Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

20-TADQIQ MAQOLASI

Xizmatingizga nisbatan ijobiy nuqtai nazarni rivojlantiring

Xizmatingizga nisbatan ijobiy nuqtai nazarni rivojlantiring

Urug‘ingni ekkin... qo‘llaringga tinim berma. VOIZ 11:6

70-QO‘SHIQ Munosib bo‘lganlarni izlaylik

BU MAQOLADA *

Iso osmonga ko‘tarilgandan keyin, shogirdlari g‘ayrat ila Quddusda va boshqa ko‘p joylarda va’z qilishgan (1-xatboshiga qarang.)

1. Iso izdoshlariga qanday o‘rnak ko‘rsatgan va ular qanday yo‘l tutgan? (Muqovadagi rasmga qarang.)

ISO yer yuzidagi xizmati davomida ijobiy nuqtai nazarni saqlagan va shogirdlari ham aynan shunday yo‘l tutishlarini xohlagan. (Yuhan. 4:35, 36) U shogirdlari bilan bo‘lganida, ular va’zgo‘ylik faoliyatida g‘ayrat ila qatnashardi. (Luqo 10:1, 5–11, 17) Iso hibsga olinib, o‘ldirilganidan keyin esa ularning va’z qilish istagi vaqtincha so‘ngan. (Yuhan. 16:32) Iso tirilganidan so‘ng ularni diqqatini va’zgo‘ylikka qaratishga undagan. U osmonga ko‘tarilganidan keyin shogirdlari shunchalik g‘ayrat ila va’z qilganki, dushmanlar ularni quyidagicha koyishgan: «Mana, ta’limotingiz bilan butun Quddusni to‘ldirib yubordingizlar». (Havor. 5:28)

2. Yahova qay yo‘sin va’zgo‘ylik ishiga baraka berdi?

2 Ilk masihiylar va’z qilganida Iso ularni yo‘naltirib turgan, Yahova esa va’zgo‘ylik ishiga baraka bergan. Masalan, mil. 33-yili Hosil bayramida taxminan 3 000 kishi suvga cho‘mdi. (Havor. 2:41) Qolaversa, shogirdlarning soni shiddat ila o‘sishda davom etdi. (Havor. 6:7) Shunday bo‘lsa-da, Iso oxirzamonda va’zgo‘ylik faoliyati yanada rivoj topishini bashorat qilgan. (Yuhan. 14:12; Havor. 1:8)

3, 4. Nega ba’zilar uchun voizlik ishi qiyin bo‘lishi mumkin va mazkur maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

3 Barchamiz xizmatga nisbatan ijobiy nuqtai nazarni saqlab qolishga intilyapmiz. Ba’zi mamlakatlarda bunday qilish oson. Nega? Sababi, Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tmoqchi bo‘lgan juda ko‘p odam bor va ba’zilar Yahovaning Shohidlari ular bilan tadqiq o‘tish uchun vaqti bo‘lishini kutishiga to‘g‘ri keladi. Biroq yerning boshqa qismlarida voizlik ishi uncha oson emas. Sababi, ko‘pincha odamlar uyida bo‘lmaydi va uyida bo‘lganlar ham xushxabarga uncha qiziqish ko‘rsatmaydi.

4 Agar va’z qilish qiyin bo‘lgan hududda yashayotgan bo‘lsangiz, bu maqoladagi maslahatlar sizga qo‘l kelishi mumkin. Ba’zilar xizmatda ko‘proq odamni uchratish uchun nima qilganini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, odamlar xushxabarni qabul qiladimi yoki yo‘qmi, nega ijobiy bo‘lib qolishimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz.

