Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

16-BOB

«Odamlarning peshonasiga belgi qo‘y»

«Odamlarning peshonasiga belgi qo‘y»

HIZQIYO 9:4

BU BOBDA: Hizqiyoning davridagi sadoqatli kishilar halokatdan qutulishi uchun ularga qay yo‘sin belgi qo‘yilgan va bugungi kunda belgi qo‘yish qanday ma’noga ega?

1–3. a) Hizqiyo nega esankirab qoldi va Quddus vayron qilinishi borasida u nimani bilib oladi? b) Qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

HIZQIYO esankirab qoldi! U hozirgina vahiyda murtad yahudiylar Quddusdagi ma’badda jirkanch ishlar qilayotganini ko‘rdi. * O‘sha isyonkorlar Isroildagi pok topinishning markazini bulg‘ashdi. Biroq faqatgina ma’bad bulg‘angani yo‘q. Yahudo yurti zo‘ravonlikka to‘lib-toshgan va tiklanishga umid yo‘q. Tanlagan xalqi nimalar qilganini ko‘rib juda xafa bo‘lgan Yahova Hizqiyoga shunday dedi: «Qattiq g‘azablanib chora ko‘raman». (Hiz. 8:17, 18)

2 Quddus va qachonlardir muqaddas sanalgan ma’bad binolari Yahovaning g‘azabini keltirayotgani hamda ular vayron bo‘lishini bilish Hizqiyoga qanchalik og‘ir botayotgandir! Quyidagi savollar uni qiziqtirayotganiga shubha yo‘q: «Shahardagi sadoqatli kishilar bilan nima bo‘ladi? Ular qutulib qoladimi? Qutulib qoladigan bo‘lsa, bu qanday yuz beradi?» Bu savollarga javob olish uchun Hizqiyo uzoq kutishiga to‘g‘ri kelmadi. Quddusga tegishli dahshatli hukmni eshitganidan ko‘p o‘tmay, Hizqiyo hukmni ijro etuvchilar baland ovozda chaqirilayotganini eshitdi. (Hiz. 9:1) Vahiyni ko‘rishda davom etar ekan, payg‘ambar taskin topadi, chunki Quddus vayron qilinganida odamlar yoppasiga yo‘q qilinmasligini, balki sadoqatli insonlar saralab olinishini bilib oladi.

3 Ushbu yovuz zamona nihoyasiga yetib borar ekan, yaqinlashib kelayotgan buyuk halokatda kim tirik qolishi bizni ham qiziqtirayotgandir. Shuning uchun, keling, quyidagilarni ko‘rib chiqamiz: 1) vahiyning davomida Hizqiyo nimani ko‘rgan? 2) Ushbu vahiy uning kunlarida qanday amalga oshgan? 3) Bashoratli vahiy hozirgi kunda qanday ma’noga ega?

«Jazolaydiganlarning hammasi... kelsin»

4. Hizqiyo vahiyning davomida nimalarni ko‘rib, nimalarni eshitadi?

4 Xo‘sh, Hizqiyo vahiyning davomida nimalarni ko‘rib, nimalarni eshitadi? (Hizqiyo 9:1–11 ni o‘qing.) «Shimolga qaragan yuqori darvoza tomondan», ehtimol, rashk buti turgan va ayollar xudo Tammuz uchun yig‘lab o‘tirgan tomondan yetti kishi keladi. (Hiz. 8:3, 14) Bu yetti kishi ma’badning ichki hovlisiga kirib, mis qurbongoh yoniga kelib turadi. Biroq ular qurbonlik keltirmoqchi emas. Yahova ushbu ma’badda keltirilayotgan qurbonliklarni endi qabul qilmayapti. Oltitasining «qo‘lida to‘qmog‘i bor edi». Yettinchi kishi esa boshqalaridan sezilarli darajada farq qilardi. U zig‘ir matodan kiyim kiygan bo‘lib, qo‘lida quroli yo‘q edi, aksincha, belida kotiblik asbobi qistirib qo‘yilgan edi. Hoynahoy, bu kotiblik asboblari solingan qalamdon bo‘lgan.

5, 6. Peshonasiga belgi qo‘yilgan kishilar haqida qanday xulosaga kelishimiz mumkin? (Bobning boshidagi rasmga qarang.)

