Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

51-DARS

Lashkarboshi va qizcha

Lashkarboshi va qizcha

Suriya yurtida isroillik bir qizcha yashardi. U o‘z uyidan juda uzoqda edi. Suriya qo‘shini uni oilasidan ayirib olib kelgan edi. Bu qizcha No‘mon ismli lashkarboshining xotiniga xizmat qilardi. Uning atrofidagi odamlar bunday qilmasa-da, u Yahovaga topinardi.

No‘mon dahshatli teri kasaliga chalinib, qattiq azob chekardi. Isroillik qizcha judayam unga yordam berishni istadi. U No‘monning xotiniga shunday dedi: «Eringizga kim yordam bera olishini bilaman. Isroilda Elishay ismli Yahovaning payg‘ambari bor. U eringizni tuzata oladi».

Xotini No‘monga qizchaning gaplarini aytdi. No‘mon sog‘ayish uchun hamma narsaga tayyor edi. Shu bois Isroilga, Elishayning uyiga bordi. No‘mon Elishay uni o‘zgacha hurmat-ehtirom bilan kutib oladi, deb o‘yladi. Ammo Elishay u bilan shaxsan gaplashishning o‘rniga, No‘monni qarshi olgani xizmatkorini yubordi. Xizmatkor unga: «Iordan daryosiga borib, yetti marta cho‘miling. Shunda tuzalib ketasiz»,— degan xabarni aytdi.

No‘mon qattiq xafa bo‘ldi. U shunday dedi: «Payg‘ambar Tangrisining ismini aytib chaqiradi va kasallangan joylarimni qo‘li bilan silab davolaydi, deb o‘ylagandim. U bo‘lsa Isroildagi daryoga borishimni aytyapti. Suriyadagi daryolarimiz bundan ham yaxshiroq-ku! O‘sha yerga borsam bo‘lmasmidi?!» No‘monning jahli chiqib, Elishayning uyidan ketib qoldi.

No‘monning xizmatkorlari unga to‘g‘ri fikrlashga yordam berishdi. Ular No‘monga: «Sog‘ayish uchun hamma narsaga tayyor emasmidingiz? Axir payg‘ambar sizga oson narsani aytdi-ku! Aytganini bajara qolmaysizmi?» — deyishdi. No‘mon ularning aytganini qildi. U Iordan daryosiga borib, yetti marta sho‘ng‘idi. U yettinchi marta sho‘ng‘iganida, suvdan butunlay sog‘lom bo‘lib chiqdi. No‘mon judayam xursand bo‘lganidan, rahmat aytish uchun Elishayning uyiga bordi. U Elishayga: «Endi bildim, Yahova haq Xudo ekan!» — deb aytdi. Nima deb o‘ylaysiz, No‘mon sog‘ayib qaytganini ko‘rgan isroillik qizcha nimalarni his qilgan?

«Senga bolalar-u chaqaloqlarning og‘zi bilan madhlar aytildi». (Matto 21:16)