Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

43-TADQIQ MAQOLASI

Haqiqiy donolik jar solyapti

Haqiqiy donolik jar solyapti

Haqiqiy donolik ko‘chada jar soladi. Uning ovozi maydonlarda eshitiladi. HIK. 1:20

88-QO‘SHIQ Ochib ber menga yo‘llaringni

BU MAQOLADA a

1. Ko‘plar Muqaddas Kitobda yozilganlarga qanday munosabatda? (Hikmatlar 1:20, 21)

 KO‘P MAMLAKATLARDA odatda imondoshlarimiz serqatnov ko‘chalarda yo‘lovchilarga adabiyotlarimizni taklif qiladi. Ehtimol, siz ham bunday qilgandirsiz. Shunda Hikmatlar kitobidagi donolik maydonlarda eshitilishi haqidagi so‘zlarni eslagandirsiz. (Hikmatlar 1:20, 21 ni o‘qing.) Muqaddas Kitobdan va adabiyotlarimizdan «haqiqiy donolik», ya’ni Yahovaning donoligini topishimiz mumkin. Bu odamlar uchun kerak bo‘lib, abadiy hayotga yetaklaydi. Kimdir adabiyotimizni olsa rosa suyunamiz, ammo hamma ham bunday qilmaydi. Ayrimlar Muqaddas Kitobda yozilgan maslahatlarni rad etadi, boshqalar esa ustimizdan kuladi. Ularning fikricha, Muqaddas Kitob eskirib qolgan va ularga amal qilayotganlar shafqatsiz bo‘lib, boshqalarni tanqid qiladi. Biroq Yahova donoligini hammamizga mehr ila berib kelyapti. Qay yo‘sin?

2. Haqiqiy donolikka qanday ega bo‘lishimiz mumkin, lekin ko‘pchilik qanday yo‘l tutmoqda?

2 Yahova haqiqiy donolikka ega bo‘lishimiz uchun Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitobni taqdim etgan. Uni deyarli har bir inson o‘qishi mumkin. Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlar haqida nima desa bo‘ladi? Yahova baraka berayotgani uchun hozir ular 1 000 dan ziyod tillarda mavjud. Bu uchun Undan minnatdormiz. Ularni o‘qib, olayotgan bilimiga amal qilayotganlar foyda oladi. Lekin aksariyat insonlar Yahovaga quloq solishdan bosh tortyapti. Ular qaror chiqarayotganda o‘zlarining yoki atrofdagilarning fikrini ustun qo‘yadi. Qolaversa, Muqaddas Kitobdagi maslahatlarga amal qilayotganimiz uchun ular bizga past nazar bilan qarashi mumkin. Bu maqolada nega insonlar bunday yo‘l tutayotganining sababini muhokama qilamiz. Keling, boshida Yahovaning donoligiga qanday ega bo‘lishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

YAHOVA HAQIDAGI BILIM DONOLIKKA YETAKLAYDI

3. Chinakam donolikka ega bo‘lish uchun nima qilishimiz kerak?

3 Donolik to‘g‘ri qarorlar chiqarish uchun bilimdan foydalanish qobiliyatidir. Ammo haqiqiy donolik ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. Bu haqda Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Yahovadan qo‘rqish donolikning boshidir. Eng Muqaddas Zotni tanib-bilish aql-zakovat demakdir». (Hik. 9:10) Shunday ekan, muhim qaror oldida turganimizda, «Eng Muqaddas Zotni tanib-bilishimiz», ya’ni Yahovaning nuqtai nazarini anglab yetishimiz kerak. Buning uchun Muqaddas Kitob va unga asoslangan adabiyotlarni tadqiq qilishimiz lozim. O‘shanda haqiqiy donolikka ega ekanimizni ko‘rsatamiz. (Hik. 2:5–7)

4. Nega haqiqiy donolikni faqat Yahova bera oladi?

4 Faqat Yahova haqiqiy donolikni bera oladi. (Rim. 16:27) Nega U donolik Manbai? Birinchidan, Yahova Parvardigorimiz va biz qanday yaratilganimizni yaxshi biladi. (Zab. 104:24) Ikkinchidan, Uning barcha ishlarida donolik aks etadi. (Rim. 11:33) Uchinchidan, Yahovaning dono maslahatlariga amal qiladigan har bir kishi foyda oladi. (Hik. 2:10–12) Agar chinakamiga dono bo‘lishni istasak, qaror chiqarishimiz kerak bo‘lganda ushbu uchta narsani inobatga olishimiz lozim.

