Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

35- BOB

Odamlar o‘lim uyqusidan uyg‘onishadi!

Odamlar o‘lim uyqusidan uyg‘onishadi!

AGAR biz o‘lsak, Xudo bizni yana hayotga qaytarishni xohlaydimi? ~ Ayub ismli yaxshi bir kishi bunga ishongan. Shuning uchun Ayub o‘lishi to‘g‘risida o‘ylaganida, u Xudoga shunday degan: «Meni chaqirsang, Senga javob bergan bo‘lardim». Shuningdek Ayub, Tangri Yahova uni qo‘msashini, ya’ni tiriltirishni juda xohlashini aytgan (Ayub 14:14, 15).

Iso Otasi Yahovaga rosa o‘xshaydi. Iso bizga yordam berishni istaydi. Bir marta bitta moxov Isoga: «Siz meni pok qila olasiz, faqat istasangiz bas»,— deb aytgan. Iso unga javoban: «Albatta istayman»,— deb unga shifo bergan (Mark 1:40–42).

Yahova bolajonlarni yaxshi ko‘rishini qanday ko‘rsatdi?

Iso bolalarni yaxshi ko‘rishni Otasidan o‘rgangan. Qadim zamonlarda Yahova xizmatchilari orqali ikkita bolani tiriltirgan. Bir kuni Ilyos payg‘ambar Yahovaga yalinib, mehmondorchilik ko‘rsatgan bir ayolning o‘g‘lini tiriltirishini so‘ragan. Tangri Yahova Ilyosning ibodatiga javob bergan. Keyinchalik Yahova Elishay payg‘ambar orqali yana bitta bolakayni tiriltirgan (3 Shohlar 17:17–24; 4 Shohlar 4:32–37).

Yahova bizni shunchalik yaxshi ko‘rishini bilish naqadar zo‘r-a? ~ Yahova bizni nafaqat hayot bo‘lganimizda, balki o‘lganimizda ham yodda tutadi. Isoning aytishicha, Xudo yuragiga aziz bo‘lgan marhumlarni ham tirik hisoblaydi! (Luqo 20:38). Injilda: «Na o‘lim, na hayot... na hozirgi, na kelajakdagi narsalar... bizni Xudoning sevgisidan judo qilishga qodir emas»,— deb yozilgan (Rimliklarga 8:38, 39).

Iso yer yuzida bo‘lganida, Yahova kichkintoylarga g‘amxo‘rlik qilishini ko‘rsatgan. Esingizda bo‘lsa, Iso bolalarga Xudo to‘g‘risida gapirish uchun vaqt ajratardi. Lekin Iso bolalarni tiriltirish uchun Xudodan qudrat olganini bilarmidingiz? ~ Keling, endi Iso Yair ismli kishining 12 yashar qizalog‘ini tiriltirgani haqida bilib olaylik.

Yair o‘z xotini va yakka qizalog‘i bilan Jalila dengizi yaqinida yashardi. Bir kuni qizaloq og‘ir kasal bo‘lib qoldi va Yair uning o‘layotganini tushundi. Shunda Yair odamlarni sog‘aytirib yurgan ajoyib bir kishini esladi. O‘sha kishi Iso edi. Yair uni izlashga tushdi. U Isoni Jalila dengizi qirg‘og‘ida ko‘p odamlarga ta’lim berayotgan paytda topdi.

Yair olomon orasidan o‘tib, Isoning oldida tiz cho‘kda-da: «Qizalog‘im o‘lim to‘shagida yotibdi. Iltimos, unga yordam bering, yolvoraman»,— dedi. Iso darhol Yairning orqasidan ketdi. Ulug‘ Ustozni ko‘rishga kelgan xaloyiq ham ularga ergashdi. Ammo yo‘l-yo‘lakay ular Yairning uyidan kelayotgan odamlarni uchratishdi. Ular Yairga yomon xabar yetkazishdi: «Qizingiz vafot etdi. Endi Ustozni ovora qilmay qo‘yavering».

Iso ham bu so‘zlarni eshitdi. Yair uchun yakka-yu yagona qizalog‘idan ayrilib qolish qanchalik og‘ir ekanini Iso yaxshi tushunyapti. Shunda Iso Yairga: «Qo‘rqmang. Faqat Xudoga ishoning, o‘shanda qizalog‘ingiz yaxshi bo‘lib ketadi»,— dedi. Ular yo‘llarida davom etib, Yairning uyiga ketishdi. Uyga yaqinlashgach, qizcha uchun dod-voy solib, zor yig‘layotgan odamlarni ko‘rishdi. Biroq Iso ularga: «Yig‘lamanglar. Qizcha o‘lgani yo‘q, uxlayapti xolos»,— dedi.

