ASOSIY MAVZU | XUDONING SHOHLIGI. U NIMALARNI AMALGA OSHIRADI?
Xudoning Shohligi. U nega Iso payg‘ambar uchun muhim bo‘lgan?
Yerdagi xizmati davomida Hazrati Iso ko‘p mavzularda gapirgan. Misol uchun, u shogirdlariga qanday ibodat qilishni, Xudoni qanday xursand qilishni va haqiqiy baxtni qanday topishni o‘rgatgan (Matto 6:5–13; Mark 12:17; Luqo 11:28). Ammo Iso alayhissalom boshqa mavzulardan ko‘ra bir mavzu, ya’ni Xudoning Shohligi haqida gapirishni ko‘proq yoqtirgan (Luqo 6:45).
Oldingi maqolada aytilganidek, Hazrati Iso hayotini «Xudoning Shohligi haqida va’z qilishga» bag‘ishlagan (Luqo 8:1). U odamlarga Xudoning Shohligi haqida va’z qilish uchun bor kuchini ishga solib, Isroil yurti bo‘ylab yuzlab kilometr yo‘l yurgan. Iso payg‘ambarning xizmati borasida Injilda yozilgan bo‘lib, u yerda Xudoning Shohligi yuz martadan ortiq tilga olingan. Bu oyatlarning aksariyatida Iso Masihning so‘zlarini topa olamiz va bu, Xudoning Shohligi haqida u aytgan gaplarining bir qismi, xolos (Yuhanno 21:25).
Nega Iso alayhissalom uchun Shohlik shunchalik muhim bo‘lgan? Sababi, Xudo uni bu Shohlikning Podshohi sifatida tanlaganini Iso bilardi (Ishayo 9:6; Luqo 22:28–30). Lekin Iso e’tiborini o‘zi uchun obro‘ yoki shuhrat izlashga qaratmagan (Matto 11:29; Mark 10:17, 18). U Shohlik manfaatini olg‘a surishda o‘z foydasini ko‘zlamagan. Iso payg‘ambarni asosan Xudoning Shohligi qiziqtirgan va qiziqtiryapti a, chunki bu Shohlik uning samoviy Otasi va sadoqatli izdoshlari uchun ko‘p narsani amalga oshiradi.
SHOHLIK XUDO UCHUN NIMANI AMALGA OSHIRADI?
Iso payg‘ambar Xudoni juda yaxshi ko‘radi (Hikmatlar 8:30; Yuhanno 14:31). Tangrining sevgi, rahm-shafqat va adolat kabi ajoyib fazilatlari Iso Masihni hayratda qoldiradi (Qonunlar 32:4; Ishayo 49:15; 1 Yuhanno 4:8). Shu bois, Alloh odamlarning azob-uqubatlariga befarq ekani va U azob chekishimizni istashi haqida keng tarqalgan yolg‘onlarni eshitganida, Isoning nafrati keladi. Aynan bu, Iso alayhissalom «shohlik haqidagi xushxabarni» e’lon etishni juda xohlaganining sabablaridan biri bo‘lgan. Vaqti kelib, Shohlik Allohning ismini oqlashini Iso bilardi (Matto 4:23; 6:9, 10). Xo‘sh, bu qanday amalga oshiriladi?
Tangri Yahova Shohlik orqali butun insoniyatga foyda keltiradigan ulug‘ o‘zgarishlar qiladi. Alloh sadoqatli xizmatchilarining ko‘zidagi «har qanday yoshni artib oladi». Shuningdek, Xudovand Yahova: «O‘lim, motam, faryod va og‘riq boshqa bo‘lmaydi»,— deb, ko‘z yoshlarning sabablarini yo‘q qilishga ishontirmoqda (Vahiy 21:3, 4). Xullas, Shohlik orqali Xudo barcha azob-uqubatlarga chek qo‘yadi b.
Iso payg‘ambar odamlarga Shohlik haqida va’z qilish uchun ko‘p harakat qilgani ajablanarli emas. Chunki bu, Parvardigor naqadar qudratli va rahmdil Xudo ekani namoyon bo‘lishini u bilardi Yoqub 5:11). Qolaversa, Hazrati Iso unga aziz bo‘lgan barchaga, ya’ni xudojo‘y odamlarga xam Shohlik foyda keltirishini bilardi.
(SHOHLIK XUDOJO‘Y ODAMLAR UCHUN NIMANI AMALGA OSHIRADI?
Yerga kelishidan ancha oldin, Iso payg‘ambar osmonda Otasi bilan birga yashagan. Alloh hamma narsani, ya’ni osmoni falakni, undagi son-sanoqsiz yulduzlar va galaktikalarni, ajoyib sayyoramizni va undagi bor mavjudotlarni «uning yordamida vujudga keltirgan» (Kolosaliklarga 1:15, 16). Bundan tashqari, odamzod yaratilganida Iso alayhissalom g‘oyat xursand bo‘lgan (Hikmatlar 8:31).
Iso payg‘ambarning xizmati odamlarga bo‘lgan sevgisi bilan ajralib turgan. Boshidanoq u, muhtojlarga «xushxabarni e’lon qilish» maqsadida yer yuziga kelganini aniq namoyon etgan (Luqo 4:18). Lekin Hazrati Iso odamlarga yordam berish kerakligi haqida nafaqat gapirgan, balki insonlarga bo‘lgan sevgisini qayta-qayta ko‘rsatgan. Masalan, tumonat xaloyiq uning gaplarini eshitish uchun yig‘ilganida, u «ularga achindi va oralaridagi kasallarni sog‘aytirdi» (Matto 14:14). Bir kuni og‘ir kasallikka chalingan bir kishi, agar Iso istasa uni sog‘aytira olishiga ishonch bildirganida, Iso unga o‘z sevgisini namoyon etgan. U o‘sha kishini sog‘aytirib, hamdardlik ila unga: «Albatta istayman. Pok bo‘ling»,— degan (Luqo 5:12, 13). Boshqa bir kuni esa, Maryam akasi Lazarning o‘limidan qayg‘urayotganini ko‘rganida, Iso «ruhan ezilib, chuqur xo‘rsindi» va «ko‘zidan yosh oqdi» (Yuhanno 11:32–36). Shunda u to‘rt kun o‘lik yotgan Lazarni hayotga qaytarib, mo‘jiza yaratdi! (Yuhanno 11:38–44).
