida o‘zini payg‘ambarday tuta boshladi. Shoul o‘sha kuni kechgacha va tuni bilan yalang‘och* yotdi. «Shoul ham payg‘ambarlardan birimi?»+ — degan gap o‘shandan paydo bo‘ldi.

Izohlar

Yoki «najot».
Yoki «yomonlik qilishga moyillik». Yahova, Shoulning ichki holati uni qiynashiga yo‘l qo‘ydi.
So‘zma-so‘z «terafim». Lug‘atga q.
Yoki «yarim yalang‘och».