92-BOB
Bitta moxov minnatdorchilik bildiradi
-
ISO O‘NTA MOXOVNI SOG‘AYTIRADI
Iso Quddusning shimoli-sharqida joylashgan Efrayim shahriga borib, Oliy Kengashning uni o‘ldirish rejasini puchga chiqaradi. U dushmanlaridan yiroq bo‘lgan o‘sha joyda shogirdlari bilan birga qoladi. (Yuhanno 11:54) Lekin mil. 33- yili Fisih bayrami yaqinlashayotgani bois Iso yana yo‘lga chiqib, Samariya orqali Jalilaga keladi. Iso bu yerga o‘limidan oldin oxirgi marta tashrif buyuradi.
Yo‘l-yo‘lakay, Iso bir qishloqqa kirayotganida, o‘nta moxovga duch keladi. Moxov kasalligining ayrim turlari qo‘l va oyoqlardagi barmoqlarni, quloqlar va boshqa tana a’zolarini asta-sekin chiritib boradi. (Sahroda 12:10–12) Tavrotga binoan moxov kishi: «Nopokman! Nopokman!» — deb baqirishi kerak. Bundan tashqari, u alohida yashashi lozim. (Levilar 13:45, 46)
Shu sababli, o‘nta moxov Isodan narida turadi. Lekin ular ovozlarini baland qilib: «Ey Ustozimiz Iso, bizga rahm-shafqat ko‘rsating!» — deyishadi. Iso ularga: «Borib, o‘zingizni ruhoniylarga ko‘rsatinglar»,— deb aytadi. (Luqo 17:13, 14) Bu bilan Iso Tavrotga hurmatini namoyon etadi. Chunki unga binoan, aynan ruhoniylar moxovlarni pok, ya’ni sog‘lom deb e’lon qilishga haqli edi. O‘shanda bu kishilar yana sog‘lom insonlar ichida yashay olishadi. (Levilar 13:9–17)
O‘nta moxov Isoning mo‘jiza yaratishiga ishonadi. Garchi ular hali sog‘aymagan bo‘lishsa-da, ruhoniylarning oldiga shoshilib ketishadi. Yo‘l-yo‘lakay ularning Isoga bo‘lgan ishonchi mukofotlanadi. Boisi, ular sog‘ayishganini ham ko‘rishadi, ham his qilishadi!
Sog‘ayib ketgan to‘qqizta moxov yo‘lida davom etadi. Lekin samariyalik bo‘lgan bittasi esa Isoni topish uchun orqaga qaytadi. Sababi, u Isodan judayam minnatdor. Ilgari moxov bo‘lgan bu kishi «baland ovozda Xudoni sharaflaydi», chunki uni sog‘aytirgan Alloh ekanini tushunadi. (Luqo 17:15) Keyin u Isoni topib, oyoqlariga tiz cho‘kadi-da, unga tashakkur aytadi.
Iso atrofdagilarga shunday deydi: «Poklanganlar o‘n kishi emasmidi? Qolgan to‘qqiztasi qani? Allohni sharaflash uchun o‘zga millatdan bo‘lgan bu kishidan boshqa hech kim qaytib kelmadimi?» So‘ng Iso samariyalik kishiga: «O‘rningizdan turib, boravering. Ishonchingiz tufayli sog‘ayib ketdingiz»,— deb aytdi. (Luqo 17:17–19)
Iso o‘nta moxovni sog‘aytirib, Tangri Yahova u bilan birga ekanini ko‘rsatdi. O‘nta moxovdan bittasi nafaqat shifo topadi, balki hayotga olib boruvchi yo‘ldan ham yura boshlaydi. Bugungi kunda Alloh Iso orqali bunday mo‘jizalarni yaratmayapti. Lekin Isoga ishonsak, abadiy hayotga olib boruvchi yo‘ldan yurishimiz mumkin. Biz-chi, o‘sha samariyalik kishiga o‘xshab umidimiz uchun minnatdorlik bildiryapmizmi?