Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TARJIMAI HOL

«Boshqalardan ko‘p narsani o‘rgandim»

«Boshqalardan ko‘p narsani o‘rgandim»

ZIM-ZIYO qorong‘i tun edi. Men xizmat qilgan fransuz qo‘shini Jazoir tog‘larida qarorgoh qurgandi. U yerdagi urush avjiga chiqqan palla edi. Qo‘limda qurol bilan qum solingan qoplar orasida yolg‘iz o‘zim qorovullik qilayotgandim. Kutilmaganda kimdir kelayotganining shitirlashidan sokinlik buzildi. Qo‘rquvdan qotib qoldim. Juda yosh edim va o‘lishni yoki kimnidir o‘ldirishni istamasdim. Baland ovozda: «Xudo, ey Xudo!» — deb aytdim.

O‘sha qo‘rqinchli voqea hayotimni o‘zgartirib yubordi. O‘shanda Xudo haqida bilib olishga kirishgan edim. Lekin o‘sha tundan so‘ng nimalar bo‘lganini aytib berishimdan oldin, keling, bolaligim fikrlash tarzimga qay yo‘sin ta’sir qilgani va Xudoni tanib-bilishga qalbimni tayyorlagani haqida so‘zlab beray.

OTAMDAN OLGAN ILK SABOQLAR

1937-yili Fransiya shimolidagi Genen kon shaharchasida tug‘ilganman. Konchi bo‘lgan otamdan og‘ir mehnat qilish muhim ekanini o‘rgandim. Qolaversa, otam juda adolatparvar edi va og‘ir sharoitlarda sabr-bardosh ila mehnat qilgan konchilarning manfaatini ko‘zlab harakat qilardi. Uning bu nuqtai nazari menga ham o‘tdi. Otam ularning vaziyatini yaxshilashga harakat qilib, kasaba uyushmalari va konchilar huquqlarini himoyalaydigan tashkilotlarga a’zo bo‘ldi. Shuningdek, ruhoniylar orasidagi ikkiyuzlamachilikni ko‘rib, otamning hafsalasi pir bo‘ldi. Ularning ko‘pi hashamatli sharoitlarda yashasa-da, bazo‘r kun ko‘rgan konchilardan oziq-ovqat va pul so‘rardi. Otam ruhoniylarning xulqidan juda nafratlanganidan menga din borasida bilim bermagan. Umuman olganda, Xudo haqida hech ham gaplashmaganmiz.

Ulg‘ayganim sayin men ham adolatsizlikdan nafratlana boshladim. Fransiyada yashovchi chet elliklarga nohaq munosabat ko‘rsatilgani menga qattiq botardi. Muhojirlarning bolalari bilan futbol o‘ynardik va ular bilan vaqt o‘tkazishni yoqtirardim. Buning ustiga, onam fransuz emas, polyak edi. Turli irqdagi odamlar tinchlikda yashashini va hammaga bir xil munosabat ko‘rsatilishini xohlardim.

HAYOT BORASIDA JIDDIYROQ O‘YLAY BOSHLADIM

Harbiy xizmatni o‘taganda

1957-yili harbiy xizmatga chaqirildim. Shunday qilib, yuqorida aytib bergan Jazoir tog‘laridagi tunda bo‘lib o‘tgan voqea men bilan yuz bergan edi. Baland ovozda: «Xudo, ey Xudo!» — deb aytgandan keyin dushman askarini emas, balki yovvoyi eshakni ko‘rib qoldim. Yelkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Ammo o‘sha voqea va urush hayot mazmuni borasida jiddiyroq o‘ylashimga sabab bo‘ldi. Nega bu dunyoga kelganmiz? Xudo bizga g‘amxo‘rlik qilyaptimi? Qachondir tinchlik bo‘ladimi?