ODAMLARNI TOPISH QIYIN BO‘LGANDA IJOBIY NUQTAI NAZARNI SAQLAB QOLING

5. Ko‘pgina imondoshlarimiz qanday qiyinchiliklarga duch kelyapti?

5 Ko‘pgina va’zgo‘ylarning fikricha, odamlarni uyida uchratish tobora qiyinlashib ketyapti. Ba’zi va’zgo‘ylar xavfsizlik choralari yuqori bo‘lgan ko‘p xonadonli binolarda yoki qo‘riqlanadigan hududlarda yashaydi. Bunday joylarda qorovul bo‘lishi mumkin va u uy egasining maxsus taklifnomasisiz hech kimni hududga kiritmaydi. Boshqa va’zgo‘ylar esa hech qanday muammosiz uyma-uy xizmat qiladi, lekin deyarli hech kimni uchratmaydi. Yana boshqa va’zgo‘ylar kam odam yashaydigan qishloq yoki olis hududlarda va’z qiladi. Va’zgo‘ylar hech bo‘lmaganda bir kishi bilan suhbat qurish uchun uzoq masofani bosib o‘tadi, lekin u hatto uyida bo‘lmasligi ham mumkin. Bunday qiyinchiliklarga duch kelayotgan bo‘lsak, taslim bo‘lmasligimiz lozim. Xo‘sh, bu kabi to‘siqlarni yengish va xizmatimiz samarali bo‘lishi uchun nima qilsak bo‘ladi?

6. Va’zgo‘ylarni qaysi ma’noda baliqchilarga o‘xshatsa bo‘ladi?

6 Iso va’zgo‘ylik faoliyatini baliqchining ishi bilan solishtirgan. (Mark 1:17) Ba’zi baliqchilar bir necha kun davomida bitta ham baliq tuta olmasligi mumkin. Biroq ular taslim bo‘lmaydi, aksincha, moslashadi. Ular vaqtni, joyni yoki baliq ovlash usulini o‘zgartiradi. Xizmatimizga ham shunga o‘xshash o‘zgarishlar kiritsak bo‘ladi. Keling, ba’zi maslahatlarga diqqat qarataylik.

Odamlarni uyida uchratish qiyin bo‘lganida, ularga turli vaqtda, turli joyda va turli usullar yordamida va’z qilib ko‘ring (7–10-xatboshilariga qarang.) *

7. Turli vaqtda va’z qilganimizda natijasi qanday bo‘lishi mumkin?

7 Turli vaqtda va’z qilib ko‘ring. Odamlar uyida bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lgan paytda va’z qilsak, ko‘proq odamni uchratamiz. Axir har bir kishi qachondir uyga qaytadi-ku! Ko‘pgina birodar-u opa-singillarimiz tushdan keyin yoki oqshomlari va’z qilishni amaliy deb topdi. Boisi, bunday paytda ko‘proq odam uyida bo‘ladi. Qolaversa, o‘shanda uy egalari eshitishga va suhbat qurishga moyilroq bo‘ladi. Yoki, ehtimol, Deyvid ismli oqsoqolning maslahati siz uchun foydali bo‘ladi. Uning aytishicha, u va hamkori muayyan hududda va’z qilgach, birinchi safar javob bermagan odamlarning uyiga o‘sha kuniyoq yana bir bor tashrif buyuradi. U shunday dedi: «Qaytib borganimizda ko‘plar uyida bo‘lganini ko‘rib, hayron qolaman» *.

Odamlarni uyida uchratish qiyin bo‘lganida, ularga turli vaqtda va’z qilib ko‘ring (7-, 8-xatboshilariga qarang.)

8. Xizmatimizda Voiz 11:6 ni qay yo‘sin qo‘llay olamiz?

8 Taslim bo‘lmasligimiz kerak. Ochqich oyatimiz qanday nuqtai nazarga ega bo‘lishimiz kerakligini eslatyapti. (Voiz 11:6 ni o‘qing.) Yuqorida tilga olingan Deyvid taslim bo‘lmadi. Ko‘pgina muvaffaqiyatsiz urinishlardan so‘ng u oxiri bir xonadon egasini uchratdi. O‘sha kishiga Muqaddas Kitobni muhokama qilish yoqdi va u shunday dedi: «Bu yerda taxminan 8-yildan beri yashayman, lekin Yahovaning Shohidlarini uyim oldida hecham uchratmaganman». Deyvid: «Shuni tushundimki, nihoyat odamlarni uyida uchratganimizda, ko‘pincha ular biz va’z qilayotgan xabarni eshitishga tayyor bo‘ladi»,— dedi.

