Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

92-DARS

Iso yana shogirdlariga ko‘rinadi

Iso yana shogirdlariga ko‘rinadi

Iso havoriylarga ko‘ringanidan bir muncha vaqt o‘tib, Butrus baliq ovlash uchun Jalila dengiziga bordi. To‘ma, Yoqub, Yuhanno va boshqa shogirdlar ham u bilan ketishdi. Ular tuni bilan harakat qilishdi-yu, ammo hech nima tuta olishmadi.

Tong otganda, ular sohilda bir kishi turganini ko‘rishdi. O‘sha kishi sohildan: «Biror nima tuta oldingizmi?» — deb so‘radi. Ular bo‘lsa: «Yo‘q!» — deyishdi. O‘sha kishi: «To‘rni qayiqning o‘ng tomoniga tashlanglar»,— deb aytdi. Ular u aytganidek qilishdi va to‘rga shunchalik ko‘p baliq ilindiki, uni tortib chiqara olishmadi. Shunda Yuhanno o‘sha kishi Iso ekanini tanib qolib: «Bu Hazratimiz-ku!» — dedi. Butrus shu zahoti suvga sakrab, sohilga suzib ketdi. Boshqa shogirdlar esa qayiqda kelishdi.

Ular qirg‘oqqa yetib kelganida, nonni va olovda pishayotgan baliqni ko‘rishdi. Iso shogirdlaridan yana bir nechta baliq keltirishni so‘radi. Keyin u: «Kelinglar, nonushta qilib olinglar»,— dedi.

Ular nonushta qilib bo‘lgach, Iso: «Butrus, baliq ovlashdan ko‘ra meni ko‘proq yaxshi ko‘rasizmi?» — deb so‘radi. Butrus javoban: «Ha, Hazrat! Sizni yaxshi ko‘rishimni bilasiz-ku!» — dedi. Iso unga: «Unday bo‘lsa, qo‘zilarimni o‘tlating»,— deb aytdi. U yana: «Butrus, meni yaxshi ko‘rasizmi?» — deb so‘radi. Butrus unga: «Hazrat, sizni yaxshi ko‘rishimni bilasiz-ku!» — dedi. Iso unga: «Qo‘zilarimni o‘tlating»,— deb aytdi. U Butrusga uchinchi marta yana shu savolni berdi. Butrus qattiq xafa bo‘lib: «Hazrat, siz hamma narsani, sizni yaxshi ko‘rishimni ham bilasiz-ku!» — dedi. Iso unga: «Qo‘zilarimni o‘tlating»,— deb aytdi. Keyin esa: «Siz orqamdan yuravering»,— dedi.

«Iso ularga: “Mening ortimdan yuringlar, men sizlarni odam ovchilari qilaman”,— dedi. Shunda ular darhol to‘rlarini qoldirib, Isoning ketidan ergashdilar». (Matto 4:19, 20)