Keyinroq ota-onamni ko‘rishga uyga kelganimda, Yahovaning Shohidi bilan tanishdim. U menga Muqaddas Kitobning fransuz katolik tarjimasini berdi. («La Sainte Bible») Jazoirga qaytgach, uni o‘qiy boshladim. Vahiy 21:3, 4- oyatlar meni o‘ylantirib qo‘ydi. U yerda shunday deyilgan: «Allohning chodiri insonlar orasida. [...] O‘shanda Xudo ularning ko‘zidagi har qanday yoshni artib oladi. O‘lim, motam, faryod va og‘riq boshqa bo‘lmaydi» *. Bu so‘zlardan lol qoldim. Bu rost bo‘lishi mumkinmi, deb hayron bo‘ldim. O‘sha paytda Xudo va Muqaddas Kitob borasida deyarli hech narsa bilmasdim.

1959-yili harbiy xizmatni o‘tagach, Frankois ismli Yahovaning Shohidi bilan tanishdim. U menga Muqaddas Kitobdagi ko‘pgina haqiqatlarni o‘rgatdi. Masalan, Frankois Muqaddas Kitobdan Xudoning yagona ismi Yahova ekanini ko‘rsatdi. (Zab. 83:18) Qolaversa, Yahova yer yuzida adolat o‘rnatishini va uni jannatga aylantirishini hamda Vahiy 21:3, 4 dagi so‘zlarni amalga oshirishini tushuntirib berdi.

O‘sha ta’limotlar mantiqan to‘g‘ri edi va ular qalbimni zabt etdi. Lekin shu bilan bir vaqtda ruhoniylardan ham achchig‘im chiqqandi va ular Muqaddas Kitobda yozilmagan narsalarni odamlarga o‘rgatayotgani uchun ularga qarshi chiqmoqchi edim. O‘shanda ham otam kabi fikr yuritardim. Adolatsizlik bilan kurashmoqchi edim, kutishga sabrim yetmasdi. Zudlik bilan nimadir qilmoqchi edim.

Frankois va yaqinda do‘stlashgan Shohidlar tinchlanishimga yordam berdi. Ular menga biz masihiylar sifatida odamlarni hukm qilish emas, balki Xudoning Shohligi haqidagi xushxabarni aytib, ularga yordam berishimizni tushuntirdi. Isoning o‘zi ham bu ishni bajargan va shogirdlariga ham bu vazifani topshirgan. (Mat. 24:14; Luqo 4:43) Bundan tashqari, odamlarning e’tiqodi qanday bo‘lmasin, ular bilan hurmat va muloyimlik ila gapirishga o‘rganishim kerak bo‘ldi. Chunki Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Rabbimizning quli esa janjalkash bo‘lmasin. Aksincha, hamma bilan muloyim... bo‘lsin». (2 Tim. 2:24)

Men kerakli o‘zgarishlar qildim va 1959-yili tuman anjumanida Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mdim. U yerda Anjela bilan tanishdim va uni yoqtirib qoldim. Uning jamoatiga qatnay boshladim va 1960-yili turmush qurdik. U chindan ham bebaho ayol, ajoyib rafiqa va Yahovadan qimmatbaho hadyadir. (Hik. 19:14)

To‘y kunimizda

DONO VA TAJRIBALI INSONLARDAN KO‘P NARSANI O‘RGANDIM

Yillar osha dono va tajribali birodarlardan ko‘pgina muhim narsalarni o‘rgandim. Saboqlarimdan biri quyidagicha: har qanday qiyin topshiriqni bajarishda muvaffaqiyatga erishish uchun kamtarin bo‘lishimiz va Hikmatlar 15:22 dagi dono maslahatga amal qilishimiz kerak. U yerda shunday deyilgan: «Maslahatchi ko‘p bo‘lsa, ular amalga oshadi».

Fransiyada tuman nozirlik xizmatida, 1965

1964-yili bu ilhomlantirilgan so‘zlar qanchalar chin ekanini ko‘ra boshladim. O‘sha yili men tuman noziri bo‘lib xizmat qilishni boshladim va birodarlarga dalda berib, ularni ma’nan mustahkamlash uchun jamoatlarga tashrif buyurardim. Biroq o‘shanda 27 yoshda edim va uncha tajribali emasdim. Shu bois, xatolar qilib turardim. Ammo ulardan saboq chiqarishga intilardim. Asosiysi, qobiliyatli va tajribali maslahatchilardan ko‘pgina qimmatli saboqlar oldim.