Odamlarni uyida uchratish qiyin bo‘lganida, ularga turli joyda va’z qilib ko‘ring (9-xatboshiga qarang.)

9. Odamlarni uyida uchratish qiyin bo‘lganda, ba’zi va’zgo‘ylar nima qilmoqda?

9 Turli joyda va’z qilib ko‘ring. Ba’zi odamlarni uyida uchratish qiyin. Ular bilan suhbatlashish uchun ayrim va’zgo‘ylar va’z qilish joylarini o‘zgartirdi. Misol uchun, uyma-uy shohidlik berish taqiqlangan ko‘p qavatli binolarda yashovchi odamlar bilan suhbat qurishda ko‘chama-ko‘cha va adabiyot aravachalari yordamida va’z qilish samarali bo‘ldi. Bu tufayli o‘sha xonadonlarda yashovchi odamlar bilan yuzma-yuz suhbatlashish mumkin. Qolaversa, ko‘p va’zgo‘ylarning fikricha, xiyobonlarda, do‘konlarda va ish joylarida odamlar suhbatlashishga yoki adabiyotlarni olishga moyilroq bo‘ladi. Boliviyadagi tuman noziri Floran quyidagicha dedi: «Tushdan keyin soat bir va uch orasida bozor hamda odamlarning ish joylarida va’z qilamiz. Bunday paytda sotuvchilar uncha band bo‘lmaydi. Odatda mazmunli suhbatlar quramiz va hatto Muqaddas Kitob tadqiqlarini boshlaymiz».

Odamlarni uyida uchratish qiyin bo‘lganida, ularga turli usullar yordamida va’z qilib ko‘ring (10-xatboshiga qarang.)

10. Odamlarga shohidlik berish uchun qaysi usullardan foydalansangiz bo‘ladi?

10 Turli usullardan foydalanib ko‘ring. Aytaylik, kim bilandir shaxsan suhbatlashish uchun qayta-qayta harakat qildingiz. Unikiga har xil vaqtda borib ko‘rdingiz, lekin baribir u uyda yo‘q edi. Unga shohidlik berishning boshqa yo‘li bormi? Katarina shunday dedi: «Odamlar uyida bo‘lmasa, ularga nima demoqchi ekanimni qog‘ozga tushirib, xat yozaman». Uning misolidan nimani o‘rganishimiz mumkin? Xizmatingizni ado etar ekansiz, u yoki bu usuldan foydalanib hududingizdagi barcha odamlarga va’z qilishga harakat qiling.

ODAMLAR BEFARQ BO‘LGANDA IJOBIY BO‘LIB QOLING

11. Nega ba’zi odamlar xushxabarga befarq?

11 Ba’zi odamlar xushxabarga befarq. Ularning fikricha, Xudo yoki Muqaddas Kitob haqida bilishning keragi yo‘q. Dunyoda ko‘p azob-uqubatlar bo‘layotgani tufayli, ular Xudoga ishonmaydi. Ularni Muqaddas Kitob umuman qiziqtirmaydi. Chunki ular Muqaddas Kitob bo‘yicha yashayapmiz, deb aytadigan din rahbarlarining ikkiyuzlamachiligini ko‘ryapti. Yana boshqalar esa ishga berilib ketgan, oilaviy yoki shaxsiy muammolarga ko‘milgan va Muqaddas Kitob ularga yordam berishi mumkinligi haqida o‘ylamaydi. Odamlar biz va’z qilayotgan xushxabarni befoyda deb bilsa, qay yo‘sin quvonchimizni saqlay olamiz?

