Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Boshqalarning kuchli tomonlarini ko‘ra biling

Boshqalarning kuchli tomonlarini ko‘ra biling

Muammo

Xudbinlik yuzxotirchilikka olib kelishi mumkin. Xudbin inson o‘z qadr-qimmatini boshqalarnikidan yuqori deb biladi. Qolaversa, u o‘zini hammadan ustun qo‘yadi va undan farq qiluvchi odamlarni hukm qilib, ularga past nazar bilan qaraydi. Afsuski, biz ham xudbin bo‘lib qolishimiz hech gap emas. Bir ensiklopediyada aytilishicha, «turli madaniyatga mansub odamlarning aksariyati o‘zlarining hayot tarzini, taomlarini, kiyimlarini, odatlarini, e’tiqodlarini, qadriyatlarini va hokazo narsalarni boshqa guruh vakillarinikidan ustun hisoblashadi». («Encyclopædia Britannica») Qanday qilib biz bunday yanglish nuqtai nazardan qocha olamiz?

Muqaddas Kitobdagi prinsip

«Kamtar bo‘lib, boshqalarni o‘zingizdan ustun qo‘yinglar». (FILIPPILIKLARGA 2:3)

Bu oyatdan nimani o‘rgansak bo‘ladi? Manmanlikdan qochish uchun uning aksi bo‘lgan kamtarlik fazilatini rivojlantirishimiz kerak. Kamtarlik hayotning ba’zi sohalarida boshqalar bizdan ustun ekanini tan olishga yordam beradi. Dunyodagi barcha yaxshi fazilatlar-u qobiliyatlar hech bir guruh vakillarida to‘liq mujassam etmagan.

Shtefanning misolini ko‘rib chiqaylik. U kommunistik mamlakatda katta bo‘lganiga qaramay, kommunistik bo‘lmagan davlatlardagi odamlarga nisbatan yuzxotirchilik hissini yenga oldi. U shunday bo‘lishdi: «Yuzxotirchilikka qarshi kurashish uchun boshqalarni o‘zimdan ustun qo‘yish muhim ekanini tushundim. To‘g‘ri, men ko‘p narsalarni bilmayman, ammo bu narsalarni boshqalardan o‘rganishim mumkin».

Nima qilishingiz mumkin?

O‘zingizga real qarang. O‘z kamchiliklaringizni va boshqalar ayrim narsalarni sizdan yaxshiroq qila olishini tan oling. Shuningdek, muayyan guruhga mansub odamlarning hammasi ham bir xil nuqsonlarga ega, degan yanglish fikrdan qoching.

Muayyan guruh vakili haqida salbiy fikrga borishdan oldin o‘zingizdan quyidagicha so‘rang:

Boshqalar ayrim narsalarni sizdan yaxshiroq qila olishini tan oling

  • «O‘sha insondagi men yoqtirmaydigan xislatlar rostdan ham yomonmi yoki ular shunchaki mening fazilatlarimdan farq qiladimi?»

  • «O‘sha inson menda ham kamchiliklar topishi mumkinmi?»

  • «O‘sha inson qaysi sohalarda mendan qobiliyatliroq?»

Ushbu savollarga xolisona javob bersangiz, nafaqat o‘zingizdagi yuzxotirchilikni yenga olasiz, balki o‘sha insonda havasingizni keltiradigan jihatlarni topishingiz mumkin.