Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

1-SABOQ

O‘zini tuta bilishning foydasi

O‘zini tuta bilishning foydasi

O‘ZINI TUTA BILISH NIMA DEGANI?

O‘zini tuta bilish quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • sabrli bo‘lish

  • istaklarni jilovlash

  • yoqtirmagan ishni oxiriga yetkazish

  • boshqalarni o‘zidan ustun qo‘yish

NEGA O‘ZINI TUTA BILISH MUHIM?

O‘zini tuta biladigan bolalar tezda biror narsaga erishish vasvasasi kuchli bo‘lsa-da, unga qarshi tura oladi. Bundan farqli ravishda, o‘zini tuta bilmaydigan bolalar quyidagilarga moyil bo‘lishadi:

  • jahldorlik

  • tushkunlikka tushish

  • kashandalik, ichkilikbozlik va giyohvandlik

  • pala-partish ovqatlanish

Bir tadqiqotga ko‘ra, bolaligidanoq o‘zini tuta bilishni o‘rgangan odamlar ulg‘ayganida sog‘liq va iqtisodiy muammolarga kamroq duch kelishadi hamda davlat qonunlariga bo‘ysunishadi. Ushbu tadqiqotdan Pensilvaniya universitetining professori Anjela Dakvort shunday xulosa qildi: «O‘zini tuta biladigan kishi aslo kam bo‘lmaydi».

O‘ZINI TUTA BILISHGA QANDAY O‘RGATSA BO‘LADI?

«Yo‘q» deyishni o‘rganing va so‘zingizda turing.

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «“Ha” deganingiz “ha” bo‘lsin, “yo‘q” deganingiz “yo‘q” bo‘lsin». (Matto 5:37)

Yosh bolalar ota-onasi qaroridan qaytish-qaytmasligini tekshirish uchun — ba’zan hatto odamlarning oldida — xarxasha qilib ko‘rishadi. Agar ota-onasi taslim bo‘lsa, bola xarxasha qilish ularni qaroridan qaytarishning samarali usuli deb o‘ylay boshlaydi.

Aksincha, ota-ona bolaga «yo‘q» desa va gapida tursa, unga hayot qonunini, ya’ni doim ham istagan narsamizga erishavermasligimizni o‘rgatgan bo‘ladi. «Shunisi qiziqki, bu saboqni o‘rgangan kishilar ancha baxtliroq ko‘rinadi,— deb yozadi psixolog Deyvid Volsh. — Hayotda istagan narsasi muhayyo bo‘ladi deb o‘rgatish, bolalarimizga foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltiradi» *.

Bolangizga hozir «yo‘q» deb aytish kelajakda u o‘ziga «yo‘q» deb ayta olishiga yordam beradi. Masalan, giyohvand modda qabul qilish, nikohgacha jinsiy aloqada bo‘lish yoki boshqa zararli odatlarga berilish vasvasasini rad etishiga ko‘maklashadi.

Farzandingizga yaxshi va yomon ishlarning oqibati borligini tushuntiring.

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Inson nima eksa, shuni o‘radi». (Galatiyaliklarga 6:7)

Bolangiz har qanday ishning oqibati borligini va o‘zini tuta bilmaslik yoqimsiz natijalar keltirishini tushunishi kerak. Masalan, o‘g‘lingizning jahli tez bo‘lsa, odamlar undan uzoqroq yurishga harakat qilishadi. Aksincha, biron narsadan g‘ashi kelganda ham u o‘zini tuta olsa, odamning gapini bo‘lmasdan sabr ila tinglasa, boshqalar unga yaqinlashishga harakat qilishadi. Bolangiz o‘zini tuta bilishga o‘rgansa hayoti ancha yaxshiroq bo‘lishini tushunishiga ko‘maklashing.

Farzandingizga nima muhimroq ekanini ajratishni o‘rgating.

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlanglar». (Filippiliklarga 1:10)

O‘zini tuta bilish nafaqat noto‘g‘ri ishlarni qilmaslikni, balki yoqmaydigan, ammo bajarilishi zarur bo‘lgan ishlarni ham qilishni anglatadi. Bolangiz qaysi ishlar muhimroq ekanini aniqlab, ularni birinchi navbatda bajarishni o‘rganishi kerak. Masalan, o‘ynashdan oldin, bola uy vazifalarini bajarishi lozim.

Yaxshi o‘rnak ko‘rsating.

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Men sizlarga nima qilgan bo‘lsam, sizlar ham shunday qilinglar deya o‘rnak ko‘rsatdim». (Yuhanno 13:15)

Farzandingiz sizga yoqmaydigan va xafa qiladigan vaziyatlarda o‘zingizni qanday tutishingizni kuzatadi. O‘zini tuta bilish yaxshi natijalar keltirishini shaxsiy o‘rnagingiz bilan ko‘rsating. Masalan, bolangiz sabringizni sinasa jahlga berilasizmi yoki vazminlikni saqlaysizmi?

^ 20- x.b. «No: Why Kids —of All Ages —Need to Hear It and Ways Parents Can Say It» nomli kitobdan olingan.