12. Filippiliklarga 2:4 dagi so‘zlarni qo‘llash xizmatda qay yo‘sin yordam berishi mumkin?

12 Shaxsiy qiziqish ko‘rsating. Avvaliga befarq bo‘lgan ko‘plar, va’zgo‘ylar ularga samimiy qiziqish ko‘rsatayotganini his etganida, xushxabarga ijobiy munosabat ko‘rsatgan. (Filippiliklarga 2:4 ni o‘qing.) Misol uchun, yuqorida tilga olingan Deyvid shunday dedi: «Agar kimdir bu menga qiziq emas, deb aytsa, Muqaddas Kitobni yoki adabiyotimizni yopib, u kishidan: “Buning sababini bilsak maylimi?” — deb so‘raymiz». Odamlarga qiziqish ko‘rsatganimizda, ular buni payqashadi. Balki odamlar ularga nima deb aytganimizning hammasini eslab qolmas, ammo ularda qanday taassurot qoldirganimizni eslab qolishlari ehtimoldan yiroq emas. Agar uy egasi gaplashishni xohlamasa, unga nisbatan yaxshi munosabatda ekanimizni xulqimiz va yuz-chehramizda ko‘rsatamiz.

13. Aytmoqchi bo‘lgan xabarimizni har bir uy egasining ehtiyojiga qay yo‘sin moslashtira olamiz?

13 Aytmoqchi bo‘lgan xabarimizni uy egasining ehtiyojlari-yu qiziqishlariga moslashtirib, ularga samimiy qiziqish ko‘rsatgan bo‘lamiz. Masalan, bu uyda bolalar yashashi nimadandir ko‘rinyaptimi? Bola tarbiyasi yoki baxtliroq oilaviy hayot borasidagi Muqaddas Kitob maslahatlari-yu amaliy tavsiyalar ota-onaga qiziq bo‘lishi mumkin. Yoki uy eshigiga bir nechta qulf osilganmi? Shunday bo‘lsa, uy egasi bilan jinoyat va dunyoda keng tarqalgan qo‘rquv haqida suhbatlasharmiz. Ehtimol, u jinoyatga abadiy barham berilishini eshitishdan xursand bo‘lar. Qanday bo‘lmasin, tinglovchiga Muqaddas Kitob maslahatlari unga qanday asqatishini ko‘rishga yordam bering. Yuqorida tilga olingan Katarina shunday dedi: «Haqiqat yordamida hayotim qay yo‘sin yaxshilanganini o‘zimga eslatib turaman». Bu tufayli Katarina aminlik ila gapiradi. Bu esa uni tinglayotganlarning nazaridan chetda qolmasligi shubhasiz.

14. Hikmatlar 27:17 ga ko‘ra, hamkorlar va’zgo‘ylikda bir-birini qay yo‘sin qo‘llab-quvvatlashi mumkin?

14 Boshqalardan yordam so‘rang. Birinchi asrda havoriy Pavlus voizlik va ta’lim berish usullarini Timo‘tiy bilan bo‘lishgan. Qolaversa, u Timo‘tiyni o‘sha usullardan foydalanib, birodar-u opa-singillarga yordam berishga undagan. (1 Kor. 4:17) Timo‘tiy kabi biz ham jamoatimizdagi tajribali va’zgo‘ylardan o‘rnak olishimiz mumkin. (Hikmatlar 27:17 ni o‘qing.) Shon ismli birodarimizning misoliga e’tibor qarataylik. Qaysidir vaqt mobaynida u qishloqda kashshoflik qilar edi. U yerdagi ko‘pchilik o‘z dinidan mamnun edi. Xo‘sh, u qay yo‘sin quvonchini saqlay olgan? U quyidagicha bo‘lishdi: «Imkon tug‘ilganda, hamkorim bilan xizmat qilardim. Uyma-uy va’z qilib yurgan paytda bir-birimizga ta’lim berish mahoratimizni yaxshilashga yordam berardik. Misol uchun, uy egasi nima degani va qanday javob berganimiz borasida suhbatlashardik. Keyingi safar xuddi shunday vaziyatga duch kelganimizda, qanday javob berishni muhokama qilardik».