5. Odamlar haqiqiy donolikni rad etayotgani nimaga olib kelyapti?

5 Dunyodagi ko‘p insonlar tabiatdagi narsalardan hayratlansa-da, ular Xudoning yordamida emas, balki evolyutsiya natijasida paydo bo‘lgan, deb ta’kidlashadi. Boshqalar esa Xudoga ishonamiz deyishsa-da, Muqaddas Kitobdagi me’yorlar eski zamonniki deb, ular bo‘yicha yashashni xohlamaydi. Buning natijasi qanday? Odamlar Xudoning emas, o‘zining donoligiga tayanayotgani uchun dunyodagi ahvol yaxshilanib boryaptimi? Ular chinakam baxtga yoki umidga egami? Atrofimizdagi vaziyatni kuzatib, quyidagi so‘zlar rost ekaniga ishonch hosil qilamiz: «Yahovaga qarshi na donolik, na aql-idrok, na biron reja bor». (Hik. 21:30) Ha, Uning donoligini olishda davom etishimiz lozim. Afsuski, ko‘pchilik bunday qilmaydi. Nega?

NIMA UCHUN ODAMLAR HAQIQIY DONOLIKNI RAD ETYAPTI?

6. Hikmatlar 1:22–25 ga ko‘ra, haqiqiy donolikni kimlar tinglashni xohlamayapti?

6 Ko‘plar donolik «ko‘chada jar solganida» o‘zini eshitmaganga olyapti. Muqaddas Kitobga ko‘ra, bunday odamlar uch guruhga bo‘linadi. Ular «johillar», «mazaxchilar» va «nodonlar». (Hikmatlar 1:22–25 ni o‘qing.) Odamlar nega haqiqiy donolikni qabul qilmayotganini va biz ham ular kabi bo‘lmaslik uchun nima qilishimiz kerakligini ko‘rib chiqaylik.

7. Nega ba’zilar «johil» bo‘lishni tanlayapti?

7 «Johillar» so‘zi har bir gapga ishonib ketadigan, sodda, bilimsiz degan ma’noga ega. (Hik. 14:15) Ko‘pincha xizmatda bunday insonlarni uchratishimiz mumkin. Masalan, millionlab odamlar din yoki siyosat rahbarlari tomonidan aldangan. Ba’zilar buni bilgach, lol qoladi. Hikmatlar 1:22 da o‘z xohishi bilan johil bo‘lishni tanlagan insonlar haqida gap ketyapti. (Yerm. 5:31) Ular xohlaganini qilib, Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni o‘rganishni istamaydi va u yerdagi me’yorlarni pisand qilmaydi. Ko‘pchilik Kvebekdagi (Kanada) bir xudojo‘y ayol kabi fikr yuritadi. U imondoshimizga shunday degan: «Ruhoniyimiz bizni aldasa, bu bizning emas, uning aybi». Shubhasizki, bila turib o‘zini aldashga yo‘l qo‘yayotgan insonlarga o‘xshashni istamaymiz. (Hik. 1:32; 27:12)

8. Dono bo‘lishimizga nima yordam beradi?

8 Muqaddas Kitobga ko‘ra, johil emas, «idrok etishda... yetuk kishilarday bo‘lishimiz» kerak. (1 Kor. 14:20) U yerdagi me’yorlarni hayotimizda qo‘llab dono bo‘la olamiz. Shunda ular muammolarning oldini olishga va dono qarorlar chiqarishga yordam berishini ko‘ramiz. Bu borada qanday yaxshilanayotganimizni vaqti-vaqti bilan tekshirib tursak bo‘ladi. Aytaylik, qaysidir vaqt davomida Muqaddas Kitobni tadqiq qilyapsiz va yig‘ilishlarga boryapsiz, lekin hayotingizni Yahovaga bag‘ishlab, suvga cho‘mmagansiz. Bu qadamlarni qo‘yish uchun nima qilishingiz mumkin? Yoki suvga cho‘mgan bo‘lsangiz, va’zgo‘y va ta’lim beruvchi sifatida qanday yaxshilana olasiz? Muqaddas Kitobdagi me’yorlar asosida qarorlar chiqaryapsizmi? Boshqalar bilan munosabat qilganda Isoga taqlid qilyapsizmi? O‘zgarishimiz kerakligini sezsak, «tajribasiz kishini dono qiladigan» Yahovaning eslatmalari ustida chuqur mulohaza yuritishimiz lozim. (Zab. 19:7)

