Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

44-TADQIQ MAQOLASI

Umidingizni mustahkam saqlang

Umidingizni mustahkam saqlang

Yahovaga umid bog‘la. ZAB. 27:14

144-QO‘SHIQ Sovringa qarab choping!

BU MAQOLADA a

1. Yahova bizga qanday umid bergan?

 TANGRI YAHOVA bizga abadiy yashash kabi ajoyib umid baxsh etgan. Ba’zilar o‘lmas ruhiy shaxs sifatida osmonda mangu yashashga umid qiladi. (1 Kor. 15:50, 53) Ko‘plar esa mukammal sog‘lik va baxtga ega bo‘lib, yer yuzida abadiy yashashni intiqib kutadi. (Vah. 21:3, 4) Osmonda yoki yer yuzida yashashga umid qilamizmi, umidimiz biz uchun qimmatbaho.

2. Umidimiz nimaga asoslangan va nega bunday ayta olamiz?

2 Muqaddas Kitobga ko‘ra, «umid yaxshi narsalar sodir bo‘lishini kutishni» anglatadi. Umidimiz amalga oshishiga ishonamiz, sababi uni Yahovaning O‘zi beryapti. (Rim. 15:13) U nimalarni va’da qilganini va doim so‘zida turishini bilamiz. (Sah. 23:19) Yahova va’dalarini amalga oshirish uchun ham xohish, ham kuch-qudratga ega. Ha, umidimiz shunchaki xomxayol va orzularga emas, balki ishonchli dalillarga asoslangan.

3. Bu maqolada nimalarni bilib olamiz? (Zabur 27:14)

3 Samoviy Otamiz bizni yaxshi ko‘radi va Unga tayanishimizni xohlaydi. (Zabur 27:14 ni o‘qing.) Umidimiz tirik bo‘lsa, qiyinchiliklarni yenga olamiz va nima bo‘lishidan qat’i nazar jasoratli hamda baxtiyor bo‘lamiz. Keling, nega umid langar va dubulg‘a bilan solishtirilganini ko‘rib chiqaylik. Keyin esa uni tirik saqlashimizga nima yordam berishi haqida so‘z yuritaylik.

UMIDIMIZ LANGAR KABIDIR

4. Nima uchun umid langarga o‘xshatilgan? (Ibroniylarga 6:19)

4 Havoriy Pavlus ibroniylarga yozgan maktubda umidimizni langarga o‘xshatgan. (Ibroniylarga 6:19 ni o‘qing.) U tez-tez dengizda sayohat qilardi. Shunga kema bir joyda turishi uchun langarlardan foydalanilganini bilgan. Bir safar dengizda bo‘ron ko‘tarilganida Pavlus kemada bo‘lgan. O‘shanda dengizchilar kema qoyalarga urilib ketmasligi uchun langarlarni suvga tashlashganini ko‘rgan. (Havor. 27:29, 39–41) Xuddi shunday umidimiz bizni mustahkamlab, bo‘ron kabi qiyinchiliklarga duch kelganimizda Yahovadan uzoqlashmaslikka yordam beradi. Qiyinchiliklarga duch kelganimizda, u xotirjamlikni saqlashga ko‘maklashadi. Chunki yaxshi narsalar hali oldinda ekaniga ishonamiz. Yodingizda bo‘lsin, Iso bizni ta’qib qilishlari haqida ogohlantirgan. (Yuhan. 15:20) Shunday ekan, va’da qilingan kelajagimiz haqida mulohaza yuritish haqiqat yo‘lida qolishimizga yordam beradi.

5. Iso o‘lishini bilsa-da, qay yo‘sin umid unga sadoqatli qolishga yordam bergan?

5 Iso uni dahshatli o‘lim kutayotganini bilsa-da, qay yo‘sin umid unga sadoqatli qolishga yordam berganini ko‘rib chiqaylik. Mil. 33-yili Hosil bayramida havoriy Butrus Iso xotirjamlikni saqlagani borasida Zaburdagi ushbu bashoratni aytgan: «Endi men umid bilan yashayman. Zero Sen meni mozorda tashlab ketmaysan, sadoqatli xizmatching chirishiga yo‘l qo‘ymaysan... Huzuringda meni shod-xurram qilasan». (Havor. 2:25–28; Zab. 16:8–11) Garchi Iso o‘lishini bilsa-da, Alloh uni tiriltirishiga va osmonda yana U bilan birga bo‘lishiga qattiq ishongan. (Ibron. 12:2, 3)