15. Nima sababdan xizmatga chiqishdan avval ibodat qilish muhim?

15 Yordam so‘rab Yahovaga ibodat qiling. Har safar xizmatga chiqqaningizda, Yahovadan yo‘l-yo‘riq so‘rang. Zero, barcha ishimizda Uning muqaddas ruhiga muhtojmiz. (Zab. 127:1; Luqo 11:13) Yordam so‘rab Yahovaga ibodat qilganingizda, aniq narsalarni aytib o‘ting. Masalan, Xudodan haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lganlarga yo‘naltirishini so‘rang. So‘ng ibodatingizga muvofiq ravishda siz uchratgan barchaga va’z qiling.

16. Xizmatda muvaffaqiyatli bo‘lish uchun nega shaxsiy tadqiq muhim ahamiyatga ega?

16 Shaxsiy tadqiq uchun vaqt ajrating. Xudoning Kalomida shunday yozilgan: «Tangrining yaxshi, maqbul, komil irodasi nimada ekanini aniqlanglar». (Rim. 12:2) Alloh haqida haqiqatni bilganimizga qancha amin bo‘lsak, xizmatda ham boshqalarga U haqida shuncha ishonch bilan gapiramiz. Yuqorida tilga olingan Katarina shunday dedi: «Biroz vaqt avval Muqaddas Kitobdagi ba’zi asosiy ta’limotlar borasida ishonchimni mustahkamlashim kerakligini payqadim. Shunda Yaratuvchi mavjudligi, Muqaddas Kitob rostdan ham Xudoning Kalomi va Uning tashkiloti borligi borasida sinchkovlik ila tadqiq o‘tkazdim». Katarina shaxsiy tadqiq imonini mustahkamlaganini va xizmatidagi quvonchini oshirganini aytdi.

NIMA UCHUN XIZMATDA IJOBIY NUQTAI NAZARNI SAQLASH KERAK?

17. Nima uchun Iso xizmatga nisbatan ijobiy nuqtai nazarini yo‘qotmagan?

17 Garchi ba’zilar Iso aytgan xabarga befarq bo‘lgan bo‘lsa-da, u ijobiy nuqtai nazarini yo‘qotmagan hamda va’z qilishdan to‘xtamagan. Nega deganda, u odamlar haqiqatni bilishga qanchalar muhtoj ekanini tushungan va Shohlik haqidagi xabarni qabul qilishi uchun ularga iloji boricha ko‘proq imkon berishni istagan. Bundan tashqari, Iso avvaliga xushxabarga befarq bo‘lganlarning ayrimlari keyinchalik uni qabul qilishini bilgan. Uning oilasida vaziyat qanday bo‘lganiga e’tibor bering. Iso uch yarim yil mobaynida xizmat qilgan bo‘lsa, bu vaqt davomida ukalaridan hech biri uning shogirdi bo‘lmadi. (Yuhan. 7:5) Lekin u tirilganidan keyin ular masihiy bo‘ldi. (Havor. 1:14)

18. Nega va’z qilishni davom ettiramiz?

18 Keyinchalik Muqaddas Kitobdagi haqiqatni kim qabul qilishini oldindan bilmaymiz. Ba’zilar haqiqatni darrov qabul qiladi, boshqalar esa yo‘q. Hatto bizni tinglashdan bosh tortganlar, yaxshi xulqimizni va ijobiy nuqtai nazarimizni ko‘rib, keyinchalik Allohga «shon-sharaf keltirishi» mumkin. (1 Butr. 2:12)