9. «Mazaxchilar» donolikni inkor etayotganini qanday ko‘rsatyapti?

9 Xudoning donoligini rad etayotgan ikkinchi guruhdagi odamlar «mazaxchilar». Gohida ularni xizmatda uchratamiz. Bunday odamlar boshqalarning ustidan kulishdan zavq oladi. (Zab. 123:4) Muqaddas Kitobda oxirzamonda mazaxchilar ko‘payib ketishi haqida aytilgan. (2 Butr. 3:3, 4) Sadoqatli Lutning kuyovlari kabi, ba’zilar Xudoning ogohlantirishiga e’tibor bermayapti. (Ibt. 19:14) Ko‘plar Muqaddas Kitob prinsiplari asosida yashayotganlarning ustidan kulyapti. Ular «behayo istaklariga binoan yo‘l tutishni» istayotgani uchun shunday qilyapti. (Yahd. 7, 17, 18) Muqaddas Kitobda mazaxchilarga berilgan bu ta’rif murtadlar va Yahovadan voz kechgan boshqa insonlarga mos kelyapti.

10. Zabur 1:1 ga binoan, mazaxchi bo‘lib qolishdan o‘zimizni qanday asray olamiz?

10 Mazaxchi bo‘lib qolmaslikka nima yordam beradi? Buning bir yo‘li tanqid qilish moyilligiga ega odamlardan yiroqlashish. (Zabur 1:1 ni o‘qing.) Bu degani, murtadlarning ma’lumotlarini o‘qimasligimiz va tomosha qilmasligimiz kerak. Tanqid qilish moyilligiga ega bo‘lishdan va Yahovadan hamda tashkilotimizdan olayotgan yo‘l-yo‘riqlardan shubhalanishdan ehtiyot bo‘lishimiz muhim. Shuning uchun, o‘zimizdan quyidagicha so‘rab ko‘raylik: «Biron yo‘l-yo‘riq olganda yoki tushunchamiz oydinlashganda salbiy fikr bildiramanmi? Mas’uliyatli birodarlarning xatolariga diqqat qaratishga moyilmanmi?» Bunday qilishdan yiroqlashsak, Yahovani quvontiramiz. (Hik. 3:34, 35)

11. «Nodonlar» Yahovaning axloqiy me’yorlariga qanday munosabat ko‘rsatadi?

11 Ilohiy donolikni rad etayotgan uchinchi guruhga «nodonlar» kiradi. Ular Xudoning axloqiy me’yorlari bo‘yicha yashashni istamay, o‘zlari to‘g‘ri deb bilgan ishni qilishadi. (Hik. 12:15) Qolaversa, ular donolikning Manbai bo‘lmish Tangri Yahovani rad etishadi. (Zab. 53:1) Xizmatda bunday insonlarni uchratganimizda, ilohiy me’yorlar bo‘yicha yashayotganimiz uchun ular bizni tanqid qilishsa-da, evaziga arzigulik hech qanday narsa taklif qila olishmaydi. Xudoning Kalomida: «Ahmoq donolikka erisha olmaydi, u shahar darvozasi oldida biron so‘z aytolmaydi»,— deb yozilgan. (Hik. 24:7) Ha, nodonlar hech qanday yaxshi maslahat bera olishmaydi. Yahova: «Ahmoqdan uzoqroq yur»,— deb bizni ogohlantirgani bejizga emas. (Hik. 14:7)

