6-DARS
O‘lganlar uchun qanday umid bor?
1. O‘lganlarni nima kutmoqda?
Iso yer yuzida xizmat qilgan davrda uning do‘sti Lazar vafot etadi. Lazar Quddus shahri yaqinidagi Baytaniya qishlog‘ida yashardi. Iso u yerga yetib kelganida Lazarning o‘lganiga to‘rt kun bo‘lgan edi. Shunda Iso marhumning singillari Marta va Maryam bilan birgalikda Lazar dafn etilgan joyga boradi. Tez orada xaloyiq to‘planadi. Hazrati Iso Lazarni tiriltirganida Marta bilan Maryam qanchalik quvonganini bir tasavvur qiling-a! Yuhanno 11:21–24, 38–44 ni o‘qing.
Marta o‘lganlarning tirilishiga ishongan. Yahova ularni yerdagi hayotga qaytarishini bilgan. Ayub 14:14, 15 ni o‘qing.
2. O‘lganlar qanday holatda bo‘ladi?
Odamlar tuproqdan yaratilgan. (Ibtido 2:7; 3:19) Bizning ichimizda qandaydir ruh yo‘q. Shunday ekan, o‘lganimizdan so‘ng hech qanday jon yoki ruh yashashni davom ettirmaydi. O‘lganimizdan so‘ng miyamiz o‘z faoliyatini to‘xtatib, barcha o‘y-fikrlarimiz yo‘q bo‘lib ketadi. Lazar tirilgach, o‘limdan keyingi hayot haqida biron narsa aytib bermagan, chunki o‘liklar hech nimani bilmaydi. Zabur 146:4; Voiz 9:5, 6, 10 ni o‘qing.
Odamlar o‘lganidan so‘ng Xudo ularni do‘zaxda qiynaydimi? Muqaddas Kitobda o‘lganlar hech nimani bilmasligi haqida aytilgan. Demak, do‘zax Allohning nomiga dog‘ tushiradigan soxta ta’limotdir. Insonlarni qiynash to‘g‘risidagi fikr Xudo uchun jirkanch. Yeremiyo 7:31 ni o‘qing.
3. O‘lganlar biz bilan gaplasha oladimi?
O‘liklar na gapira oladi, na eshitadi. (Zabur 115:17) Biroq yovuz farishtalar bor. Ular marhumning qiyofasiga kirib odamlar bilan gaplashishi mumkin. (2 Butrus 2:4) Yahova o‘liklar bilan aloqa qilishni man etadi. Qonunlar 18:10, 11 ni o‘qing.
4. Kimlar tiriladi?
Millionlab o‘lgan kishilar yer yuzida yashash uchun tiriladi. Hatto Allohni bilmagan va noto‘g‘ri ishlar bilan shug‘ullanganlar ham tiriladi. Luqo 23:43; Havoriylar 24:15 ni o‘qing.
Tirilganlarga Xudo to‘g‘risida haqiqatni o‘rganishga va Hazrati Isoga quloq solish orqali imonini namoyon etishga imkon beriladi. (Vahiy 20:11–13) To‘g‘ri yo‘ldan yurgan kishilar yer yuzida abadiy hayotdan bahra olib yashaydi. Yuhanno 5:28, 29 ni o‘qing.
5. Tirilish Yahova haqida nimani oshkor etadi?
Alloh Isoni yer yuziga yuborgani va u biz uchun o‘z jonini fido qilgani tufayli tirilish umidi paydo bo‘ldi. Shu sababdan tirilish bizga Tangri Yahovaning sevgisi va inoyatidan dalolat beradi. O‘lganlar hayotga qaytganda siz ayniqsa kim bilan ko‘rishishni istaysiz? Yuhanno 3:16; Rimliklarga 6:23 ni o‘qing.