6. Leonard Chin umid haqida nima degan?

6 Umid ko‘p imondoshlarga qiyinchiliklarni yengishga ko‘maklashgan. Angliyada yashagan Leonard Chin ismli birodarimizning misolini olaylik. U Birinchi jahon urushida qo‘liga qurol olishdan va harbiylarga qo‘shilishdan bosh tortgani uchun qamalgan. Ikki oy birodarimiz yakka o‘zi qamoqda o‘tirgan. So‘ng uni og‘ir mehnat qilishga majburlashgan. U shunday deb bo‘lishdi: «Boshdan kechirganlarimdan sabr-bardosh qilish uchun umid juda muhim ekanini tushundim. Iso, havoriylar va payg‘ambarlarning o‘rnagi hamda Muqaddas Kitobdagi ajoyib va’dalar haqida o‘ylash menga yordam berdi. Bu kelajakka umid bog‘lashimga va sabr-bardoshli bo‘lishimga qo‘l keldi». Leonard birodarimizning vaziyatida bo‘lganidek, umid biz uchun ham langarga aylanishi mumkin.

7. Qay yo‘sin qiyinchiliklar umidimizni mustahkamlaydi? (Rimliklarga 5:3–5; Yoqub 1:12)

7 Qiyinchiliklar va sinovlarni yengishda Yahovaning yordamini ko‘rganimizda, U bizdan mamnun ekanini tushunamiz. Bu umidimizni yanada mustahkamlaydi. (Rimliklarga 5:3–5; Yoqub 1:12 ni o‘qing.) O‘shanda umidimiz haqiqatni ilk bor bilgan paytga qaraganda yanada mustahkam bo‘ladi. Shayton tashvishlar bizni ko‘mib qo‘yishini istaydi. Lekin Yahovaning yordami bilan har qanday qiyinchilikni yenga olamiz.

UMIDIMIZ DUBULG‘A KABIDIR

8. Nega umid dubulg‘a bilan solishtirilgan? (1 Salonikaliklarga 5:8)

8 Muqaddas Kitobda umid dubulg‘a bilan ham solishtirilgan. (1 Salonikaliklarga 5:8 ni o‘qing.) Dubulg‘a askarning boshini dushmanlarning zarbalaridan himoya qiladi. Ma’naviy jangda ham ongimizni Shaytonning hujumlaridan himoya qilishimiz lozim. U bizni vasvasaga solish va ongimizni zaharlash uchun qo‘ldan kelgancha harakat qiladi. Dubulg‘a askarning boshini himoya qilgani kabi, umidimiz ham ongimizni himoya qiladi. Bu bizga Yahovaga sadoqatli qolishga yordam beradi.

9. Umidi yo‘q insonlar bilan nima yuz beradi?

9 Umidimiz to‘g‘ri yo‘l tutishga va dono qaror chiqarishga ko‘maklashadi. U sustlashsa va biz nuqul o‘z istaklarimiz haqida o‘ylayversak, abadiy hayotga ega bo‘lish maqsadini ko‘zdan qochirishimiz hech gap emas. Keling, Korinfda yashagan ba’zi masihiylarning misoliga diqqat qarataylik. Ular Xudoning muhim bir va’dasini, ya’ni tirilishga bo‘lgan umidini unutgan. (1 Kor. 15:12) Pavlus ularga tirilishga ishonmaydigan odamlar faqat o‘z istaklarini qondirish uchun yashashini aytgan. (1 Kor. 15:32) Hozir ham ko‘plar Allohning va’dalariga ishonmaydi va huzur-halovat qilib yashashni afzal ko‘radi. Biroq biz ulardan farq qilamiz va Uning va’dalariga ishonamiz. Umidimiz dubulg‘a kabi ongimizni himoya qiladi va faqatgina o‘zimiz haqda o‘ylamaslikka yordam beradi. Inson o‘zi haqida haddan tashqari ko‘p o‘ylasa, Yahova bilan munosabatlariga zarar yetkazishi mumkin. (1 Kor. 15:33, 34)