Albatta, Iso payg‘ambar berayotgan tasallisi vaqtinchalik ekanini bilgan. U sog‘aytirgan barcha odamlar yana kasal bo‘lishini, u tiriltirgan barcha esa yana o‘lishini Iso tushunardi. Shuningdek, Iso alayhissalom bunday muammolarga Xudo Shohligi butunlay chek qo‘yishini ham bilardi. Aynan shu sababli Hazrati Iso shunchaki mo‘jizalar yaratmasdan, balki g‘ayrat ila «shohlik to‘g‘risidagi xushxabarni» e’lon qilib yurgan (Matto 9:35). Uning mo‘jizalari kelajakda Xudoning Shohligi butun yer yuzi bo‘ylab nimalarni amalga oshirishini kichkina miqyosda ko‘rsatib bergan. Keling, o‘sha payt haqida Muqaddas Kitobda nima yozilganini ko‘rib chiqaylik.
-
Kasallik boshqa bo‘lmaydi.
«O‘sha paytda ko‘rlarning ko‘zlari ochiladi, karlarning quloqlari esa eshitadi. Cho‘loq ham ohuday sakraydi, soqov til shodlikdan hayqiradi». Boz ustiga, «hech kimsa, “Men xastaman”, demaydi» (Ishayo 33:24; 35:5, 6).
-
O‘lim boshqa bo‘lmaydi.
«Solih yurtga egalik qiladi, bu yurtda toabad istiqomat qiladi» (Zabur 37:29).
«U o‘limni butunlay yutib yuboradi. Egam Xudo hammaning ko‘z yoshlarini artib qo‘yadi» (Ishayo 25:7, 8).
-
O‘lganlar tiriladi.
«Mozorlarda bo‘lgan hamma, uning ovozini eshitib chiqadilar» (Yuhanno 5:28, 29).
«Odamlarning tirilishiga ishonaman» (Havoriylar 24:15).
-
Boshpanasiz yoki ishsiz yurgan odamlar boshqa bo‘lmaydi.
«Xalqim uylar qurib, o‘zlari o‘sha yerda yashaydi, tokzorlar o‘tqazib, hosilini o‘zlari yeydi. Endi ular qurgan uylarda boshqalar yashamaydi, ekkan daraxtlarining hosili boshqalarga nasib bo‘lmaydi. [...] Tanlagan xalqim o‘z qo‘llarining mahsulidan uzoq vaqt bahramand bo‘ladi» (Ishayo 65:21, 22).
-
Urush boshqa bo‘lmaydi.
«Butun olamda U jangni to‘xtatadi» (Zabur 46:9).
«Qilich ko‘tarmas bir-biriga qarshi xalqlar, hech qachon jang qilishni o‘rganmas ular» (Ishayo 2:4).
-
Oziq-ovqat yetishmovchiligi boshqa bo‘lmaydi.
«Yer o‘z hosilini bersin, Xudoyimizning O‘zi bizga baraka bersin» (Zabur 67:6).
«Yurtda don mo‘l-ko‘l bo‘lsin, tepaliklar ustida don boshoqlari chayqalib tursin» (Zabur 72:16).
-
Kambag‘alchilik boshqa bo‘lmaydi.
«Muhtojni Xudo bir umrga unutmas» (Zabur 9:18).
«Mazlum nola qilganda, shoh najot beradi, madadkori yo‘q bechorani u qutqaradi. Zaif, bechoraga u shafqat ko‘rsatadi, mazlumlarning hayotini saqlaydi» (Zabur 72:12, 13).
Ushbu va’dalarni ko‘rib chiqayotib, nega Shohlik Iso payg‘ambar uchun shunchalik muhim bo‘lganini tushungandirsiz?! Yer yuzida bo‘lganida Iso, Xudoning Shohligi haqida eshitishga moyil bo‘lgan har bir kishi bilan xushxabarni baham ko‘rishni juda istagan. Sababi, u odamzod duch kelayotgan muammolarga Shohlik butunlay chek qo‘yishini bilgan.
Xo‘sh, Shohlik haqidagi va’dalarni o‘qib, bundan ta’sirlandingizmi? Agar shunday bo‘lsa, Shohlik haqida ko‘proq bilmoqchimisiz? Shohlik keltiradigan barakalardan siz ham bahramand bo‘lishingiz uchun esa nima qilsangiz bo‘ladi? Ushbu savollarga javoblarni bu turkumning oxirgi maqolasidan topishingiz mumkin.
a Bu maqolada Iso payg‘ambarning hozirgi his-tuyg‘ulari haqida aytilgan, sababi u hozir osmonda va tirikdir. Shuningdek, osmonga ko‘tarilganidan beri Iso uchun Shohlik muhim ahamiyatga ega bo‘lgani shubhasizdir (Luqo 24:51).
b Nega Xudo odamlarning muayyan vaqt ichida azob chekishiga yo‘l qo‘yayotgani haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun Yahovaning Shohidlari tomonidan chop etilgan «Muqaddas Kitob ta’limotlari» kitobining 11- bobiga qarang. Shuningdek, bu ma’lumotni www.jw.org/uz-cyrl saytidan topishingiz mumkin.