Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

4-TADQIQ MAQOLASI

Nima uchun Qutlug‘ Kechlikka boramiz?

Nima uchun Qutlug‘ Kechlikka boramiz?

Buni meni eslab turish uchun qilinglar. LUQO 22:19

20-QO‘SHIQ Aziz O‘g‘ling berding

BU MAQOLADA *

1, 2. a) Hayotdan ko‘z yumgan yaqinimizni ayniqsa qachon eslaymiz? b) O‘limidan oldingi kechada Iso nimani joriy etgan?

 YAQIN insonlarimiz ancha yillar oldin vafot etgan bo‘lsa ham, ularni haliyam esimizda tutamiz. Ayniqsa, ular hayotdan ko‘z yumgan sanada ularni eslaymiz.

2 Biz Iso Masihni sevamiz. Shu bois, har yili dunyo bo‘ylab millionlab insonlar bilan birga uning o‘limini xotirlaymiz. (1 Butr. 1:8) Bizni gunoh va o‘limdan xalos etish uchun hayotini to‘lov sifatida bergan shaxsni eslash uchun birga yig‘ilamiz. (Mat. 20:28) Iso izdoshlari uning o‘limini xotirlashini istagan. U o‘limidan oldingi kechada o‘zgacha kechlik taomini joriy etgan va quyidagicha amr bergan: «Buni meni eslab turish uchun qilinglar». (Luqo 22:19)

3. Ushbu maqolada nimalarni muhokama qilamiz?

3 Qutlug‘ Kechlikka boradigan ozchilik osmonda yashash umidiga ega. Lekin millionlab odamlar yer yuzida yashashga umid qilsa ham bu marosimga tashrif buyuradi. Ushbu maqolada nima uchun mazkur ikkala guruhdagilar marosimga borishining sabablarini ko‘rib chiqamiz. Qolaversa, Qutlug‘ Kechlikka borish bizga qanday foyda keltirishini bilib olamiz. Avvaliga, keling, nega moylanganlar marosimga tashrif buyurishining ayrim sabablariga diqqat qaratamiz.

NEGA MOYLANGANLAR QUTLUG‘ KECHLIKKA BORADI?

4. Nega moylanganlar Qutlug‘ Kechlikda non va sharobdan tanovul qiladi?

4 Har yili moylanganlar Qutlug‘ Kechlikka borib ramzlardan qabul qiladi. Nega ular non va sharobni tanovul qiladi? Javob berish uchun, keling, Isoning yer yuzidagi hayotining oxirgi kechasida nima bo‘lganiga ahamiyat beraylik. Fisih taomidan so‘ng, Iso Hazratimizning kechlik taomi deb ataladigan tadbirni joriy etgan. U non va sharobni 11 ta sodiq havoriysiga uzatib, ularni tanovul qilishni aytgan. Iso ularga ikkita ahd — yangi va Shohlik haqidagi ahd to‘g‘risida aytgan *. (Luqo 22:19, 20, 28–30) Ular o‘sha havoriylar va soni chegaralangan boshqa insonlar uchun osmonda shoh va ruhoniylar bo‘lishga imkon berdi. (Vah. 5:10; 14:1) Moylanganlarning yer yuzida qolgan qismi bu ahdlarga kirgani uchun marosimda non va sharobni qabul qilishi mumkin.

5. Moylanganlar umidi haqida nimani tushunadi?

5 Moylangan masihiylar Qutlug‘ Kechlikka borishining yana bir sababi bor. Bu ularga umidi ustida mulohaza yuritishga imkon beradi. Yahova 144 000 moylangan masihiyga osmonda o‘lmaydigan va chirimaydigan tanaga ega bo‘lish umidini bergan. Shuningdek, ular tirilgan Iso Masih hamda qolgan moylangan masihiylar bilan yelkama-yelka xizmat qila oladi. Bundan tashqari, ular Yahovaning huzurida bo‘la oladi. (1 Kor. 15:51–53; 1 Yuhan. 3:2) Ular osmonda yashash sharafiga ega ekanini bilsa ham, bunga erishish uchun o‘limigacha sadoqatli qolishi kerakligini tushunadi. (2 Tim. 4:7, 8) Samoviy umidi ustida fikr yuritish ularga ulkan quvonch baxsh etadi. (Titus. 2:13) Xo‘sh, «boshqa qo‘ylar» haqida nima desa bo‘ladi? (Yuhan. 10:16) Ular Qutlug‘ Kechlikka borishining ayrim sabablari qanday?

NEGA BOSHQA QO‘YLAR QUTLUG‘ KECHLIKKA BORADI?