Bu so‘zlardan so‘ng odamlar Isoning ustidan kula boshlashdi, chunki ular qizaloqning o‘lganini bilishadi-da. Unda nega Iso uning uxlab yotganini aytdi, nima deb o‘ylaysiz? ~ Iso odamlarga nimani o‘rgatmoqchi bo‘ldi? ~ U o‘limni qattiq uyqu bilan solishtirib, Xudoning qudrati bilan odamni hayotga qaytara olishini ko‘rsatdi. Iso uchun bu, xuddi uxlab yotgan kishini uyg‘otishday oson bo‘lgan.

Iso Yairning qizini tiriltirganidan nimani bilib oldik?

Iso hammaga uydan chiqib ketishni buyuradi. Faqat havoriy Butrus, Yoqub, Yuhanno va qizchaning ota-onasi uyda qolishadi. Keyin Iso qizcha yotgan xonaga kirib, uning qo‘lidan ushlab: «Qizaloq, o‘rningdan tur!» — deb aytdi. Shu zahoti qizcha o‘rnidan turib, yura boshladi! Bundan uning ota-onasi rosa quvondi. Ularning quvonchi ichiga sig‘may ketdi (Mark 5:21–24, 35–43; Luqo 8:40–42, 49–56).

Endi esa bir o‘ylab ko‘ring: agar Iso qizaloqni hayotga qaytargan bo‘lsa, boshqa odamlarni ham tiriltira oladimi? ~ Nima deb o‘ylaysiz, bu uning qo‘lidan keladimi? ~ Albatta keladi. Chunki Isoning o‘zi: «Shunday vaqt kelyaptiki, mozorlarda bo‘lgan hamma, mening ovozimni eshitib chiqadilar»,— degan (Yuhanno 5:28, 29).

Sizningcha, Iso odamlarni tiriltirishni xohlaydimi? ~ Ushbu savolga javob olish uchun, keling Muqaddas Kitobdagi boshqa hikoyani ko‘rib chiqaylik. Bu hikoyadan biz o‘lgan yaqinlari haqida qayg‘urayotgan kishilarga nisbatan Iso nimani his qilishini bilib olamiz. Bu voqea Nain shahri yaqinida yuz bergan.

Tasavvur qiling: Nain shahridan tobutda o‘lgan kishini ko‘tarib chiqishyapti. Olomon ichida g‘amgin bir ayol bor. Bundan sal oldin u eridan judo bo‘lgan edi. Endi esa yakka-yu yagona o‘g‘lidan ayrilib qoldi. Dahshat! Nainlik ko‘p odamlar bu ayol bilan birga o‘g‘lini shahar tashqarisida ko‘mishga ketishyapti. Ayol achchiq yig‘layapti, unga hech kim tasalli bera olmayapti.

O‘sha paytda Iso bilan shogirdlari Nain shahriga yaqinlashib qolishdi. Shahar darvozasi yaqinida ular bu ayolning o‘g‘lini ko‘mishga ketayotgan xaloyiqni uchratishdi. Iso yig‘layotgan ayolni ko‘rib, unga judayam rahmi keldi. Isoning yuragi ezilib, ayolga yordam berishni xohladi.

Iso unga muloyimlik bilan va qat’iyan: «Yig‘lamang»,— deb aytdi. Isoning xatti-harakatini ko‘rganlarning hammasi unga tikilib qolishdi. Iso marhumning oldiga bordi. Xo‘sh, u nima qilmoqchi ekan? Iso marhumga: «Hoy yigitcha, senga aytyapman: o‘rningdan tur!» — dedi. Shu zahoti yigit o‘rnidan turib, gapira boshladi (Luqo 7:11–17).

Haligi ayol o‘sha paytda nimani his qilganini bir tasavvur qiling! O‘lgan yaqinlaringizdan kimdir hayotga qaytganda, siz nimani his qilgan bo‘lardingiz? ~ Bu voqea, Iso chindan ham odamlarni yaxshi ko‘rishini hamda ularga yordam berishni istayotganini ko‘rsatmayaptimi? ~ Yangi dunyoda hayotga qaytgan odamlarni kutib olish qanday zo‘r bo‘lishini bir o‘ylab ko‘ring! (2 Butrus 3:13; Vahiy 21:3, 4).

Iso bu ayolning yakkayu yagona o‘g‘lini tiriltirib nimani ko‘rsatdi?

Tirilgan kishilar orasida biz oldin bilgan odamlar hamda bolalar bo‘ladi. Biz ularni Iso hayotga qaytargandan so‘ng Yair qizini taniganidek taniymiz. Shuningdek, yuzlarcha yoki minglarcha yil avval o‘lib ketgan kishilar ham tiriladi. Lekin ularning o‘lganiga ancha vaqt bo‘lgan bo‘lsa ham, Xudo ularni unutmaydi.

Tangri Yahova va Uning O‘g‘li Iso bizni shunchalik sevishini bilish qanchalik zo‘r-a? ~ Ular bizning bir necha yil emas, balki abadiy yashashimizni istashadi!

Marhamat qilib, Muqaddas Kitobdan o‘lganlarni kutayotgan ajoyib umid haqida o‘qing: Ishayo 25:7, 8; Havoriylar 24:15 va 1 Korinfliklarga 15:20–22.