Ilk marotaba qanday saboq olganimni eslayman. Parijda jamoatga tashrif buyurganimdan so‘ng ma’nan yetuk bitta birodar alohida gaplashib olishni so‘radi, men rozi ekanimni aytdim.

U mendan: «Lois, shifokor chaqirilganida, u kimni ko‘rishga keladi?» — deb so‘radi.

Men: «Kasalni-da»,— dedim.

Keyin u shunday dedi: «To‘g‘ri. Lekin men shunga e’tibor berdimki, siz ko‘p vaqtingizni jamoat oqsoqoli kabi ma’nan yetuk insonlar bilan o‘tkazyapsiz. Jamoatimizda ruhi tushgan, yaqinda suvga cho‘mgan yoki tortinchoq ko‘pgina birodar-u opa-singillarimiz bor. Ular bilan vaqt o‘tkazsangiz va hatto uylariga ovqatlanishga borsangiz, ular rosa dalda oladi».

O‘sha qadrli birodarning maslahati ham amaliy, ham bebaho edi. Yahovaning qo‘zichoqlariga bo‘lgan sevgisi menga qattiq ta’sir qildi. Shu bois, mag‘rurlikni chetga surib, u aytgan maslahatga zudlik bilan amal qila boshladim. U kabi birodarlar borligi uchun Yahovadan minnatdorman.

1969 va 1973-yillari Kolumbusda (Parij) xalqaro anjumandagi oziq-ovqat bo‘limiga nozir etib tayinlandim. 1973-yili bo‘lib o‘tgan anjumanda taxminan 60 000 kishiga 5 kun davomida oziq-ovqat taqdim etish kerak edi. Rostini aytsam, bu meni cho‘chitgandi. Biroq yana bir bor muvaffaqiyatga erishishning kaliti Hikmatlar 15:22 da edi, ya’ni boshqalar bilan maslahatlashish. Oziq-ovqat sanoatida tajribaga ega bo‘lgan ma’nan yetuk birodarlardan maslahat so‘radim. Masalan, ular orasida qassob, dehqon, oshpaz va savdo bilan shug‘ullanadiganlar bor edi. Birgalikda tog‘day ko‘ringan vazifani uddaladik.

1973-yili xotinim ikkimiz Fransiyadagi Baytilga xizmat qilishga taklif etildik. U yerda olgan birinchi vazifam ham oson bo‘lmadi. Men Kamerundagi (Afrika) birodarlarimizga adabiyot etkazishim kerak edi. 1970–1993-yillar davomida u yerda faoliyatimiz taqiqlangan edi. O‘shanda ham bu vazifani qanday bajarar ekanman, deb o‘ylardim. Fransiyada filial noziri bo‘lib xizmat qilgan birodarimiz menga quyidagicha dalda berdi: «Kamerundagi imondoshlarimiz ma’naviy ozuqaga juda ham muhtoj. Ularning bu ehtiyojini qondirishimiz kerak». Biz aynan shunday yo‘l tutdik.

Nigeriyada Kamerundan kelgan imondoshlar bilan maxsus uchrashuvda, 1973

Kamerunlik oqsoqollar bilan uchrashish maqsadida Kamerunga chegaradosh mamlakatlarga bir necha bor safarga bordim. Ular juda ham jasoratli va dono bo‘lib imondoshlarimizga muntazam ravishda adabiyotlarni etkazish uchun turli yo‘llarni topishga ko‘maklashgan. Yahova urinishlarimizga baraka berdi. Misol uchun, taxminan 20-yil davomida o‘sha mamlakatda yashovchilar «Qo‘riqchi minorasi»ning va «Ilohiy xizmatimiz» deb nomlangan har oy chiqqan adabiyotimizning hech bir sonini o‘tkazib yubormadi.

Anjela va men Nigeriyada Kamerundan kelgan tuman nozirlari va ularning xotinlari bilan, 1977

QADRLI RAFIQAMDAN KO‘P NARSANI O‘RGANDIM

Uchrashishni boshlaganimizdanoq Anjela Yahova bilan qalin munosabatlarga ega ekanini payqadim. Oilaviy hayotimizda uning fazilatlari yanada namoyon bo‘ldi. Darhaqiqat, to‘yimiz bo‘lgan kuniyoq oqshomda u Yahovaga juftlik sifatida to‘la vaqtli xizmat qilish istagimiz to‘g‘risida ibodat qilishimni so‘radi. Yahova o‘sha ibodatimizga javob berdi.

