Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

ILOVA

Masih haqida Doniyor payg‘ambarning bashorati

Masih haqida Doniyor payg‘ambarning bashorati

DONIYOR payg‘ambar Iso Masihdan taxminan 500 yil muqaddam yashagan. Biroq Xudoyimiz Yahova unga Masihning yuzaga kelishi, ya’ni tayinlanishi to‘g‘risida ma’lumot berib, aniq bir vaqtni aytib o‘tgan edi. Doniyor payg‘ambarga shunday deyilgan: «Shuni bilib qo‘yginki, Quddusni tiklash uchun amr berilgandan to Xudo yog‘ quyib tanlagan yo‘lboshchi [Masih] kelguniga qadar, yetti karra yetti yil va oltmish ikki karra yetti yil o‘tadi» (Doniyor 9:25, «Ma’noli tarjima», rus.).

Masihning yuzaga kelishini aniqlash uchun, avvalambor oyatda aytib o‘tilgan voqealarning paytini aniqlashimiz darkor. Bashoratda «Quddusni tiklash uchun amr berilishi» to‘g‘risida gap ketmoqda. Xo‘sh, bu amr qachon berilgan ekan? Muqaddas Kitobda, bu vaqt shoh Artakserks hukmronligining yigirmanchi yilida sodir bo‘ladi, deb aytilgan (Naximiyo 2:1, 5–8). Tarixshunoslarning ma’lumotiga ko‘ra, shoh Artakserks miloddan avvalgi 474- yilda taxtga o‘tirgan. Xullas, uning hukmronligining 20- yili miloddan avvalgi 455- yilga to‘g‘ri keladi. Demak, Doniyor payg‘ambarning, Masih yuzaga kelishi to‘g‘risidagi bashoratini aniqlash uchun, miloddan avvalgi 455- yilga keldik.

Doniyor payg‘ambar «yog‘ quyib tanlangan yo‘lboshchi», ya’ni Masih kelishining aniq vaqtini aytgan. Bashoratda «yetti karra yetti yil va oltmish ikki karra yetti yil» to‘g‘risida gap ketmoqda. Lekin nega yettiga ko‘paytirish kerak, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Gap shundaki, yahudiylar qadimdan yettinchi yilga alohida e’tibor berib, uni nishonlar edi (Chiqish 23:10, 11). Xullas, yetti karra yetti va oltmish ikki karra yetti jami bo‘lib 483 yilga to‘g‘ri keladi.

Mana endi bashoratning asl mohiyatini tushunishimiz mumkin. Agar miloddan avvalgi 455- yildan 483 yilni olib tashlasak, milodiy 29- yiliga kelgan bo‘lamiz. Aynan shu yili Iso suvga cho‘mib, Xudo tayinlagan Masih bo‘ldi! * (Luqo 3:1, 2, 21, 22). Nahotki, bashoratning amalga oshishi sizni larzaga solmayotgan bo‘lsa?!

^ 2- x.b. Miloddan avvalgi 455- yildan, to miloddan avvalgi 1- yiliga qadar 454 yil o‘tdi. Miloddan avvalgi 1- yildan, to milodiy 1- yiliga dovur bir yil o‘tdi (chunki nolinchi yili bo‘lmagan). Milodiy 1- yildan, to milodiy 29- yiliga qadar esa 28 yil vaqt o‘tdi. Xullas, uchala davr 483 yilni o‘z ichiga olgan. Bir karra yetti yilning o‘rtasida, ya’ni milodiy 33- yilda Masih «o‘ldiriladi» (Doniyor 9:24, 26). Yahovaning Shohidlari tomonidan ko‘p tillarda nashr etilgan «Doniyorning bashoratiga diqqat qiling!» kitobining 11- bobi hamda «Muqaddas Kitobni anglamoq» ensiklopediyasining 2- jild, 899–901- sahifalariga qarang.