6. Nima uchun boshqa qo‘ylar har yili Qutlug‘ Kechlikka tashrif buyuradi?

6 Boshqa qo‘ylar Qutlug‘ Kechlikda ramzlardan qabul qilmaydi, lekin bu marosimga borishdan xursand bo‘ladi. Yer yuzida yashash umidiga ega bo‘lganlar Qutlug‘ Kechlik marosimiga ilk bor 1938-yili taklif qilingandi. «Qo‘riqchi minorasi»ning 1938-yil 1-mart (ingl.) sonida shunday deyilgan: «Boshqa qo‘ylar Qutlug‘ Kechlik marosimiga kelishi va unda nimalar bo‘layotganini ko‘rishi o‘rinli. [...] Shubhasizki, bu marosim ularga ham xursandchilik keltiradi». Do‘stining to‘yiga borishdan quvonadigan mehmonlar kabi, boshqa qo‘ylar ham Qutlug‘ Kechlikka borishdan xursand bo‘ladi.

7. Nega boshqa qo‘ylar Qutlug‘ Kechlikda aytiladigan nutqni kutadi?

7 Boshqa qo‘ylar ham umidi haqida mulohaza yuritadi. Ular marosimda aytiladigan nutqni kutadi. Bu nutqda Iso Masih va u bilan birga boshqaradigan 144 000 moylangan masihiy Ming yillik boshqaruv ­paytida sadoqatli insonlar uchun nimalar qilishiga diqqat qaratiladi. Iso Masihning boshqaruvi ostida ular yer yuzini ­jannatga ­aylantirishga va itoatli odamlarga mukammalikka erishishga ko‘maklashadi. Qutlug‘ Kechlikka boradigan millionlab odamlar Muqaddas Kitobdagi, masalan, Ishayo 35:5, 6; 65:21–23 hamda Vahiy 21:3, 4 dagi bashoratlar haqida mulohaza yuritadi. Bu ularga xursandchilik keltiradi. O‘zini va yaqinlarini yangi dunyoda ­tasavvur qilish kelajakka ­bo‘lgan umidini hamda Yahovaga xizmat qilish qarorini yanada mustahkamlaydi. (Mat. 24:13; Galat. 6:9)

8. Boshqa qo‘ylar marosimga borishining yana bir sababi qanday?

8 Boshqa qo‘ylar Qutlug‘ Kechlikka borishining yana bir sababini ko‘rib chiqaylik. Ular moylanganlarni sevishini va ularni qo‘llab-quvvatlamoqchi ekanini ko‘rsatish uchun bu marosimga boradi. Xudoning Kalomida moylanganlar va yer yuzida yashashga umid qilayotganlar yaqindan hamkorlik qilishi bashorat qilingan. Qanaqasiga? Keling, buning bir nechta misolini ko‘rib chiqaylik.

9. Qanday qilib Zakariyo 8:23 dagi bashoratdan boshqa qo‘ylar moylanganlar bilan yaqin munosabatlarga ega ekanini ko‘ryapmiz?

9 Zakariyo 8:23 ni o‘qing. Bu bashoratda boshqa qo‘ylar moylangan imondoshlari bilan yaqin munosabatlarga ega ekani ajoyib tarzda tasvirlangan. «Yahudiy» va «sizlar» so‘zlari bitta guruhni — moylangan masihiylarning yer yuzida qolgan qismini bildiradi. (Rim. 2:28, 29) «Barcha xalqlardan bo‘lgan, turli tillarda gapiradigan o‘n kishi» esa boshqa qo‘ylarni anglatadi. Ular moylanganlarni «mahkam ushlab oladi», ya’ni moylanganlar bilan birga pok topinishda hamkorlik qiladi. Shuning uchun, boshqa qo‘ylar Qutlug‘ Kechlikka borib, moylanganlar bilan yaqin munosabatlarga ega ekanini namoyon etadi.

10. Yahova Hizqiyo kitobidagi bashoratni amalga oshirish uchun nima qildi? (Hizqiyo 37:15–19, 24, 25)

10 Hizqiyo 37:15–19, 24, 25 ni o‘qing. Yahova moylanganlar va boshqa qo‘ylar birgalikda yaqindan hamkorlik qilishiga g‘amxo‘rlik qilib bu bashoratni amalga oshirdi. Bu bashoratda ikkita tayoq haqida gap ketadi. «Yahudo» uchun degan tayoq samoviy umidga ega bo‘lganlarni anglatadi (Isroil shohlari kelib chiqqan qabila). «Efrayimning» tayog‘i esa yer yuzida yashash umidiga ega kishilarni bildiradi. Yahova bu ikkita guruhni «bitta tayoq» qilib birlashtirishini aytgan *. Bu bitta Shoh Iso Masihning boshchiligida ular birga hamkorlik qilishini anglatadi. Har yili moylanganlar va boshqa qo‘ylar Qutlug‘ Kechlikka ikkita alohida guruh bo‘lib emas, balki «bitta cho‘pon» qo‘li ostidagi «bir suruv» bo‘lib borishadi. (Yuhan. 10:16)

