15A RAMKASI
Fohisha opa-singil
Hizqiyo kitobining 23-bobida Xudoning xalqiga sadoqatsizligi uchun jiddiy tanbeh berilganini o‘qiymiz. Unda yozilgan narsalar ko‘p jihatdan 16-bobda yozilganlarga o‘xshaydi. Har ikkala bobda fohisha obrazi qo‘llanilgan. Quddus singil, Samariya esa uning opasi sifatida tasvirlangan. Ikkala bobda ham qanday qilib singil fohishalik borasida opasiga ergashgani, ammo keyinchalik yovuzlik va axloqsizlikda undan ham oshib tushgani haqida aytilgan. 23-bobda Yahova opa-singilga quyidagi ismlarni bergan: opasiga, ya’ni o‘n qabilali Isroil shohligining poytaxti Samariyaga Oxola; singlisi, ya’ni Yahudoning poytaxti Quddusga Oxolibo. *(Hiz. 23:1–4)
Mazkur boblarning boshqa o‘xshash tomonlari ham bor. Ulardan eng diqqatga sazovorlari quyidagilar: fohishalar avvaliga Yahovaning xotinlariday bo‘lishgan va keyin Unga xiyonat qilishgan. Shuningdek, ushbu boblarda umid baxsh etuvchi va’da yozilgan. 23-bobda qayta tiklanish haqidagi umid unchalik ochiqchasiga yozilmagan bo‘lsa-da, Yahovaning quyidagi so‘zlari 16-bobda yozilganlarga o‘xshab ketadi: «Buzuqliging va fohishaligingga chek qo‘yaman». (Hiz. 16:16, 20, 21, 37, 38, 41, 42; 23:4, 11, 22, 23, 27, 37)
Fohishalar xristian olamining timsolimi?
Avvallari adabiyotlarimizda ushbu opa-singil, ya’ni Oxola bilan Oxolibo xristian olamining katolik va protestant oqimlarini bildiruvchi bashoratli timsollar, deb aytilardi. Biroq ibodat ila qilingan mulohazalar va tadqiqlar ayrim mantiqiy savollar tug‘ilishiga sabab bo‘ldi. Xristian olami qaysidir ma’noda Yahovaning xotini bo‘lganmi? Qachonlardir Yahova u bilan ahdlashganmi? Albatta yo‘q. Isoning vositachiligida ramziy Isroil bilan «yangi ahd» tuzilganida xristian olami hatto mavjud emasdi; xristian olami moylangan masihiylardan iborat ramziy xalqqa hech qachon kirmagan. (Yerm. 31:31; Luqo 22:20) Xristian olami havoriylarning o‘limidan ancha vaqt o‘tib milodiy to‘rtinchi asrda vujudga kelgan. Boshidanoq u buzilgan tashkilot bo‘lgan. Xristian olami Iso bug‘doy va begona o‘tlar haqida aytgan bashoratdagi «begona o‘tlar», ya’ni soxta masihiylardan tashkil topgan. (Mat. 13:24–30)
«Opa-singil» va xristian olami o‘rtasidagi yana bir muhim farq shundaki, Yahova sadoqatsiz Quddus va Samariyaga qayta tiklanishga umid bergan. (Hiz. 16:41, 42, 53–55) Muqaddas Kitobda xristian olamiga ham shunga o‘xshash umid berilgani haqida aytilganmi? Yo‘q! U ham Buyuk Bobilning bir qismi bo‘lgani uchun bunday umidga ega emas.
Demak, Oxola bilan Oxolibo xristian olamining bashoratli timsoli emas. Ammo uning mavjudligi boshqa yanada muhimroq masalani oydinlashtiryapti, ya’ni Xudoning xalqimiz deb turib, Uning muqaddas ismiga isnod keltirayotgan va pok topinishga oid me’yorlarini buzayotganlarga Yahova qanday munosabatda ekanini oshkor etyapti. Bu borada xristian olamining aybi katta, chunki uning son-sanoqsiz cherkovlari Muqaddas Kitobda yozilgan Xudoning vakillarimiz, deb da’vo qilishadi. Qolaversa, ular Yahovaning sevikli O‘g‘li Iso Masihni o‘zlarining yo‘lboshchisi deyishadi. Lekin Isoni uchlikning bir qismi sifatida tanitib hamda uning «dunyoga tegishli» bo‘lmaslik haqidagi amriga bo‘ysunmay, ular o‘z so‘zlariga zid harakat qilishyapti. (Yuhan. 15:19) Doim butparastlik va siyosiy mojarolarga aralashayotgani bilan xristian olami «buyuk fohishaning» bir qismi ekanini tasdiqlab kelyapti. (Vah. 17:1) Shubhasizki, uni ham soxta din imperiyasining boshiga tushadigan yakun kutyapti.
^ 3- x.b. Bu ismlar muhim ahamiyatga ega. Oxola ismi «uning [topinish] chodiri» degan ma’noga ega bo‘lib, hoynahoy, Quddusda Yahovaning ma’badi bo‘lishiga qaramay, isroilliklar o‘z topinish markazini o‘rnatganiga ishora qiladi. Oxolibo ismi esa aksincha, «[topinish] chodirim uning ichida» degan ma’noga ega. Chunki Yahovaga topinish uchun mo‘ljallangan maskan Quddusda joylashgan edi.