12. Nodonlar kabi yo‘l tutmasligimizga nima yordam beradi?

12 Dono maslahatdan nafratlanadigan kishilardan farqli ravishda biz Xudoning fikrlash tarziga taqlid qilib, axloqiy me’yorlariga bo‘lgan sevgimizni rivojlantiramiz. Bo‘ysunish va bo‘ysunmaslikning natijasini solishtirish orqali sevgimizni mustahkamlay olamiz. Nodonlarcha yo‘l tutib, Yahovaning dono maslahatini rad etganlar qanday muammolar orttirganiga e’tibor bering. Keyin esa Xudoga bo‘ysunayotganingiz uchun hayotingiz ularnikidan ancha yaxshiroq ekaniga diqqat qarating. (Zab. 32:8, 10)

13. Yahova bizni donoligini qabul qilishga majburlayaptimi?

13 Yahova hech kimni donoligini qabul qilishga majburlamayapti. Aksincha, buni taklif qilyapti. Kimdir bu donolikka parvo qilmasa, Xudo buning oqibati qanday bo‘lishini tushuntiryapti. (Hik. 1:29–32) Unga bo‘ysunmaslikni tanlagan insonlar «qilgan ishlarining mevasini totishadi». Ular ishlarining oqibatlaridan qiynalib, azob chekishadi. Natijada Yahova ularni yo‘q qilib tashlaydi. Uning dono maslahatlariga quloq solib, amal qilayotganlarga esa U shunday va’da beryapti: «Menga quloq solgan odam bexatar yashaydi. Falokat uni dahshatga solmaydi». (Hik. 1:33)

HAQIQIY DONOLIK BIZGA FOYDA KELTIRADI

Yig‘ilishlarda sharh berish Yahova bilan do‘stligimizni mustahkamlaydi (15-xatboshiga qarang.)

14, 15. Hikmatlar 4:23 dan nimani o‘rganishimiz mumkin?

14 Ilohiy donolik bizga doim foyda keltiradi. Ko‘rib chiqqanimizday, Yahovaning dono maslahatlariga bemalol ega bo‘lishimiz mumkin. Masalan, Hikmatlar kitobida hayotimiz davomida foyda keltiradigan amaliy maslahatlar yozilgan. Keling, ulardan to‘rttasiga e’tibor beramiz.

15 Majoziy yuragingizni asrang. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Har narsadan ko‘ra qalbingni asra, chunki u hayot manbaidir». (Hik. 4:23) Tom ma’nodagi yuragimizni himoyalash uchun nima qilishimiz kerakligi haqida o‘ylab ko‘ring. Buning uchun to‘g‘ri ovqatlanish, yetarlicha mashq qilish va yomon odatlardan qochishimiz lozim. Majoziy yuragimizni himoyalash uchun ham shunday qilishimiz kerak. Biz Xudoning Kalomini har kuni o‘qishimiz, yig‘ilishlarga tayyorgarlik ko‘rishimiz va sharhlar berishimiz lozim. Va’zgo‘ylikda faol bo‘lib, muntazam qatnashishimiz muhim. Shuningdek, fikrlarimizni bulg‘aydigan yomon odatlardan uzoqlashishimiz, masalan, axloqsiz o‘yin-kulgi, yomon xulq-atvorli odamlardan qochishimiz darkor.

Pulga nisbatan muvozanatli bo‘lish boriga shukur qilishga yordam beradi (16-xatboshiga qarang.)

16. Nega Hikmatlar 23:4, 5 biz uchun foydali?

16 Boriga shukur qiling. Muqaddas Kitobda shunday maslahat bor: «Boylik ko‘paytiraman deb zo‘riqma,.. boylikka nazar solgan zahoting, u g‘oyib bo‘ladi, burgutday qanot yozib, osmonga uchib ketadi». (Hik. 23:4, 5) Moddiy boyliklar vaqtincha. Lekin ham boylar, ham kambag‘allar hozirgi paytda pul topish bilan ovora. Buning uchun ular ko‘pincha obro‘siga, boshqalar bilan bo‘lgan munosabatiga va hatto sog‘ligiga putur yetkazadigan ishlarga qo‘l urishyapti. (Hik. 28:20; 1 Tim. 6:9, 10) Xudoning donoligi esa bizga pul haqida haddan tashqari tashvishlanmaslikka ko‘maklashyapti. Bunday nuqtai nazar bizni ochko‘zlikdan asrab, boriga shukur qilishimizga va baxtli bo‘lishimizga yordam beryapti. (Voiz 7:12)

Gapirishdan oldin o‘ylash boshqalarni so‘zlarimiz bilan jarohatlashdan asraydi (17-xatboshiga qarang.)

