Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

15- QISM

Asirlikda bo‘lgan payg‘ambar

Asirlikda bo‘lgan payg‘ambar

Doniyor payg‘ambar Xudoning Shohligi va Masihning kelishi to‘g‘risida karomat qiladi. Bobil qulaydi

BENUQSONLIGI bilan taniqli bo‘lgan Doniyor ismli yosh yigit, Quddus vayron etilishidan oldin Bobilga asirlikka olib ketildi. Yahudo shohligidan asirlikka olingan unga va boshqa yurtdoshlariga bobilliklar muayyan erkinlik berishdi. Doniyor Bobilda uzoq umr ko‘rdi. Shu davr mobaynida Alloh unga ko‘p baraka berdi va hatto sherlar uyasida bo‘lganida uni o‘limdan qutqardi. Doniyorning eng asosiy bashoratlari Masih va uning boshqaruvi haqida.

Doniyor Masihning kelishini bilib oladi. Doniyor payg‘ambarga, «Xudo yog‘ quyib tanlagan yo‘lboshchi [Yo‘lboshchi Masih, YADT]» Quddusning tiklanishi haqidagi farmon chiqqanidan keyin 69 karra yetti yil o‘tgach paydo bo‘ladi, deb aytilgan edi. Ushbu farmon Doniyorning o‘limidan ancha vaqt o‘tgach, mil. avv. 455- yilda chiqdi. Demak, 69 karra yetti yil 483-yildan iborat bo‘lib, milodiy 29- yilda yakunlangan. Risolamizning keyingi qismida o‘sha yili nima yuz berganini bilib olamiz. Doniyor, Masih gunohlarni yuvish uchun o‘ldirilishini ham oldindan ko‘radi (Doniyor 9:24–26).

Masih samoviy Shoh bo‘ladi. Doniyorga Masih to‘g‘risida g‘ayrioddiy bir vahiy beriladi. U Masihni, Yahovaning taxti oldiga kelgan «inson qiyofasidagi bittasi» deya ta’riflaydi. Yahova unga «shohlik, hukmronlik va yer yuzidagi barcha saltanatlarni» beradi. Bu abadiy shohlik bo‘ladi. Boz ustiga, Doniyor Masihning Shohligiga tegishli hayratomuz bir tafsilotga ega bo‘ladi. Bu Shoh «Xudoyi Taoloning aziz odamlari» deyilgan kishilar bilan hukmronlik qiladi (Doniyor 7:13, 14, 27).

Shohlik dunyoviy hukumatlarni yakson qiladi. Bobil shohi Navuxadnazar yuragiga g‘ulg‘ula solgan bir tush ko‘radi. Tangri esa Doniyorga tushning ta’birini so‘zlab berish qobiliyatini ato etadi. Shoh tushida bahaybat haykalni ko‘radi. Haykalning boshi toza oltindan, ko‘krak va qo‘llari kumushdan, beli va sonlari bronzadan, boldirlari temirdan, oyoqlarining bir qismi loydan, bir qismi temirdan edi. Tog‘dan uzilgan bir tosh dumalab kelib haykalning loy va temirdan bo‘lgan oyoqlariga urilib, uni parcha-parcha qiladi. Doniyorning ta’biriga ko‘ra, haykalning qismlari bir-birining o‘rniga keladigan jahon imperiyalarini tasvirlaydi. Bu imperiyalar boshi toza oltindan bo‘lgan Bobildan boshlanadi. Uning bashoratiga ko‘ra, yovuz dunyoning ustidan boshqaradigan so‘nggi hukumat davrida, Xudoning Shohligi faoliyat ko‘rsatadi. Ushbu Shohlik yer yuzidagi barcha hukumatlarni yakson qilib, o‘zi esa abadiy turadi (Doniyor 2- bob).

Keksayganida Doniyor Bobilning qulashiga guvoh bo‘ladi. Payg‘ambarlar karomat qilganidek, shoh Kir mustahkam shaharni zabt etadi. Bundan ko‘p vaqt o‘tmay yahudiylarning asirlikka tushganiga 70-yil to‘ladi va ular ozod etilib, vayrona yurtlariga qaytishadi. Allohga sodiq bo‘lgan hokimlar, ruhoniylar va payg‘ambarlarning boshchiligida Quddus tiklanib, Yahovaning ma’badi qayta quriladi. Endi esa boya aytilgan 483-yil o‘tgach nima yuz berganini ko‘ramiz.

Doniyor kitobiga asoslangan.