102-DARS
Yuhanno ko‘rgan vahiylar
Havoriy Yuhanno Patmos oroliga surgun qilingan edi. O‘shanda Iso unga kelajakda yuz beradigan voqealarni ko‘rsatish uchun birin-ketin 16 ta vahiy berdi. Bu vahiylar orqali Yahovaning ismi muqaddas bo‘lishi, Shohligi kelishi va osmonda bo‘lgani kabi yer yuzida ham irodasi amalga oshishi ochib berildi.
Bir vahiyda Yuhanno Yahova O‘zining samodagi ulug‘vor taxtida o‘tirganini, Uning atrofida esa egniga oq libos, boshiga oltin toj kiygan 24 ta oqsoqol borligini ko‘rdi. Taxtdan chaqmoq chaqib, momaqaldiroq guldurayotgani eshitilardi. 24 ta oqsoqol yuztuban tiz cho‘kib Yahovaga sajda qilardi. Boshqa vahiyda Yuhanno turli millatdan, qabiladan, xalqdan va tildan bo‘lgan ulkan olomonni ko‘rdi. Ular Yahovaga topinayotgan edi. Qo‘zi, ya’ni Iso ularni boqib, obi hayot buloqlariga olib borayotgandi. Yana bir vahiyda Yuhanno Isoning 24 ta oqsoqol bilan shohlik qilayotganini ko‘rdi. Keyingi vahiyda esa Iso Shaytonni tasvirlovchi ajdaho va uning jinlari bilan jang qilayotgani ayon bo‘ldi. Iso ularni osmondan yer yuziga uloqtirib tashladi.
So‘ng Yuhanno go‘zal manzarani, Qo‘zi va 144 000 tanlangan kishilar Sion tog‘ida turganini ko‘rdi. Yana u yer yuzi uzra uchib ketayotgan farishtani ko‘rdi. Bu farishta odamlarga Allohdan qo‘rqib, Unga shon-sharaf keltirishni aytayotgan edi.
Boshqa bir vahiyda Armageddon jangi boshlangani ko‘rsatildi. Bu jangda Iso va uning qo‘shini Shaytonning yovuz dunyosini mag‘lub qildi. Eng oxirgi vahiyda Yuhanno yer-u osmonda tinchlik hukm surayotganini ko‘rdi. Shayton va unga ergashganlar butunlay yo‘q qilindi. Osmon-u yerdagi barcha mavjudotlar Yahovaning ismini muqaddas tutib, faqat Unga topinayotgan edi.
«Men sen bilan ayol orasiga va sening zurriyoting bilan uning zurriyoti orasiga adovat solaman. U sening boshingni ezib tashlaydi, sen esa uning tovonini chaqasan». (Ibtido 3:15)