17. So‘zlarimiz «shifo berishi» uchun nima qilishimiz kerak? (Hikmatlar 12:18)

17 Gapirishdan oldin o‘ylang. Ehtiyot bo‘lmasak, so‘zlarimiz boshqalarga og‘riq keltirishi mumkin. Muqaddas Kitobda: «O‘ylamay aytilgan gap qilichday jarohatlaydi, dononing tili esa shifo beradi»,— deb aytilgan. (Hik. 12:18) Boshqalarni g‘iybat qilmasak, tinchlik bo‘lishiga hissa qo‘shamiz. (Hik. 20:19) So‘zlarimiz jarohat emas, shifo keltirishi uchun qalbimizni Xudoning Kalomidagi bilimlar bilan to‘ldirishimiz lozim. (Luqo 6:45) O‘qiganimiz ustida mulohaza yuritganimizda, so‘zlarimiz «donolik chashmasi»ga aylanib, boshqalarga dalda baxsh etadi. (Hik. 18:4)

Tashkilotimiz berayotgan yo‘l-yo‘riqlarga amal qilish xizmatda yaxshilanishimizga hissa qo‘shadi (18-xatboshiga qarang.)

18. Hikmatlar 24:6 xizmatda muvaffaqiyatli bo‘lishimizga qanday yordam beradi?

18 Yo‘l-yo‘riqqa amal qiling. Muqaddas Kitobda shunday foydali maslahat yozilgan: «Jang qilayotib oqilona yo‘l-yo‘riqqa tayan, g‘alaba maslahatchining ko‘pligidadir». (Hik. 24:6) Bu prinsipni qo‘llash va’zgo‘y va ta’lim beruvchi sifatida yaxshilanishimizga qanday yordam beradi? O‘zimiz bilganday va’z qilishning o‘rniga, berilgan yo‘l-yo‘riqlarga amal qilishimiz kerak. Yig‘ilishlarda boshqalar qay yo‘sin ta’lim berayotganidan o‘rgana olamiz. Bundan tashqari, Yahovaning tashkiloti adabiyotlar va videolar kabi samarali asboblarni taqdim etmoqda. Ular odamlarga Muqaddas Kitobni tushunishga yordam beradi. Siz ham ulardan samarali foydalanishni o‘rganyapsizmi?

19. Yahovaning donoligi haqida qanday fikrdasiz? (Hikmatlar 3:13–18)

19 Hikmatlar 3:13–18 ni o‘qing. Xudoning Kalomida amaliy maslahatlar borligidan juda minnatdormiz. Ularsiz hayotimiz qanday kechgan bo‘lardi-a?! Bu maqolada Hikmatlar kitobidagi ayrim maslahatlarni ko‘rib chiqdik. Lekin Muqaddas Kitobda yana ko‘pgina dono maslahatlar bor. Ularni hayotimizning har bir sohasida qo‘llashga intilaylik. Bu dunyodagi odamlar Xudoning donoligiga qanday munosabat ko‘rsatayotgani bizni umuman qiziqtirmaydi. Shunday ekan, keling, «[donolikka] mahkam tirmashganlar baxtli deb ataladi» degan so‘zlardan hech qachon shubhalanmaylik.

36-QO‘SHIQ Qalbingizni asrang

a Yahova berayotgan donolik bu dunyo taqdim etayotgan har narsadan afzalroq. Ushbu maqolada Hikmatlar kitobidagi qiziqarli so‘zlarni muhokama qilamiz. Qanaqasiga donolik shahar maydonida jar soladi? Shuningdek, haqiqiy donolikka qanday ega bo‘lishimiz va foyda olishimiz mumkinligini hamda nega ba’zilar uni rad etayotganini ko‘rib chiqamiz.