29-DARS
Yahova Yoshuani tanlaydi
Isroil xalqiga ko‘p yil boshchilik qilgandan keyin, Musoning umri oxirlab qoldi. Yahova Musoga: «Sen isroilliklarni va’da qilingan yurtga olib kirmaysan. Ammo senga yurtni ko‘rishga ruxsat beraman»,— dedi. Shunda Muso Yahovadan xalqqa g‘amxo‘rlik qiladigan boshqa yo‘lboshchi tanlashni so‘radi. Yahova Musoga: «Yoshuaning oldiga borib, Men uni tanlaganimni ayt»,— dedi.
Muso xalqqa yaqinda o‘lishini hamda ularni va’da qilingan yurtga boshlab borish uchun Yahova Yoshuani tanlaganini aytdi. Muso Yoshuaga shunday dedi: «Qo‘rqma, Yahova senga yordam beradi». Keyin Muso Navo tog‘ining cho‘qqisiga chiqdi va Yahova unga Ibrohim, Is’hoq va Yoqubga va’da qilgan yurtni ko‘rsatdi. Muso 120 yoshda vafot etdi.
Yahova Yoshuaga shunday dedi: «Iordan daryosini kechib, Kan’on yurtiga bor. Musoga qanday yordam bergan bo‘lsam, senga ham shunday yordam beraman. Tavrotni albatta har kuni o‘qi. Qo‘rqma. Jasur bo‘l. Bor, Men senga nimalarni buyurgan bo‘lsam, shuni bajar».
Yoshua ikkita ayg‘oqchini Yerixo shahriga yubordi. Keyingi hikoyada u yerda nima sodir bo‘lgani to‘g‘risida ko‘proq bilib olamiz. Ular u yerdan qaytib kelgach, Kan’onga kirishning ayni payti ekani haqida xabar berishdi. Ertasi kuni Yoshua xalqqa qarorgohni yig‘ishni aytdi. Keyin u ahd sandig‘ini ko‘tarib yuradigan ruhoniylarga Iordan daryosi tomonga borishni buyurdi. Daryo toshib oqayotgandi. Ruhoniylarning oyog‘i suvga tegishi bilan daryo suvlari oqishdan to‘xtab, qurib qoldi! Ular daryoning o‘rtasiga borishdi va butun Isroil xalqi daryoning narigi tomoniga o‘tguncha, o‘sha yerda turishdi. Bu voqea isroilliklarga Yahova Qizil dengizda qilgan mo‘jizani eslatgan bo‘lsa kerak, shunday emasmi?
Shuncha yildan so‘ng, nihoyat Isroil xalqi va’da qilingan yurtga ega bo‘ldi. Ular uy va shaharlar qurishi mumkin edi. Ular dala, uzumzor va mevali bog‘lar barpo eta olishardi. Bu chindan ham sut va asal oqib yotgan yurt edi.
«Yahova doim seni yetaklaydi, qaqragan yerda ham seni to‘ydiradi». (Ishayo 58:11)