5 Kotiblik asbobi bor kishi nima qiladi? U Yahovaning O‘zidan jiddiy topshiriq oladi: «Quddus shahrini aylanib chiq. Shaharda qilinayotgan jirkanch ishlar dastidan oh-nola qilayotgan odamlarning peshonasiga belgi qo‘y». Ehtimol, shu payt Hizqiyo to‘ng‘ich farzandlarini halokatdan asrab qolish uchun xonadonlari eshigining ikki yondoriga va tepa taxtasiga belgi sifatida qon sachratgan sadoqatli isroillik ota-onalarni eslagan bo‘lishi mumkin. (Chiq. 12:7, 22, 23) Hizqiyoning vahiysidagi kotiblik asbobi bor kishi odamlarning peshonasiga aynan shu maqsadda belgi qo‘yganmi? Boshqacha qilib aytganda, Quddus vayron qilinganida peshonasida belgisi borlar qutulib qolganmi?

6 Belgi qo‘yishga nima asos bo‘lib xizmat qilishini ko‘rib chiqsak bu savolga javob topamiz. Belgi «shaharda qilinayotgan jirkanch ishlar dastidan oh-nola qilayotgan odamlarning peshonasiga» qo‘yilgan edi. Belgi qo‘yilgan o‘sha kishilar haqida qanday xulosaga kelishimiz mumkin? E’tiborga loyiq birinchi narsa shuki, ular nafaqat ma’baddagi butparastlikdan, balki Quddus zo‘ravonlik, axloqsizlik va adolatsizlikka to‘lib ketganidan qattiq qayg‘u-alam chekishgan. (Hiz. 22:9–12) Bundan tashqari, hoynahoy ular o‘z his-tuyg‘ularini yashirishmagan. Bunday samimiy insonlar so‘zlari va ishlari bilan yurtda sodir bo‘layotgan narsalardan jirkanayotganini va pok topinishga sodiq ekanini aniq namoyon etishgan. Shu sababli Yahova sadoqatli kishilarga rahm-shafqat ko‘rsatib, qutqarib qolgan.

7, 8. Qo‘lida to‘qmog‘i bor olti kishi o‘z vazifasini qanday bajargan va vahiy qanday yakun topgan?

7 Unda qo‘lida to‘qmog‘i bor olti kishi o‘z vazifasini qanday bajargan? Hizqiyo Yahova ularga bergan yo‘l-yo‘riqni eshitadi. Unga ko‘ra ular kotiblik asbobi bor kishi belgilash ishini yakuniga yetkazgach, peshonasida belgisi bo‘lganlardan tashqari hammani qirib tashlashi kerak edi. Yahova: «Bu ishni muqaddas maskanimdan boshlanglar»,— deb buyuradi. (Hiz. 9:6) Hukmni ijro etuvchilar o‘z ishlarini Quddusning qoq markazidan, ya’ni ma’baddan boshlashlari kerak. Yahova endi bu maskanni muqaddas, deb bilmayapti. Qirg‘in «ma’bad oldidagi oqsoqollar»dan boshlanadi. Isroilning bu 70 ta oqsoqoli ma’bad ichkarisida soxta xudolarga atab tutatqi tutatayotgan edi. (Hiz. 8:11, 12; 9:6)

8 Vahiy qanday yakun topgan? Hizqiyo kuzatishda va tinglashda davom etar ekan, kotiblik asbobi bor kishi Yahovaga quyidagicha hisobot beradi: «Xuddi buyurganingizdek qildim». (Hiz. 9:11) Bizda shunday savollar tug‘iladi: Quddus aholisi bilan nima yuz berdi? Shahar vayron qilinganida sadoqatli kishilar qutulib qoldimi?

Vahiy Hizqiyoning kunlarida qanday amalga oshgan?

9, 10. Quddus vayron qilinganida qutulib qolganlar qatorida kimlar bo‘lgan va ular haqida qanday xulosa chiqarishimiz mumkin?

9 Solnomalar ikkinchi kitob 36:17–20 ni o‘qing. Hizqiyoning bashorati mil. avv. 607-yili, Bobil qo‘shini Quddusni va ma’badni vayron qilganida amalga oshgan. Bobilliklar «Yahovaning qo‘lidagi... kosa» bo‘lib, ular orqali Yahova bevafo Quddus ustiga O‘z g‘azabini to‘kkan va uni jazolagan. (Yerm. 51:7) Barcha odamlar qirib tashlanganmi? Yo‘q. Hizqiyoning vahiysida bashorat qilinganidek, bobilliklar ayrimlarni o‘ldirmagan. (Ibt. 18:22–33; 2 Butr. 2:9)

10 Bir qancha sodiq kishilar, jumladan, Raxav xonadoni, habashistonlik Obidmalek, Yeremiyo payg‘ambar hamda uning kotibi Borux omon qolishgan. (Yerm. 35:1–19; 39:15–18; 45:1–5) Hizqiyoning vahiysidan bunday kishilar Quddusda sodir etilgan «jirkanch ishlar dastidan oh-nola» qilishgan, deb xulosa chiqarishimiz mumkin. (Hiz. 9:4) Shahar vayron bo‘lishidan oldin ular yovuzlikni astoydil rad etishayotganini hamda pok topinishga sodiq ekanini namoyon etishgan va shu tariqa qutulib qolganlar qatoriga qo‘shilishgan.