Qolaversa, Anjela Yahovaga ko‘proq tayanishimga ko‘maklashdi. Masalan, 1973-yili bizni Baytilga taklif qilishganida, ikkilangandim. Chunki tuman nozirlik xizmatini yoqtirardim. Ammo Anjela hayotimizni Yahovaga bag‘ishlaganimizni eslatdi. Yahovaning tashkiloti bizga nimaiki aytsa, shuni qilishimiz kerak emasmi, dedi. (Ibron. 13:17) U butunlayin haq edi. Shunday qilib, Baytil xizmatini boshladik. Butun hayotimiz mobaynida xotinim fahm-farosatli, aqli raso va ma’naviy nuqtai nazarga ega bo‘lgani uchun nikohimiz mustahkam edi va to‘g‘ri qarorlar chiqarishimizga ko‘maklashdi.

Baytil bog‘ida Anjela ikkimiz, Fransiya

Yoshimiz o‘tar ekan, Anjela ajoyib va qo‘llab-quvvatlashga tayyor turmush o‘rtoq bo‘lishda davom etmoqda. Misol uchun, tashkilotimizning ko‘pgina maktablari ingliz tilida o‘tadi. Ularda o‘qish uchun Anjela ikkalamiz bu tilni yaxshilab o‘rganishga harakat qildik. Yoshimiz 70 dan o‘tgan bo‘lsa ham, ingliz tilidagi jamoatga qatnay boshladik. Yangi tilni o‘rganish oson bo‘lmadi, sababi Fransiya Filial qo‘mitasining a’zosi edim va mas’uliyatlarim ko‘p edi. Biroq Anjela bilan bir-birimizga yordam berardik. Hozir yoshimiz 80 dan oshgan va yig‘ilishlarga ham ingliz, ham fransuz tilida tayyorlanamiz. Shuningdek, qo‘limizdan kelgancha tez-tez yig‘ilishlarda qatnashish va jamoat bilan hamkorlik qilish uchun harakat qilamiz. Yahova ingliz tilini o‘rganish uchun qilayotgan harakatlarimizga baraka beryapti.

2017-yili yana bir ajoyib barakaga ega bo‘ldik. Anjela va meni Filial qo‘mitasi a’zolari va ularning xotinlari uchun maktabga taklif qilishdi. Bu maktab Pattersondagi (Nyu-York) Qo‘riqchi Minorasi Jamiyatining o‘quv-ta’lim markazida bo‘lib o‘tdi.

Tangri Yahova chindan ham Buyuk Ustozdir. (Ishayo 30:20) Shu bois, Uning xalqidagi barcha — yosh-u qari — eng a’lo ta’lim olishi ajablanarli emas. (Qonun. 4:5–8) Darhaqiqat, shuni kuzatdimki, ham Yahovaga, ham tajribali birodar-u opa-singillarga quloq soladigan yoshlar hayotda donolik ila qarorlar chiqarib, Yahovaning sadoqatli xizmatchilariga aylanadi. Hikmatlar 9:9 da shunday deyilgan: «Donoga o‘git ber, u yanada donoroq bo‘ladi. Odil kishiga ta’lim ber, u bilimiga bilim qo‘shadi».

Ba’zida Jazoir tog‘larida deyarli 60-yil oldin bo‘lgan zim-ziyo va qo‘rqinchli tunni eslab turaman. O‘shanda oldinda meni shunday yaxshi kunlar kutayotganini bilmagan edim. Boshqalardan juda ko‘p narsani o‘rgandim. Yahova ham menga, ham Anjelaga ajoyib, mazmunli hayotni baxsh etdi. Shu bois, samoviy Otamizdan va Uni sevuvchi dono, tajribali birodar-u opa-singillardan o‘rganishda davom etish qarorimiz qat’iy.

^ 11- x.b. «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi».