Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

21-DARS

O‘ninchi ofat

O‘ninchi ofat

Muso fir’avnga boshqa u bilan ko‘rishishga harakat qilmasligini aytdi. Lekin ketishidan oldin: «Yarim tunda Misr yurtida fir’avnning o‘g‘lidan tortib, qulning o‘g‘ligacha, barcha to‘ng‘ich bolalar o‘ladi»,— dedi.

Yahova isroilliklarga o‘zgacha bir taom yeyishlari kerakligini aytdi. U shunday deb buyurdi: «Bir yashar erkak qo‘y yoki echkini so‘yib, qonini eshigingizning ikki yondori va tepa taxtasiga sachratinglar. Go‘shtini olovda pishirib, xamirturushsiz non bilan yenglar. Kiyim va sandalingizni kiyib, ketishga tayyor turinglar. Bu kecha sizlarni ozod qilaman». Isroilliklar qanchalik hayajonga to‘lganini bir tasavvur qiling!

Yarim tunda Yahovaning farishtasi Misrdagi hamma uylar oralab o‘tdi. Yondorlari va tepa taxtasiga qon bilan belgi qo‘yilmagan uylardagi to‘ng‘ich bolalar o‘ldi. Farishta qon bilan belgilangan uylar yonidan o‘tib ketdi. Xoh boy, xoh kambag‘al bo‘lsin, misrliklarning har bir oilasida bitta farzand o‘ldi. Biroq barcha isroillik bolalar omon qoldi.

Fir’avnning o‘g‘li ham o‘ldi va u bunga chiday olmadi. Fir’avn shu zahotiyoq Muso bilan Horunga: «Yo‘qolinglar bu yerdan. Borib Xudoyingizga topininglar. Chorvangizni ham olib ketinglar!» — dedi.

To‘lin oy nur sochib turganida, isroilliklar oila va qabilalari bo‘yicha saflanib, Misrdan chiqib ketishdi. Ular 600 000 erkak kishi va ko‘plab ayollar-u bolalardan iborat edi. Isroilliklar bilan birga Yahovaga topinish uchun ko‘pgina boshqa odamlar ham Misrdan chiqishdi. Nihoyat isroilliklar ozod bo‘ldi!

Yahova ularni qanday ozod qilgani haqida eslab turish uchun, isroilliklar har yili shunday o‘zgacha taomni yeyishlari kerak edi. Bu bayram Fisih deb ataldi. Bu so‘zning ma’nosi «chetlab o‘tish» degani.

«Sen orqali O‘z qudratimni ko‘rsatib, ismim butun dunyoda e’lon etilishi uchun seni tirik qoldirdim». (Rimliklarga 9:17)