11. Qo‘lida to‘qmog‘i bor olti kishi va kotiblik asbobi bo‘lgan kishi kimlarni bildirgan?

11 Qutulib qolgan o‘sha sadoqatli kishilarga tom ma’noda belgi qo‘yilganmi? Hizqiyo ham, boshqa payg‘ambarlar ham Quddus bo‘ylab yurib sodiq kishilarning peshonasiga tom ma’noda belgi qo‘ygani haqida hech qanday yozma ma’lumot yo‘q. Shubhasizki, Hizqiyoning bashoratli vahiysi inson ko‘zlaridan yashirin bo‘lgan samoda nimalar yuz berayotganini oshkor etgan. Vahiydagi kotiblik asbobi bo‘lgan kishi va qo‘lida to‘qmog‘i bor olti kishi Yahovaning irodasini ado etishga tayyor turgan sadoqatli ruhiy mavjudotlarni bildiradi. (Zab. 103:20, 21) Bevafo Quddus ustidan chiqargan hukmni ijro etish uchun Yahova farishtalaridan foydalangani shubhasiz. Qutqariladigan kishilarning peshonasiga belgi qo‘yish orqali farishtalar hamma odamlar yoppasiga yo‘q bo‘lib ketmasligini nazorat qilgan.

Hizqiyoning vahiysi hozirgi kunda qanday ma’noga ega?

12, 13. a) Nega Yahova Quddusga g‘azabini sochgan va nega bugungi kunda ham U shunday yo‘l tutishini kutishimiz kerak? b) Bevafo Quddus xristian olamini bildiradimi? Tushuntiring. («Bevafo Quddus xristian olamini bildiradimi?» nomli ramkaga qarang.)

12 Yaqinda biz «dunyo paydo bo‘lganidan beri bunaqasi hali bo‘lmagan, bundan keyin ham bo‘lmaydi»gan misli ko‘rilmagan ilohiy hukm ijro etilishiga guvoh bo‘lamiz. (Mat. 24:21) Ushbu muhim voqeani kutar ekanmiz, ayrim dolzarb savollar tug‘iladi: odamlar yoppasiga yo‘q qilinadimi yoki saralanadimi? Yahovaga pok tarzda topinuvchilar qutulib qolishi uchun ularga qandaydir belgi qo‘yiladimi? Boshqacha aytganda, Hizqiyoning kotiblik asbobi bor kishi haqidagi bashoratli vahiysi hozirgi kunda ham amalga oshadimi? Uchala savolga ham «ha» deb javob bersa bo‘ladi. Nega bunday xulosa chiqarishimiz mumkin? Javobini topish uchun Hizqiyoning vahiysiga qaytamiz.

13 Yahova qadimgi Quddusga nega g‘azabini sochgani esingizdami? Yana bir bor Hizqiyo 9:8, 9 ni o‘qing. Hizqiyo shahar vayron qilinganida «Isroilning omon qolganlari» ham yo‘q qilinishidan qo‘rqadi, shunda Yahova hukm qilish uchun to‘rtta sabab keltiradi. Birinchidan, xalqning «gunohi nihoyatda og‘ir». * Ikkinchidan, Yahudo yurti «xunrezlikka... to‘la». Uchinchidan, Yahudo shohligining poytaxti Quddus «adolatsizlikka to‘la». To‘rtinchidan, xalq Yahova ularning yovuz ishlarini «ko‘rmayapti», deb o‘zini oqlaydi. Yahovaning ushbu so‘zlari hozirgi axloqan buzuq, zo‘ravon, adolatsiz va imonsiz dunyoni ta’riflash uchun mos keladi, shunday emasmi?! Yahova «o‘zgarmaydigan Tangri» ekan, Hizqiyoning davrida bo‘lgani kabi, hozir ham o‘sha-o‘sha ishlar Uning g‘azabini qo‘zg‘atyapti. (Yoqb. 1:17; Mal. 3:6) Demak, bugungi kunda ham qo‘lida to‘qmog‘i bor olti kishi va kotiblik asbobi bo‘lgan kishi o‘z ishini amalga oshirishini kutishimiz kerak.

Qo‘lida to‘qmog‘i bor olti kishi yaqinda ishga kirishadi (12-, 13-xatboshilariga qarang.)