10. Qay yo‘sin umid bizni noto‘g‘ri fikrlardan himoya qila oladi?

10 Umidimiz: «Yahovani hech qachon mamnun qila olmayman»,— degan fikrdan bizni himoya qiladi. Misol uchun, ba’zilar shunday o‘ylaydi: «Men abadiy yashashga loyiq emasman, bunga arzimayman. Xudoning me’yorlariga hech qachon mos kela olmayman». Ayubning soxta do‘sti Elifaz ham shunday fikr bildirgan: «O‘tkinchi inson qanaqasiga Xudoning nazarida pok bo‘lishi mumkin?!.. Axir U O‘z farishtalariga ham ishonmaydi-ku. Hatto osmon-u falak Uning nazarida pok emas-ku». (Ayub 15:14, 15) Bu g‘irt yolg‘on! Bunday fikrlar ortida Shayton turganini unutmang. Agar shunday fikrlashda davom etsangiz, umidingizni yo‘qotishingizni Shayton juda yaxshi biladi. Shuning uchun bu kabi yolg‘onlarni rad etib, e’tiboringizni Yahovaning va’dalariga qarating. U abadiy yashashingizni va bunga erishishda sizga yordam berishni xohlayotganidan hech qachon shubhalanmang. (1 Tim. 2:3, 4)

UMIDINGIZNI MUSTAHKAM SAQLANG

11. Yahovaning va’dalari amalga oshishini kutayotib, nega sabrli bo‘lishimiz kerak?

11 Umidimizni mustahkam saqlash doim ham oson emas. Yahova O‘z va’dalarini qachon amalga oshirar ekan, deb sabrsizlik qilishimiz mumkin. Lekin shuni unutmasligimiz kerakki, Yahova doim mavjud bo‘lgan va Uning vaqtga nisbatan nuqtai nazari biznikidan farq qiladi. (2 Butr. 3:8, 9) U va’dalarini eng a’lo tarzda amalga oshiradi. Ammo bu biz kutgan paytda bo‘lmasligi mumkin. Xudoning va’dalari amalga oshishini kutayotib, umidimizni mustahkam saqlashga nima yordam beradi? (Yoqb. 5:7, 8)

12. Ibroniylarga 11:1, 6 ga binoan, imonimiz nima bilan bog‘liq?

12 Tangri Yahovadan uzoqlashmasak, umidimiz mustahkam bo‘ladi. Zero, birgina U porloq kelajakni kafolatlay oladi. Darhaqiqat, Yahova mavjudligidan shubhalanmasak, «Uni astoydil izlayotganlarni mukofotlashiga ishonamiz». (Ibroniylarga 11:1, 6 ni o‘qing.) Yahova mavjud Shaxs ekaniga qancha ko‘p ishonsak, U va’dalarini amalga oshirishiga shuncha ko‘p ishonamiz. Keling, Xudo bilan do‘stlashishga va umidimizga ko‘z tikishga ko‘maklashadigan ba’zi qadamlarga ahamiyat beraylik.

Ibodat va mulohaza umidimizni mustahkam saqlashga yordam beradi (13–15-xatboshilariga qarang.) b

13. Qay yo‘sin Xudoga yaqinlasha olamiz?

13 Yahovaga ibodat qilib, Kalomini o‘qing. Xudoni ko‘ra olmasak-da, Unga yaqinlasha olamiz. Yahova bizni tinglashiga amin bo‘lib, Unga ibodat qilishimiz mumkin. (Yerm. 29:11, 12) Uni tinglash uchun esa Kalomini o‘qib, mulohaza yuritishimiz kerak. Yahova sadoqatli xizmatchilariga qanday g‘amxo‘rlik qilgani haqida o‘qib, umidimizni mustahkamlaymiz. Xudoning Kalomidagi barcha narsalar «nasihat olishimiz uchun yozilgan. Toki ular tufayli sabr-bardoshli bo‘lib hamda tasalli topib, umidga ega bo‘laylik». (Rim. 15:4)

14. Yahova boshqalarga g‘amxo‘rlik qilgani borasida nega mulohaza yuritishimiz kerak?

14 Yahova va’dalarini qay yo‘sin amalga oshirgani borasida mulohaza yuriting. Keling, Ibrohim bilan Soraning vaziyatini ko‘rib chiqaylik. Farzandli bo‘lish uchun ularning yoshi o‘tib qolgandi. Lekin Xudo ularga farzand ko‘rishini va’da bergan. (Ibt. 18:10) Ibrohim bunga qanday munosabat ko‘rsatgan? Muqaddas Kitobda: «Ibrohim ko‘p xalqlarning otasi bo‘lishiga... ishonib yurgan»,— deb aytilgan. (Rim. 4:18) Insoniy nuqtai nazardan bu vaziyat chorasizday ko‘rinsa ham, Ibrohim Yahova va’dalarini amalga oshirishiga ishongan. U tushkunlikka tushmagan. (Rim. 4:19–21) Bu kabi misollardan quyidagicha saboq olishimiz mumkin: imkonsizday tuyulgan vaziyatlarda ham Yahova hamisha va’dalarini amalga oshirishiga ishonsak bo‘ladi.