19. Nimani yodda saqlashimiz kerak? (1 Korinfliklarga 3:6, 7)

19 Biz ekamiz, sug‘oramiz, ammo o‘stiradigan Alloh ekanini yodda saqlashimiz kerak. (1 Korinfliklarga 3:6, 7 ni o‘qing.) Efiopiyada xizmat qiluvchi Getahun ismli birodar quyidagicha dedi: «20-yildan oshiq vaqt mobaynida yolg‘iz o‘zim Yahovaning Shohidi edim. Hozir bu yerda 14 ta va’zgo‘ymiz. Ulardan 13 tasi, jumladan, xotinim va uchta farzandim suvga cho‘mgan. Yig‘ilishlarimizda o‘rtacha hisobda 32 ta odam bo‘ladi». Getahun Yahova samimiy insonlarni tashkilotiga jalb qilishini sabr ila kutish bilan birga va’z qilishni davom ettirganidan xursand. (Yuhan. 6:44)

20. Qaysi ma’noda qutqaruvchilarga o‘xshaymiz?

20 Yahova barcha odamlarning hayotini qadrlaydi. U bizni O‘g‘li bilan hamkorlik qilib, bu zamonaning oxirigacha hamma xalqlardan odamlarni yig‘ish sharafiga muyassar qilmoqda. (Xag. 2:7) Va’zgo‘ylik faoliyatimizni qutqarish ishi bilan solishtirsa bo‘ladi. Biz xuddi kon ichida qolib ketgan konchilarni qutqarish maqsadida yuborilgan qutqaruv guruhiga o‘xshaymiz. Atigi bir nechta qutqaruvchi kimnidir topsa-da, guruhning barcha a’zolari muhim ishda qatnashgan hisoblanadi. Va’zgo‘ylik xizmatimiz haqida ham xuddi shunday aytsak bo‘ladi. Shaytonning bu dunyosida qancha ko‘p odam qutqarilib qolishini bilmaymiz. Ammo Yahova ularga ko‘maklashish uchun birortamizdan foydalanishi mumkin. Boliviyadagi Andres quyidagicha dedi: «Kimdir Muqaddas Kitobdagi haqiqatni o‘rganib, suvga cho‘mganida buni guruhning harakatlari natijasi, deb bilaman». Keling, xizmatimizga nisbatan xuddi shunday ijobiy nuqtai nazarni rivojlantiraylik. Shunday qilsak, Yahova bizga baraka beradi va voizlik xizmati quvonch manbaiga aylanadi.

66-QO‘SHIQ Xushxabarni e’lon qilamiz

^ 5- x.b. Odamlar uyida bo‘lmaganida yoki xushxabarga qiziqish ko‘rsatmaganida qay yo‘sin xizmatga nisbatan ijobiy nuqtai nazarni saqlay olamiz? Ushbu maqolada ijobiy nuqtai nazarimizni saqlab qolishga yordam beradigan bir nechta maslahatni ko‘rib chiqamiz.

^ 7- x.b. Va’zgo‘ylar ushbu maqolada keltirilgan va’z qilish usullaridan ma’lumotlarni muhofaza qilish qonunlariga muvofiq tarzda foydalanishi kerak.

^ 60- x.b. RASMGA SHARH. (tepadan pastga). Juftlik odamlarni uyida uchratish qiyin bo‘lgan hududda va’z qilyapti. Birinchi uy egasi ishda, ikkinchisi shifokor qabulida, uchinchisi esa do‘konda. Ular birinchi uy egasinikiga o‘sha kuni sal keyinroq kelib, u bilan suhbatlasha oldi. Kasalxona yonida adabiyot aravachasi bilan va’z qilayotganda esa ular ikkinchi uy egasini uchratdi. Uchinchi uy egasi bilan telefon orqali gaplasha oldi.