14, 15. Qaysi misollar Yahova halokatdan oldin xalqni ogohlantirishini ko‘rsatmoqda?

14 Xo‘sh, Hizqiyoning bashoratli vahiysi bugungi kunda qanday amalga oshyapti? Vahiy o‘tmishda qanday amalga oshganiga e’tibor bersak, hozir va kelajakda nimalarni kutish kerakligini bilib olamiz. Hizqiyoning bashorati amalga oshar ekan, voqealar qanday rivojlanganini yoki rivoj topishini ko‘rib chiqamiz.

15 Yahova halokatdan oldin xalqni ogohlantiradi. 11-bobdan bilib olganimizday, Yahova Hizqiyoni «Isroil xonadoniga qo‘riqchi» qilib tayinlagan edi. (Hiz. 3:17–19) Mil. avv. 613-yildan boshlab Hizqiyo Isroilni yaqinlashib kelayotgan halokatdan aniq ogoh etgan. Boshqa payg‘ambarlar, jumladan, Ishayo va Yeremiyo ham Quddusning boshiga tushadigan falokat to‘g‘risida ogohlantirishgan. (Ishayo 39:6, 7; Yerm. 25:8, 9, 11) Bugungi kunda Yahova Masih orqali moylangan xizmatchilaridan iborat kichik guruhdan foydalanib pok tarzda topinuvchilarni, ya’ni uydagilarni nafaqat oziqlantirmoqda, balki boshqalarni shiddat bilan yaqinlashib kelayotgan buyuk musibat haqida ogohlantirmoqda. (Mat. 24:45)

16. Yahovaning xalqi sifatida qutulib qoladiganlarga belgi qo‘yamizmi? Tushuntiring.

16 Yahovaning xalqi qutulib qoladiganlarga belgi qo‘ymaydi. Eslaydigan bo‘lsak, Hizqiyoga Quddusni aylanib chiqib, qutulib qoladiganlarga belgi qo‘yib chiqish buyurilmagan. Xuddi shunday bugun ham Yahovaning xalqiga qutulib qolishga loyiq bo‘lganlarga belgi qo‘yish vazifasi topshirilmagan. Buning o‘rniga, uydagilar sifatida bizga va’z qilish vazifasi berilgan. Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xushxabarni g‘ayrat bilan bo‘lishsak va bu yovuz dunyoning oxirati shiddat ila yaqinlashib kelayotgani haqida astoydil ogohlantirsak, bu vazifaga jiddiy yondashayotganimizni ko‘rsatamiz. (Mat. 24:14; 28:18–20) Shu tariqa, samimiy insonlarga pok topinishni tanlashga yordam bergan bo‘lamiz. (1 Tim. 4:16)

17. Kelajakda belgi olish uchun odamlar hozir nima qilishi kerak?

17 Yaqinlashib kelayotgan halokatdan qutulib qolish uchun odamlar imoni borligini hozir isbotlashi kerak. Yuqorida bilib olganimizday, mil. avv. 607-yili Quddus vayron qilinganida qutulib qolganlar yovuzlikni chin dildan rad etayotganini va pok topinishga sodiq ekanini oldindan ko‘rsatishgan. Bugun ham xuddi shunday. Halokat kelishidan oldin odamlar bu dunyodagi yovuzlikdan «oh-nola» qilishi, ya’ni qattiq qayg‘u-alam chekishi kerak. O‘z his-tuyg‘ularini yashirishning o‘rniga, ular so‘zlari va ishlari bilan pok topinishga sodiq ekanliklarini namoyon etishlari darkor. Ular buni qanday qila olishadi? Buning uchun, bugungi kunda olib borilayotgan va’zgo‘ylik faoliyatiga to‘g‘ri munosabat ko‘rsatishlari, Masihniki kabi shaxsiyatni kiyib olishni davom ettirishlari, Yahovaga bag‘ishlanish ramzi sifatida suvga cho‘mishlari va Masihning birodarlarini sadoqat ila qo‘llab-quvvatlashlari kerak. (Hiz. 9:4; Mat. 25:34–40; Efes. 4:22–24; 1 Butr. 3:21) Hozir bunday hayot yo‘lini tanlagan kishilar va buyuk musibatni pok topinuvchilar sifatida qarshi olganlar qutuladiganlar sifatida belgi olishadi.

18. a) Qutulib qolishga loyiq bo‘lganlarga Iso qanday qilib va qachon belgi qo‘yadi? b) Sadoqatli moylanganlarga belgi qo‘yilishi kerakmi? Tushuntiring.