15. Nega Xudo shaxsan biz uchun qilgan narsalar haqida fikr yuritishimiz kerak?

15 Yahova siz uchun nimalar qilgani ustida fikr yuriting. Uning Kalomidagi va’dalar amalga oshganidan shaxsan siz qanday foyda olganingiz haqida o‘ylang. Masalan, Iso samoviy Otamiz yashashimiz uchun kerakli hamma narsani berishini va’da qilgan. (Mat. 6:32, 33) Shuningdek, u muqaddas ruh so‘raganimizda Yahova bizga uni berishini aytgan. (Luqo 11:13) Alloh hamma va’dalarining ustidan chiqyapti. U shaxsan sizga tegishli boshqa va’dalarni qanday amalga oshirayotgani haqida ham fikr yuriting. Misol uchun, U gunohlaringizni kechiryapti, sizga tasalli beryapti va ma’nan oziqlantiryapti. (Mat. 6:14; 24:45; 2 Kor. 1:3) Xudo siz uchun qilgan barcha narsalar to‘g‘risida fikr yuritish kelajak borasidagi va’dalarini ham amalga oshirishiga bo‘lgan umidingizni mustahkamlaydi.

UMIDINGIZ BO‘LGANI UCHUN SEVININGLAR

16. Nima uchun umidimizni qimmatbaho sovg‘a deb ayta olamiz?

16 Abadiy yashash umidimiz Yahovaning qimmatbaho sovg‘asidir. Bu ajoyib kelajakni intiqib kutyapmiz. Ushbu umid langar kabi bo‘lib, qiyinchiliklar, shiddatli ta’qiblar va o‘lim oldidagi qo‘rquvni yengish uchun bizga kuch beryapti. Shuningdek, umidimiz dubulg‘a kabi bo‘lib, ongimizni himoya qilyapti. Bu orqali noto‘g‘ri fikrlarni rad etib, to‘g‘ri ishlarni qila olyapmiz. Muqaddas Kitobga asoslangan umidimiz yordamida Yahovaga yanada yaqinlashyapmiz va U bizni qanchalik sevishini ko‘ryapmiz. Agar umidimizni mustahkam saqlasak, bundan ko‘p foyda olamiz.

17. Nega umidimiz bo‘lgani uchun sevina olamiz?

17 Havoriy Pavlus rimliklarga yo‘llagan maktubida «umidingiz bo‘lgani uchun sevininglar» deb barchani undagan. (Rim. 12:12) U sadoqatli qolsa, samodagi mukofotini olishiga ishongan. Bu unga quvonch keltirgan. Biz ham Yahova va’dalarini amalga oshirishiga amin bo‘lganimiz uchun umidimiz bilan sevina olamiz. Ha, sano bastakori yozganiday, «Tangrisi Yahovaga umid bog‘lagan kishi baxtlidir». Sababi U «hamisha ishonchli bo‘lib qoladigan Zotdir». (Zab. 146:5, 6)

139-QO‘SHIQ Yangi dunyoga sayr etaylik

a Tangri Yahova kelajakka nisbatan ajoyib umidni beryapti. Bu umid bizga tasalli baxsh etib, muammolarimizga haddan tashqari diqqat qaratmaslikka ko‘maklashyapti. Shuningdek, u Yahovaga xizmat qilish qarorimizni mustahkamlayapti. Qolaversa, uning yordamida fikr-xayolimizni bulg‘ashi mumkin bo‘lgan noto‘g‘ri narsalardan o‘zimizni himoyalaymiz. Ushbu maqolada bularning bari umidimizni mustahkam saqlashga qanday yordam berishini ko‘rib chiqamiz.

b RASMGA SHARH. Dubulg‘a askarning boshini himoya qiladi. Langar esa kema o‘z joyida turishiga ko‘maklashadi. Umidimiz ham ongimizni himoya qiladi va qiyin damlarda taslim bo‘lmaslikka yordam beradi. Opamiz ishonch bilan Yahovaga ibodat qilyapti. Birodar Yahova Ibrohim payg‘ambarga bergan va’dalarini qanday bajargani haqida fikr yurityapti. Boshqa birodar o‘zining barakalari haqida o‘ylayapti.