Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

32-BOB

Shabbat kunida nima qilish mumkin?

Shabbat kunida nima qilish mumkin?

MATTO 12:9–14 MARK 3:1–6 LUQO 6:6–11

  • QO‘LI QURIB QOLGAN KISHINI SHABBAT KUNI DAVOLASH

Shabbat kunlarining birida Iso ibodatxonaga keladi (ehtimol Jalila hududida). U yerdagilarning orasida Iso qo‘li qurib qolgan bir kishini ko‘radi. (Luqo 6:6) Ulamo-yu farziylar Isoni diqqat bilan kuzatib turishadi. Keyin ular: «Shabbat kuni kasalni davolash qonuniymi?» — deb savol berib, nima haqda o‘ylashayotganini oshkor qilishadi. (Matto 12:10)

Yahudiy din rahbarlari kishining hayoti xavf ostida qolgandagina unga Shabbat kuni shifo berish mumkin, deb o‘ylashadi. Misol uchun, Shabbat kuni suyakni o‘rniga tushirish yoki shikastlangan joyni bog‘lash mumkin emas, deb hisoblangan, chunki bu hayotga hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Shu bois, ulamo-yu farziylar o‘sha bechora odamga rahmi kelgani uchun emas, balki Isoni ayblashga bahona topish maqsadida unga savol berishadi.

Biroq Iso ularning buzilgan o‘y-fikrini biladi. Ulamo-yu farziylarning Shabbat kuni nima qilish-qilmaslikka nisbatan noto‘g‘ri fikrlari Muqaddas Yozuvlarga zid edi. (Chiqish 20:8–10) Iso savob ishlar qilib yurganda, asossiz tanqidga yo‘liqqan edi. Hozir ham kuchli norozilik kelib chiqishini bilsa-da, Iso qo‘li qurib qolgan kishiga: «O‘rningizdan turib, o‘rtaga chiqing»,— deydi. (Mark 3:3)

Keyin Iso ulamo-yu farziylarga yuzlanib: «Sizlardan qay biringiz, bittayu-bitta qo‘yi Shabbat kuni chuqurga tushib ketsa, uni chiqarib olmas ekan?» — deb so‘raydi. (Matto 12:11) Qo‘y xo‘jayiniga muayyan daromad keltirgani bois, xo‘jayin uni keyingi kungacha chuqurda qoldirmaydi. Aks holda, qo‘y o‘lib xo‘jayini zarar ko‘radi. Bundan tashqari, Muqaddas Yozuvlarda shunday deyilgan: «Odil kishi o‘z hayvoniga g‘amxo‘rlik qiladi». (Hikmatlar 12:10)

Shundan so‘ng Iso: «Inson esa qo‘ydan qanchalik qadrliroq! Demak, Shabbat kunida yaxshi ishlar qilish qonuniy ekan-da»,— deydi. (Matto 12:12) Bundan chiqdi, Iso kasal kishini sog‘aytirishi Shabbat kunini buzmaydi. Din rahbarlari ushbu mantiqiy va rahm-shafqatga to‘la dalilga nisbatan hech nima deya olishmadi.

Iso ulamo-yu farziylarning fikrlari buzilganligidan qayg‘urib, ularga achchiqlanib boqadi. So‘ng o‘sha kishiga: «Qo‘lingizni uzating»,— deydi. (Matto 12:13) U qo‘lini uzatganida soppa-sog‘ bo‘lib qoladi. Sog‘aygan kishi rosa quvonadi. Isoni tuzoqqa ilintirmoqchi bo‘lganlar haqida nima desa bo‘ladi?

Sog‘aygan kishi uchun xursand bo‘lishning o‘rniga farziylar shu zahotiyoq tashqariga chiqib, «Isoni o‘ldirish uchun Hirodning tarafdorlari bilan til biriktirishadi». (Mark 3:6) Hirod tarafdorlarining siyosiy partiyasiga sadduqiylar ham a’zo edi. Garchi ular farziylar bilan dushman bo‘lishsa-da, hozir Isoga qarshilik ko‘rsatish masalasida birlashishadi.