11. Isoning masalidagi «qo‘ylar» moylangan masihiylarni qanday qo‘llab-quvvatlayapti? (Matto 25:31–36, 40)

11 Matto 25:31–36, 40 ni o‘qing. Bu masaldagi «qo‘ylar» yer yuzida yashashga umid qilayotgan oxirzamondagi odil kishilarni, ya’ni boshqa qo‘ylarni bildiradi. Ular Masihning yer yuzida qolgan birodarlarini muhim faoliyatda — butun dunyo bo‘ylab va’z qilish va shogird tayyorlash ishida sadoqat ila qo‘llab-quvvatlayapti. (Mat. 24:14; 28:19, 20)

12, 13. Yana qaysi yo‘llar orqali boshqa qo‘ylar Masihning birodarlarini qo‘llab-quvvatlay oladi?

12 Har yili Qutlug‘ Kechlikka bir necha hafta qolganda boshqa qo‘ylar Masihning birodarlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida dunyo bo‘ylab qiziqish bildirganlarni bu marosimga taklif qilishda to‘laqonli ishtirok etadi. (« Qutlug‘ Kechlik mavsumiga tayyorgarlik ko‘ryapsizmi?» nomli ramkaga qarang.) Shuningdek, butun dunyo bo‘ylab barcha jamoatlarda, hatto aksar jamoatlarda ramzlardan tanovul qiladiganlar bo‘lmasa ham ular bu marosim o‘tishi uchun kerakli barcha narsalarni tayyorlashga yordam beradi. Boshqa qo‘ylar Masihning birodarlarini shu kabi yo‘llar orqali qo‘llab-quvvatlashdan mamnun. Ular moylanganlarga yordam bersa, xuddi Isoga yordam berganday bo‘lishini yaxshi biladi. (Mat. 25:37–40)

13 Umidimiz qanday bo‘lishidan qat’i nazar yana qaysi sabablarga ko‘ra barchamiz marosimga boramiz?

NEGA BARCHAMIZ QUTLUG‘ KECHLIKKA BORAMIZ?

14. Yahova hamda Iso bizni sevishini qanday ko‘rsatdi?

14 Yahova hamda Iso bizni deb ko‘rsatgan sevgi uchun minnatdormiz. Yahova ko‘p yo‘llar orqali bizni sevishini ko‘rsatdi. Bir safar U buni o‘zgacha tarzda namoyon etdi. U aziz O‘g‘li bizni deb azob chekishi va o‘lishi uchun uni yer yuziga yubordi. (Yuhan. 3:16) Iso biz uchun jonini berishga tayyor bo‘lib sevgisini namoyon etdi. (Yuhan. 15:13) Yahova hamda Isoning bu yaxshiligini hech qachon qaytara olmaymiz. Biroq hayot tarzimiz bilan har kuni Ulardan minnatdor ekanimizni ko‘rsatishimiz mumkin. (Kolos. 3:15) Bundan tashqari, Qutlug‘ Kechlikka borganimizda, Yahova hamda Isoning sevgisini qadrlashimizni va biz ham ularni sevishimizni ko‘rsata olamiz.

15. Nega moylanganlar va boshqa qo‘ylar to‘lov qurbonligi uchun minnatdor?

15 To‘lov qurbonligi uchun juda minnatdormiz. (Mat. 20:28) Moylanganlar to‘lovni juda qadrlaydi, chunki u orqali samoda yashash umidiga ega bo‘ladi. Ular Masihning qurbonligiga ishongani uchun Yahova ularni odil deb, farzandlari sifatida qabul qilgan. (Rim. 5:1; 8:15–17, 23) Boshqa qo‘ylar ham to‘lovni juda qadrlaydi. Ular Masihning to‘kkan qoniga ishongani bois, Xudoning nazarida benuqson bo‘lib, muqaddas xizmatni bajara oladi. Shuningdek, ular «buyuk musibatda» omon qolish umidiga ega. (Vah. 7:13–15) Ham moylanganlar, ham boshqa qo‘ylar to‘lov uchun minnatdor ekanini ko‘rsatishining bir yo‘li har yili Qutlug‘ Kechlik marosimiga borishdir.