18 Qutulib qolishga loyiq bo‘lganlarga Iso belgi qo‘yadi. Hizqiyoning davrida qutulib qoladigan sodiq kishilarga belgi qo‘yishda farishtalar qatnashgan. Bugungi kunda kotiblik asbobi bor kishi barcha xalqlarning Hakami hisoblangan va o‘z ulug‘vorligida keladigan Iso Masihni bildiradi. (Mat. 25:31–33) Isoning bu kelishi buyuk musibat paytida, soxta din yo‘q qilinganidan keyin yuz beradi. * Bu hal qiluvchi pallada — Armageddon boshlanishidan oldin — Iso odamlarni qo‘ylar yoki echkilar sifatida hukm qiladi. «Buyuk olomon» hukm qilinadi, ya’ni qo‘ylar sifatida belgi oladi. Bu esa ular «mangu hayotga» ega bo‘lishini anglatadi. (Vah. 7:9–14; Mat. 25:34–40, 46) Sadoqatli moylanganlar bilan nima yuz beradi? Armageddondan omon qolishlari uchun ularga belgi qo‘yishning keragi yo‘q. Buning o‘rniga, o‘limidan yoki buyuk musibat boshlanishidan oldin ularga so‘nggi muhr qo‘yiladi. So‘ng Armageddon boshlanishidan biroz oldin yer yuzida bo‘lganlari osmonga ko‘tariladi. (Vah. 7:1–3)

19. Bu zamona ustidan hukmni ijro etish uchun Iso bilan kimlar keladi? («Oh-nola qilish, belgi qo‘yish, qirib tashlash. Qachon va qanday?» nomli ramkaga qarang.)

19 Osmondagi Shoh Iso Masih samoviy qo‘shini bilan bu zamonaning ustidan hukmni ijro etadi. Hizqiyoning vahiysidagi qo‘lida to‘qmog‘i bor olti kishi zig‘ir matodan kiyim kiygan kishi o‘z ishini yakuniga yetkazmaguncha qirg‘inni boshlamagan. (Hiz. 9:4–7) Shu singari, Iso barcha xalqlarni hukm qilib, qutulib qoladiganlarga qo‘ylar sifatida belgi qo‘ymaguncha bo‘lg‘usi halokat boshlanmaydi. Undan keyin Armageddon jangi paytida Iso hukmni ijro etuvchi samoviy kuchlarni, ya’ni muqaddas farishtalarni va u bilan shohlik qiladigan 144 000 kishining hammasini yovuz dunyoga qarshi boshlab boradi, uni tag-tomiri bilan yo‘q qiladi va pok tarzda topinuvchilarni adolatli yangi dunyoga olib kiradi. (Vah. 16:14–16; 19:11–21)

20. Hizqiyoning kotiblik asbobi bor kishi haqidagi vahiysidan qanday saboqlar oldik?

20 Hizqiyoning kotiblik asbobi bor kishi haqidagi vahiysidan umid baxsh etuvchi saboqlar olganimiz uchun juda minnatdormiz! Yahova odil insonni yovuzga qo‘shib yo‘q qilib yubormasligiga ishonchimiz komil bo‘lishi mumkin. (Zab. 97:10) Qutulib qolish uchun kelajakda belgi olishni istasak hozir nima qilishimiz kerakligini bilamiz. Yahovaga topinuvchilar sifatida Shayton dunyosidagi yovuzlikdan oh-nola qilayotgan kishilar bilan xushxabarni baham ko‘rishda imkon qadar ko‘proq qatnashishga va oxirat yaqinlashayotgani haqida ogohlantirishga qat’iy qaror qilganmiz. Shu tariqa, «mangu hayotga eltuvchi haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lgan» insonlarga bizga qo‘shilib pok tarzda topinishga va Xudoning adolatli yangi dunyosida yashash uchun belgi olganlar safiga qo‘shilishga ko‘maklashish sharafiga ega bo‘lamiz. (Havor. 13:48)

^ 1- x.b. Hizqiyo ma’badda jirkanch ishlar qilinayotgani haqida ko‘rgan vahiy 5-bobda muhokama qilingan.

^ 13- x.b. Bir manbaga ko‘ra, bu ot faqat diniy atama bo‘lib, deyarli doim Xudoning nazarida axloqiy aybdorlik yoki qonunsizlik degan fikrni yetkazish uchun qo‘llaniladi.

^ 18- x.b. Aftidan, Buyuk Bobilning vayron bo‘lishi soxta dinning barcha a’zolari o‘lishini anglatmaydi. O‘sha paytda hatto ayrim ruhoniylar soxta dinni tark etib, hech qachon unga tegishli bo‘lmaganini ta’kidlashadi. (Zakr. 13:3–6)