54-DARS
Yahova Yunusga sabr-toqat ko‘rsatadi
Ossuriyaning Nineviya shahridagi odamlar yomon edi. Shu sababli, Yahova O‘z payg‘ambari Yunusga u yerga borishni va yomon yo‘ldan qaytarish uchun ularni ogohlantirishni aytdi. Ammo Yunus qarama-qarshi tomonga qochib ketdi. U Tarshish shahriga boradigan kemani izlab topdi-da, unga chiqib oldi.
Kema suzib ketayotganida kuchli bo‘ron ko‘tarildi va dengizchilar qo‘rqib ketishdi. Ular o‘z xudolariga ibodat qilib: «Nega bu falokat boshimizga tushdi?» — deb so‘rashdi. Oxiri Yunus ularga shunday dedi: «Bunga men aybdorman. Chunki Yahovaning aytganini qilmasdan qochib ketyapman. Meni dengizga uloqtiringlar, shunda bo‘ron to‘xtaydi». Dengizchilar Yunusni uloqtirishni istashmadi, ammo u gapida turib oldi. Uni dengizga uloqtirishlari bilan bo‘ron to‘xtadi.
Yunus o‘lib qolaman, deb o‘yladi. U tobora dengiz tubiga tushib borar ekan, Yahovaga ibodat qildi. Shunda Yahova katta baliqni yubordi. Baliq Yunusni yutib yubordi, ammo u tirik qoldi. Baliqning qornida u Yahovaga ibodat qilib: «Senga doim quloq solishga va’da beraman»,— dedi. Yahova Yunusni baliqning ichida uch kun saqladi. So‘ng baliq Yunusni quruqlikka chiqarib tashladi.
Shu tariqa Yahova Yunusni qutqarib qoldi. Lekin endi Yunus Nineviyaga bormasa ham bo‘ladimi? Yo‘q. Yahova yana Yunusga u yerga borishni aytdi. Bu safar Yunus Unga quloq soldi. U Nineviyaga
borib, uning yovuz aholisiga: «40 kundan keyin Nineviya yo‘q qilinadi»,— deb aytdi. Shunda kutilmagan voqea sodir bo‘ldi: nineviyaliklar uning gapiga quloq solib, yomon yo‘llaridan qaytishdi. Nineviya shohi odamlarga: «Xudoga yolvorib, tavba qilinglar. Ehtimol, shunda U bizni halok qilmas»,— dedi. Yahova ularning tavba qilganini ko‘rib, Nineviyani yo‘q qilmadi.Shahar yo‘q qilinmaganini ko‘rib, Yunusning jahli chiqdi. Bir o‘ylab ko‘ring: Yahova Yunusga sabr-toqat va rahm-shafqatni namoyon etdi. Yunusning esa Nineviya aholisiga rahmi kelmadi. U shahar tashqarisiga chiqdi-da, qovoq o‘simligining soyasida xo‘mrayib o‘tirdi. Keyin o‘simlik so‘lib qoldi va Yunusning jahli chiqdi. Shunda Yahova unga dedi: «Sen o‘simlik so‘lib qolganiga achinyapsan. Men Nineviyada yashaydigan shuncha odamga achinmasligim kerakmi? Men ularga rahm-shafqat ko‘rsatdim va ular tirik qolishdi». Bundan qanday xulosaga kelsak bo‘ladi? Nineviyada yashovchi insonlar Yahova uchun har qanday o‘simlikdan qadrliroq edi.
«Yahova... sizlarga sabrini namoyon etyapti. Sababi, U hech kimning halok bo‘lishini istamaydi, ammo hammaning tavba qilishini xohlaydi». (2 Butrus 3:9)