16. Qutlug‘ Kechlikka borishimizning yana bir sababi qanday?

16 Qutlug‘ Kechlikka borishimizning yana bir sababi Isoga bo‘ysunishni istaymiz. Umidimiz qanday bo‘lishidan qat’i nazar, har birimiz Isoning quyidagi amriga amal qilishni xohlaymiz: «Buni meni eslab turish uchun qilinglar». (1 Kor. 11:23, 24)

QUTLUG‘ KECHLIK MAROSIMIGA BORISH HAMMAMIZGA QANDAY FOYDA KELTIRADI?

17. Qay yo‘sin Qutlug‘ Kechlikka tashrif buyurish orqali Yahovaga yanada yaqinlashamiz?

17 Yahovaga yanada yaqinlashamiz. (Yoqb. 4:8) Ko‘rib chiqqanimizday, Qutlug‘ Kechlikka tashrif buyurish orqali Yahova bizga bergan umid va Uning sevgisi haqida mulohaza yuritamiz. (Yerm. 29:11; 1 Yuhan. 4:8–10) Kelajakka bo‘lgan umidimiz va Yahovaning so‘nmas sevgisi haqida o‘ylaganimizda, Unga bo‘lgan sevgimiz kuchayadi va do‘stligimiz mustahkamlanadi. (Rim. 8:38, 39)

18. Isoning o‘rnagi ustida fikr yuritish bizni nimaga undaydi?

18 Bu bizni Isodan o‘rnak olishga undaydi. (1 Butr. 2:21) Qutlug‘ Kechlik marosimiga bir necha kun qolganda, Muqaddas Kitobdan Isoning yer yuzidagi hayotining oxirgi haftasida yuz bergan voqealar, uning o‘limi va tirilgani to‘g‘risida o‘qiymiz. Qutlug‘ Kechlikka borganimizda esa Isoning bizga bo‘lgan sevgisini eslatadigan nutqni tinglaymiz. (Efes. 5:2; 1 Yuhan. 3:16) Isoning fidoyi o‘rnagi haqida o‘qisak va bu borada fikr yuritsak, «Iso kabi yo‘l tutish» istagimiz kuchayadi. (1 Yuhan. 2:6)

19. Qay yo‘sin Xudoning mehr-muhabbatida qola olamiz?

19 Xudoning mehr-muhabbatida qolish qarorimiz qat’iy bo‘ladi. (Yahd. 20, 21) Xudoning mehr-muhabbatida qolish uchun Unga quloq solishimiz, ismini muqaddas qilishimiz va qalbini quvontirishimiz kerak. (Hik. 27:11; Mat. 6:9; 1 Yuhan. 5:3) Qutlug‘ Kechlik marosimi bizga Yahovaga har kuni: «Men Sening mehr-muhabbatingda toabad qolmoqchiman!» — deyish qarorimiz qat’iy bo‘lishiga yordam beradi.

20. Qutlug‘ Kechlikka borish uchun qanday asosli sabablarimiz bor?

20 Osmonda yashashga umid qilamizmi yoki yer yuzidami, Qutlug‘ Kechlikka borish uchun asosli sabablarimiz bor. Har yili o‘sha kuni biz uchun juda ham qadrli bo‘lgan Shaxsni, Iso Masihni eslaymiz. Bundan tashqari, Yahova O‘g‘lini to‘lov sifatida berib, odamlarni qanchalik qattiq sevishini ko‘rsatgani haqida o‘ylaymiz. 2022-yili Qutlug‘ Kechlik marosimi 15-aprel juma oqshomda bo‘lib o‘tadi. Biz Yahova hamda Uning O‘g‘li Isoni qattiq sevamiz. Shu bois, o‘sha kuni Qutlug‘ Kechlikka borish biz uchun juda ham muhim.

16-QO‘SHIQ Yahni ulug‘lang Shohanshoh-chun

^ 5- x.b. Osmonda yashash umidiga egamizmi yoki yer yuzidagi jannatdami, barchamiz har yili Qutlug‘ Kechlikka borishni intiqib kutamiz. Ushbu maqolada nima uchun u yerga borishimizning asosiy sabablarini va bunday qilish bizga qanday foyda keltirishini muhokama qilamiz.

^ 4- x.b. Yangi ahd va Shohlik haqidagi ahd to‘g‘risida ko‘proq bilish uchun «Qo‘riqchi minorasi»ning 2014-yil 15-oktabr sonidagi 15–17- sahifalarida keltirilgan «Sizlar “ruhoniylar shohligi” bo‘lasizlar» nomli maqolaga qarang.

^ 10- x.b. Hizqiyo 37- bobdagi ikkita tayoq haqidagi bashorat to‘g‘risida ko‘proq ma’lumot olish uchun «Nihoyat pok topinish tiklandi!» kitobining 130–135- sahifalaridagi 3–17- xatboshilariga qarang.