13- QISM
Yaxshi va yomon shohlar
Isroil shohligi bo‘linib ketadi. Asrlar osha, Isroil ustidan ko‘plab shohlar boshqaradi, lekin ulardan aksariyati sadoqatsiz bo‘lib chiqadi. Quddus bobilliklar tomonidan vayron etiladi
SHOH SULAYMON haq topinishdan voz kechganidan keyin, Tangri Yahova bashorat qilganiday, Isroil shohligi bo‘linib ketdi. Uning o‘g‘li shoh Raxabom qattiqqo‘l bo‘lib chiqdi. Oqibatda, Isroilning o‘nta qabilasi qo‘zg‘olon ko‘tarib, shimoliy Isroil shohligi yuzaga keldi. Faqat ikkita qabila Quddusdagi Dovudning taxtida o‘tirgan shohga sodiq qolib, janubiy Yahudo shohligi deya tanildi.
Ikkala shohlik beqaror bo‘lib, ko‘p muammolarga duch keldi. Chunki ularning aksariyat shohlari imonsiz va itoatsiz edi. Isroil shohligi Yahudoga qaraganda ko‘proq muammolarga duch keldi. Boisi, uning shohlari soxta topinishga zamin yaratishdi. Ilyos va Elishay kabi payg‘ambarlar qudratli ishlar yaratishganiga, hatto o‘liklarni tiriltirishganiga qaramay, Isroil shohligi yomon yo‘ldan qaytmadi. Natijada Xudo, shimoliy shohlik ossuriyaliklar tomonidan vayron etilishiga yo‘l qo‘ydi.
Yuz yildan sal ko‘proq vaqt o‘tgach, Yahudo shohligi ham xuddi shunday Alloh tomonidan jazolandi. Chunki faqat bir necha Yahudo shohlari Tangrining ogohlantirishlariga quloq solib, xalqni Yahovaga qaytarishga harakat qilishdi. Masalan, shoh Yo‘shiyo xalqni soxta topinishdan qaytarib, Yahovaning ma’badini tikladi. Xudo Muso payg‘ambar orqali bergan Tavrot qonuni topilganida, Yo‘shiyo chuqur ta’sirlanib, islohot ishlarini tezlashtirib yubordi.
Afsuski, Yo‘shiyoning vorislari uning o‘rnagiga ergashishmadi. Shunda Yahova bobilliklar Yahudoni mag‘lub qilib, Quddus va ma’badni vayron etishlariga qo‘yib berdi. Omon qolganlar esa Bobilga asirlikka olib ketildi. Alloh, asirlik 70-yil davom etishini bashorat qilgan edi. Shu yo‘sin, xalq o‘z yurtiga qaytmaguncha Yahudo o‘lkasi bu vaqt davomida kimsasiz yotdi.
Biroq bashorat qilingan Najotkor, Masih kelmaguncha, Dovud naslidan bo‘lgan shohlar boshqarishi lozim edi. Quddusda Dovudning taxtiga o‘tirgan shohlarning ko‘pchiligi, nomukammal insonlar boshqarishga qobiliyatsiz ekanini isbotlashdi. Bunga faqat Masih qobiliyatli edi. Shu bois, Yahova Masihga qarata: «U Yoqubning xonadoni uzra shohlik qiladi va shohligining cheki bo‘lmaydi»,— deb aytgan (Luqo 1:33).
3 Shohlar, 4 Shohlar kitoblariga, 2 Solnomalar 10–36- boblarga, hamda Yeremiyo 25:8–11- oyatlarga asoslangan.