Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

68-BOB

Xudoning O‘g‘li — «dunyoning nuri»

Xudoning O‘g‘li — «dunyoning nuri»

YUHANNO 8:12–36

  • ISO O‘G‘IL KIM EKANINI TUSHUNTIRADI

  • QAYSI MA’NODA YAHUDIYLAR QULLAR?

Chaylalar bayramining yettinchi, oxirgi kuni. Iso ma’badning «xazina qutilari» turgan joyda ta’lim beryapti. (Yuhanno 8:20; Luqo 21:1) Ehtimol, bu qutilar Ayollar hovlisi deb atalmish joyda turibdi. Odamlar u yerga ehsonlarini keltirishardi.

Tunda, bayram paytida ma’badning bu qismi o‘zgacha tarzda yoritiladi. Bu yerda to‘rtta katta chiroqpoya va har birining ustida moy bilan to‘ldirilgan to‘rttadan moychiroq turadi. Ushbu yonayotgan chiroqpoyalar katta maydonni yoritadi. Isoning quyidagi so‘zlari tinglovchilariga mana shu manzarani eslatishi mumkin: «Men dunyoning nuriman. Kim ortimdan ergashsa, aslo qorong‘ilikda yurmaydi, balki hayotga eltuvchi nurga ega bo‘ladi». (Yuhanno 8:12)

Farziylar unga e’tiroz bildirib: «Sen o‘zing haqingda shohidlik beryapsan, shuning uchun shohidliging haqiqiy emas»,— deyishadi. Iso javoban quyidagilarni aytadi: «O‘zim haqimda shohidlik berayotgan bo‘lsam-da, mening shohidligim haqiqiy, boisi men qayerdan kelganimni va qayerga borayotganimni bilaman. Sizlar esa qayerdan kelganimni ham, qayerga borayotganimni ham bilmaysizlar». Keyin yana davom etib: «Qolaversa, Qonuningizda: “Ikki kishining shohidligi to‘g‘ridir”,— deyilgan. Men o‘zim haqimda shohidlik beryapman hamda meni yuborgan Otam men to‘g‘rimda shahodat bermoqda»,— deydi. (Yuhanno 8:13–18)

Uning dalillari bilan rozi bo‘lmay farziylar: «Otang qayerda?» — deya so‘rashadi. Iso aniq javob berib: «Sizlar na meni, na Otamni bilasizlar. Agar meni bilganingizda edi, Otamni ham bilgan bo‘lardingiz»,— deydi. (Yuhanno 8:19) Garchi farziylar Isoni ushlab olish niyatidan qaytmagan bo‘lishsa-da, hech kim uni qo‘lga olmaydi.

Iso ilgari aytgan so‘zlarni takrorlaydi: «Men ketyapman. Meni qidirasizlar, ammo gunohkorligingizcha o‘lib ketasizlar. Men boradigan joyga sizlar bora olmaysizlar». Yahudiylar Isoning gaplarini noto‘g‘ri talqin qilib deyishadi: «Nahotki u o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lsa, axir: “Men boradigan joyga sizlar bora olmaysizlar”,— deyapti-ku?» Ular Isoning kelib chiqishini bilmagani uchun so‘zlarini umuman anglashmaydi. «Sizlar yerdansiz,— deb tushuntiradi Iso,— men esa yuqoridanman. Sizlar bu dunyodansiz, men bo‘lsam bu dunyodan emasman». (Yuhanno 8:21–23)

Bu so‘zlar bilan Iso yerga kelishdan avval osmonda yashaganiga hamda va’da qilingan Masih u ekaniga ishora qiladi. Lekin ular nafrat ila: «Sen o‘zi kimsan?» — deb so‘rashadi. (Yuhanno 8:25)

Iso ularning yomon munosabatiga va ta’qiblarga duch kelgani uchun shunday deydi: «Nima uchun sizlarga hamma narsani gapirishim kerak?» Ammo u Otasiga e’tibor qaratib, yahudiylar nega Xudoning O‘g‘liga quloq solishlari kerakligini tushuntiradi: «Meni Yuborgan haqdir va men dunyoga faqat Undan eshitganlarimni gapiryapman, xolos». (Yuhanno 8:25, 26)

Keyin Iso Otasiga bo‘lgan ishonchini ko‘rsatadi. Yahudiylarda esa bunday ishonch bo‘lmagan. U shunday deydi: «Inson O‘g‘lini yuqoriga ko‘targaningizda, men o‘sha ekanimni va hech narsani o‘z xohishimcha qilmayotganimni bilasizlar. Chunki Otam qanday o‘rgatgan bo‘lsa, shularni aytyapman. Meni Yuborgan men bilandir. U meni yolg‘iz qoldirmadi, negaki men doim Unga ma’qul bo‘lgan ishni qilaman». (Yuhanno 8:28, 29)

Ba’zi yahudiylar Isoga ishonishni boshlaydi va Iso ularga: «Agar mening so‘zlarimga rioya qilsangizlar, chindan ham mening shogirdlarimsiz. Sizlar haqiqatni bilib olasizlar va haqiqat sizlarni ozod etadi»,— deydi. (Yuhanno 8:31, 32)

Ozodlik haqidagi bu so‘zlar kimlargadir g‘alati bo‘lib ko‘rinadi. Shuning uchun ular: «Bizlar Ibrohimning avlodimiz,— deb e’tiroz bildirishadi,— va aslo hech kimga qul bo‘lmaganmiz. Nega sen: “Ozod bo‘lasizlar”,— deb aytyapsan?» Yahudiylar boshqa xalqlarga bir necha bor qul bo‘lgan bo‘lishsa ham, o‘zlarini qul deb tan olishmagan. Lekin Iso ular aslida qul ekanini ochiq-oydin ko‘rsatyapti. Nega deysizmi? «Sizlarga chinini aytyapmanki,— deya tushuntiradi Iso,— gunoh qilayotgan inson gunohning qulidir». (Yuhanno 8:33, 34)

Gunohning quli ekanini tan olishdan bosh tortib, yahudiylar o‘zlarini xavf ostiga solishadi. «Qul esa uyda abadiy qolmaydi, aksincha o‘g‘il umrbod qoladi»,— deb aytadi Iso. (Yuhanno 8:35) Qulning meros olishga haqqi bo‘lmaydi va uni istagan paytda uydan haydashlari mumkin. Ammo faqat tug‘ilgan yoki boqib olingan o‘g‘il uyda «umrbod» qoladi.

Demak, O‘g‘il haqidagi haqiqat, odamlarni o‘limga yetaklaydigan gunohdan abadiy forig‘ qiladigan haqiqatdir. «Agar O‘g‘il sizlarni ozod etsa, chindan ham erkin bo‘lasizlar»,— deya ta’kidlaydi Iso. (Yuhanno 8:36)